$
 12047.45
26.55
 14099.13
110.41
 151.90
-3.59
weather
+26
Кечаси   +14°

Zamonaviy ofis kasali: Belgilari ko‘pchilikda bor, lekin hech kim e’tibor bermaydi

*

Bugungi kunda har uchinchi ofis xodim doimiy charchoq, motivatsiyaning pasayishi va ishga nisbatan befarqlikdan shikoyat qiladi. Mutaxassislar buni burn out, ya’ni ish tufayli psixologik va jismoniy toliqish deb atashadi. Bu holat energiyani yeb, kayfiyatni buzadi va hatto sog‘liq muammolariga olib kelishi mumkin. Xo‘sh, “burn out” o‘zi nima? Uni qanday davolash mumkin?

Kasbiy charchoq (burn out) nima?

Kasbiy charchoq(burn out) – bu ish sabab organizmning toliqishi, energiyaning tugashi va ruhiy bosimning ortishi natijasida paydo bo‘ladigan holat. Odam o‘zini jismonan ham, ruhiy jihatdan ham charchagandek his qiladi. Ba’zida foydasiz, kuchsiz yoki bo‘sh his-tuyg‘ular ham paydo bo‘ladi. Bu holat tibbiy tashxis bo‘lmasa-da, depressiyaga o‘xshash belgilar bilan kelishi mumkin. Ayrim mutaxassislar “burn out” depressiyani kuchaytirishi yoki u bilan yonma-yon borishini aytishadi, lekin ular baribir bir xil holat emas. Har birining davolanish usuli ham boshqacha bo‘ladi. Kimdur kasbiy charchashga tez duchor bo‘lsa, boshqa bir odam mutlaqo shunday sharoitda ham bunaqa holatga tushmasligi mumkin. Bunga fe’l-atvor, avvalgi ish tajribasi va psixologik barqarorlik ta’sir qiladi.

Belgilarini qanday bilish mumkin?

Agar ishga bo‘lgan yondashuvingiz o‘zgara boshlagan bo‘lsa, bu “burn out”ning dastlabki signallaridan biri bo‘lishi mumkin. Ishingizning qiymati va ma’nosi haqida shubha qiladigan bo‘lib qolsangiz, ishga borish qiyin bo‘lib qolsa yoki ish boshlashning o‘zi sizga og‘ir tuyulsa — bu muhim belgilar. Ko‘pincha odam ishidan uzoqlashib, hamkasblariga nisbatan sabrsiz va xafa bo‘lishga moyil bo‘lib qoladi. Energiya kamayib, ishni yaxshi bajarishga kuch yetmaydi, diqqatni jamlash qiyinlashadi. Qilgan ishlaringizdan mamnun bo‘lmay qolish, qobiliyatlaringizga shubha qilish, ish sizni ko‘proq tushkunlikka solishi ham keng tarqalgan.

Ba’zi odamlar bu holatdan qochish uchun ovqatga, spirtli ichimlikka yoki dorilarga murojaat qila boshlaydi. Uyqu tartibi buzilib, bosh og‘rig‘i, qorin chiqarish kabi sabab topib bo‘lmaydigan jismoniy shikoyatlar ham paydo bo‘lishi mumkin. Agar bu belgilar tanish tuyulsa, mutaxassis bilan suhbatlashish foydali bo‘ladi, chunki kasbiy charchash ayrim hollarda depressiya yoki boshqa sog‘liq muammolarining belgisi ham bo‘lishi mumkin.

Nima qilish kerak?

Eng muhimi — bu holatni o‘z vaqtida tan olish. “Burn out”dan halos bo‘lish uchun kichik bo‘lsa ham o‘zgarishlar qilish juda foydali. Buning uchun dam olishga vaqt ajratish, ish va shaxsiy hayot o‘rtasida chegaralar qo‘yish, tanani tinchlantiradigan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish foydali bo‘ladi. Ko‘p hollarda ish muhitini o‘zgartirish, vazifalarni boshqacha taqsimlash yoki yordam so‘rash ham kasbiy charchashni kamaytiradi. Agar holat uzayib ketsa yoki kuchayib boraversa, shifokor yoki ruhiy salomatlik mutaxassisi bilan maslahatlashish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.

