$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Amaldorlarning pora olishi kamayib, byudjet pullarini talon-toroj qilishi koʻpaygan

byudjet

O‘zbekistonda amaldorlarning pora berish va pora olish jinoyati kamayib, byudjet pullarini talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi korrupsiyaning yangi turlari ko‘paygan. Bu haqda 17-oktyabr kuni o‘tkazilgan IV Toshkent aksilkorrupsiya forumidan so‘ng jurnalistlarga intervyu bergan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ta’kidlab o‘tdi.

Uning qayd etishicha, statistikaga ko‘ra, 2019-yilga qadar pora berish va pora olish aksariyat jinoyatlarni tashkil qilgan. “Bugungi kunga kelib esa mansabdor shaxslar tomonidan pora berish va olish jinoyatlari keskin kamaygan, bu 10 foiz ham chiqmaydi. Lekin afsuski, korrupsiyaning yangi turlari — davlat byudjeti mablag‘larini talon-toroj qilish, firibgarlik, ya’ni mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlar, aksincha, ko‘paygan. Aynan poraxo‘rlik jinoyatlarining kamaygani davlat xizmatlarining raqamlashtirilgani bilan bog‘liq, hozirda fuqarolar onlayn, ya’ni inson omilisiz 400 dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanmoqda”, — dedi agentlik direktori.

Korrupsion jinoyatlar 12 foizga kamaygan

“Korrupsion jinoyatlar statistikasini ko‘radigan bo‘lsak, 2022-yilda 6 mingdan ortiq holat sodir etilgan. 2023-yilda bu jinoyatlar 12 foizga kamaygan. 10 yil oldin ham, 5 yil yo 3 yil avval ham mansabdor shaxslar korrupsion jinoyatga qo‘l urishgan hamda ularga nisbatan belgilangan tartibda jazo muqarrarligi ta’minlangan. 

Ammo oldinlari yuqori darajadagi mansabdorlarning korrupsiyaga qo‘l urgani ko‘pincha jamoatchilikka e’lon qilinmas edi. Bugun har bir korrupsion jinoyat u kim bo‘lishidan yoki mansabdor shaxsning darajasidan qat’iy nazar ommaga oshkor qilinyapti”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Uning aytishicha, 2024-yil iyun oyida prezident tomonidan imzolangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi ham mansabdor shaxslar orasida nepotizm, tanish-bilishchilik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yishning oldini olishga qaratilgan juda katta chora hisoblanadi. “Bu qonun kuchga kirganidan keyin amaliyotga joriy etilsa, yuqori darajali davlat xizmatchilari orasida korrupsiya keskin kamayadi”, — dedi Akmal Burxanov.

Jinoyatlar ko‘lamini kamaytirish uchun nima qilish kerak?

Antikorrupsiya agentligi direktori Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ta’kidladi.

“Mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilayotgan korrupsion jinoyatlar ko‘lamini kamaytirish muhim hisoblanadi. Biz bu bo‘yicha doimiy ravishda tadqiqotlar o‘tkazamiz va bundan kelib chiqqan holda, takliflar ishlab chiqamiz. 

Xususan, korrupsiya jinoyati uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan va javobgarlikni og‘irlashtiruvchi normalarni ishlab chiqib, ularni qonun loyihasiga kiritdik. Jumladan, korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslarga yengillashtiruvchi choralarning qo‘llanilmasligi taklifi ham bor. 

Masalan, pora olish jinoyati uchun 10 yil qamoq jazosi berilsa, jinoyatchi shu jazoni 10 yil to‘liq o‘tashi belgilanmoqda. Shuningdek, korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslar qayta davlat xizmatiga qabul qilinmasligi to‘g‘risida ham yangi norma kiritilmoqda”, — dedi u.