$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

20 million ovoz va minglab loyihalar: Tashabbusli byudjetda loyihalarning yetakchilikka erishishiga qaysi omillar ta’sir ko‘rsatdi?

Open byudjet

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024-yildagi ikki mavsumi yakunlari va tashabbus ko‘rsatishda ijtimoiy-iqtisodiy omillarning ahamiyati tahlil qilindi. Ushbu tahlil natijalari aholining tashabbus ko‘rsatishdagi faolligi va hududiy iqtisodiy farqlarni chuqurroq anglash imkonini berdi.

2024-yil davomida loyiha doirasida jami 63 049 ta tashabbus ilgari surilgan bo‘lib, shulardan 52 261 tasi saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Ushbu tashabbuslar uchun aholining 20,82 million ovozi yig‘ilgan va yakunda 4 774 loyiha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkichlar aholining loyihalarda faol ishtirokini va o‘z hududlari uchun tashabbus ko‘rsatishga tayyorligini yaqqol ko‘rsatadi.

Loyihalarning muvaffaqiyatida qaysi omillarning ta’siri katta bo‘ldi?

Tahlillar ijtimoiy-iqtisodiy omillar — tadbirkorlik darajasi, ishsizlik ko‘rsatkichi va aholi zichligi — loyihalarning muvaffaqiyat darajasida muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi.

Masalan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan tadbirkorlar soni tashabbuslarning umumiy soni bilan 0,51, g‘olib loyihalar soni bilan esa 0,61 koeffitsiyentga ega. Mablag‘ summasi bilan bu bog‘liqlik yanada yuqori bo‘lib, 0,71ni tashkil etadi. Bu natijalar hududlarda tadbirkorlikning rivojlanishi tashabbuslarning muvaffaqiyatli amalga oshishiga bevosita ta’sir etishini anglatadi.

Boshqa tomondan, ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda tashabbuslar kamroq ilgari surilgan va ular nisbatan kam muvaffaqiyatga erishgan. Bu ishsizlikning g‘olib loyihalar soni bilan salbiy bog‘liqligida ham namoyon bo‘lgan (-0,35).

Aholi zichligi yuqori hududlarda esa ovoz berish faolligi va tashabbuslarning muvaffaqiyat darajasi ijobiy o‘sishni ko‘rsatgan. Masalan, aholi sonining umumiy ovozlar soni bilan bog‘liqligi 0,77, g‘olib loyihalar summasi bilan esa 0,87 ni tashkil etdi.

Sog‘liqni saqlash, ta’lim va ichki yo‘llar

“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash eng muvaffaqiyatli yo‘nalish sifatida ajralib turdi. Ushbu yo‘nalishdagi loyihalar 26,0 balllik muvaffaqiyat indeksi bilan yetakchilik qildi. Undan keyingi o‘rinlarda oliy ta’lim muassasalarini ta’mirlash (20,4 ball) va umumta’lim maktablarini ta’mirlash (17,2 ball) loyihalari joy oldi.

Biroq ayrim yo‘nalishlar nisbatan past muvaffaqiyat ko‘rsatkichiga ega bo‘ldi. Ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish (1,4 ball) va mahalla guzarlarini ta’mirlash (1,3 ball) loyihalari bu borada boshqa sohalardan ortda qoldi. Bu natijalar mazkur yo‘nalishlardagi loyihalarning jamoatchilik e’tiboridan kamroq foydalanishini ko‘rsatadi.

Toshkent peshqadam, Xorazm – so‘nggi o‘rinlarda

Hududlar kesimida tahlillar Toshkent viloyatining loyihalarni amalga oshirishda eng yuqori muvaffaqiyat ko‘rsatkichiga ega ekanligini ko‘rsatdi. Viloyatda muvaffaqiyat indeksi 11,6ni tashkil etgan bo‘lib, bu eng yuqori ko‘rsatkichdir. Xorazm viloyati esa 5,0 indeks bilan eng past o‘rinni egalladi.

Shuningdek, kichik ma’muriy birliklar kesimida Kattaqo‘rg‘on shahri eng yuqori muvaffaqiyat ko‘rsatkichiga ega bo‘ldi (19,1), Tuproqqal’a tumani esa eng past ko‘rsatkichni qayd etdi (2,6). Bu farqlar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati va tashabbuslarni amalga oshirish salohiyatiga bog‘liq.

Loyiha yo‘nalishlari bo‘yicha ustuvorlik

Ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha loyihalar aholining eng katta qiziqishini jalb qilgan yo‘nalish bo‘ldi. Umumiy hisobda ushbu yo‘nalishda 1686 loyiha g‘olib deb topilib, umumiy g‘olib loyihalarning 35 foizini tashkil etdi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha loyihalar ham eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan yo‘nalishlardan biri bo‘ldi.

MHTI oʻtkazgan tadqiqotdan ma’lum boʻlishicha, loyihaning muvaffaqiyat darajasi ko‘p jihatdan hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlariga bog‘liq.