Kasbiy charchoqning sabablari

Kasbiy charchoq birdaniga paydo bo‘ladigan holat emas, u asta-sekin turli omillar ta’sirida yig‘ilib boradi. Eng ko‘p uchraydigan sabab ish jarayoni ustidan nazoratning yo‘qligi. Jadvalingiz, yuklamangiz yoki vazifalaringizni o‘zingiz boshqara olmasangiz, ish sizni boshqarayotgandek tuyuladi va bu charchashni kuchaytiradi. Ishni bajarish uchun kerakli vositalar bo‘lmasa, vaziyat yanada og‘irlashadi.

Ba’zan kutilayotgan natijalar aniq bo‘lmaydi — rahbar yoki jamoa sizdan aynan nimani xohlashini tushuntirmasa, o‘zingizni yaxshi ishlamayotgandek his qilasiz. Bu esa o‘z-o‘zidan ruhiy bosimni oshiradi. Ishxonada kimningdir sizga bosim qilishi, hamkasblar bilan chiqisha olmaslik yoki rahbarning haddan tashqari aralashuvi stressni yanada kuchaytiradi.

Ishning miqdori ham kasbiy charchashga ta’sir qiladi — ish juda zerikarli bo‘lsa, energiya yo‘qoladi, juda ko‘p bo‘lsa, talablar ortidan quvib ulgurish qiyinlashadi. Bu holatda diqqatni jamlashning o‘zi ko‘p kuch talab qiladi va natijada charchoq to‘planib boradi. Ishda ham, shaxsiy hayotda ham o‘zingizni yolg‘iz his qilish esa burn outni yanada tezlashtiradi — odam yordam va qo‘llab-quvvatlash topa olmaganda, stress ikki baravar kuchayadi.

Eng muhim sabab esa ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi. Ish vaqt va energiyaning deyarli hammasini olib qo‘ysa, oila va do‘stlarga kuch qolmaydi. Tuzilmagan muvozanat asta-sekin “burn out”ni yuzaga keltiradi va odam na ishidan, na hayotidan qoniqa boshlaydi.

Ishdagi charchoqni qanday yengish mumkin?

“Burn out” ko‘pincha ishxonadagi siz nazorat qila olmaydigan holatlar tufayli paydo bo‘ladi, lekin stressga qanday munosabatda bo‘lishingiz — bu sizning qo‘lingizda. Eng avvalo, vaziyatni o‘zgartirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqing. Rahbaringiz bilan ochiq gaplashish, muammolarni birgalikda hal qilish yoki vazifalarni aniqroq belgilash ko‘p narsani yengillashtirishi mumkin. Qaysi ishlar shoshilinch, qaysilari kutishi mumkinligini aniqlash esa yuklamani yengillashtiradi. Agar ish muhiti umuman o‘zgarmasa, ehtimol sizga mosroq ish haqida o‘ylash vaqti kelgan bo‘lishi mumkin.

Yolg‘iz qolmaslik ham juda muhim. Hamkasblar, do‘stlar yoki yaqinlaringiz bilan gaplashish stressni kamaytiradi va o‘zingizni biror jamoaning a’zosi sifatida his qilish kasbiy charchoqdan himoya qiladi. Ish joyida xodimlar uchun yordam dasturi bo‘lsa, uning xizmatlaridan foydalanish ham foydali bo‘ladi.

Stressni kamaytirishda yoga, meditasiya, tai-chi yoki shunchaki kun davomida chuqur nafas olish ham yordam beradi. Jismoniy mashqlar ham kayfiyatni ko‘tarib, ish haqida ortiqcha o‘ylashdan chalg‘itadi va tanaga quvvat beradi.

Albatta, yetarlicha uyqu ham juda muhim. Tana aynan uyqu vaqtida tiklanadi, shuning uchun sog‘lom uyqu “burn out”ni kamaytiradi. Mindfulness — ya’ni hozirgi vaqtga e’tibor qaratish, sodir bo‘layotgan narsalarni hukm qilmasdan qabul qilish ham ishdagi vaziyatlarga xotirjam munosabatda bo‘lishga yordam beradi.

Eng asosiysi, yordam so‘rashdan qo‘rqmang. Kasbiy charchoq yengib bo‘lmaydigan holat emas. Faqat ochiq fikrlash, imkoniyatlarni ko‘rib chiqish va o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilish orqali sog‘lig‘ingizni himoya qilishingiz mumkin.