$
 11902.30
20.7
 13780.48
31.09
 152.18
1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

“Urushqoq joʻjaxoʻrozlar”dan haqiqiy qotillargacha — oʻsmir oʻquvchilar uchun eng xavfli davlat qaysi?

bulling

Yaqinda ekranlarda namoyish etilgan Netflix’ning “O‘smir” (Adolescence) miniseriali qisqa muddatda katta shov-shuvga sabab bo‘lib, butun dunyoga tanish, ammo hamisha parda ortida qoladigan muammolarni ko‘tarib chiqdi. 4 qismli serialda voqea qotillik atrofida emas, balki o‘smirlar ruhiyati, onlayn bosim, befarq ta’lim tizimi va oilaviy muhit tufayli yuzaga keladigan fojianing asl ildizlari yoritiladi. Serialda tasvirlanganidek, o‘smirning ichki og‘rig‘i, internetdagi haqoratlar, maktabdagi kamsitish va yolg‘izlik hissi hatto 14 yoshli bolaning qotillikka borishiga sabab bo‘ladi. Xo‘sh, qachondan boshlab biz toza qalbli deb biladigan bolalar haqiqiy zo‘ravonlar va qurbonlar toifasiga bo‘linib qolyapti?

O‘quvchilarni doimiy ravishda masxara qilish yoki haqoratlash — hayotdan ko‘ngli sovishiga olib kelishi mumkin. Bu holat ba’zida depressiya, xavotir va hatto o‘z joniga qasd fikrlariga ham olib keladi.

PISA ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yildan beri yuqori daromadli ko‘pchilik mamlakatlarda muntazam bezorilik holatlari kamaygan bo‘lsa-da, u hali ham o‘smirlarning ruhiy salomatligiga katta xavf tug‘diradi.

Eng yuqori ko‘rsatkich Latviyada

World Visualized eng ko‘p zo‘ravonlikka uchrayotgan o‘smirlar qaysi davlatlarda yashayotganini ko‘rsatuvchi reyting tuzdi. Ro‘yxatda Latviya birinchi o‘rinni egallagan bo‘lib, buyerda har uch nafar 15 yoshli o‘smirdan biri tez-tez bezorilikka uchrashi aytiladi. Undan keying o‘rinlarni esa Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Malta band qilgan. Kanada, Germaniya, Chili va AQShda ko‘rsatkichlar nisbatan pastroq bo‘lsa-da, bu davlatlarda ham har beshinchi o‘smir muntazam haqorat yoki bosimga duch keladi.

Bezorilik darajasi yuqori bo‘lgan TOP–10 mamlakat

  • Latviya — 29,2%
  • Yangi Zelandiya — 27,9%
  • Buyuk Britaniya — 27,0%
  • Turkiya — 26,4%
  • Malta — 25,3%
  • Avstraliya — 24,8%
  • Ruminiya — 24,6%
  • Kolumbiya — 23,9%
  • Kosta-Rika — 23,9%
  • Gretsiya — 23,4

Bu ko‘rsatkichlar nimani anglatadi?

Reytingdagi ko‘rsatkichlar politsiya statistikasi emas, balki o‘quvchilarning o‘zlari bergan javoblar asosida tuzilgan. Shunga qaramay, ular maktab muhitidagi katta farqlarni ko‘rsatadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ingliz tilida so‘zlashadigan mamlakatlarda o‘smirlar internetdan ko‘p foydalanishi sababli onlayn bezorilik (kiberbulling) bosimi yuqori bo‘lishi mumkin.

Bezorilik oddiy holat emas

UNICEFning Innocenti Report Card 19 hisobotida bezorilik o‘smirlikning oddiy bosqichi emasligi alohida ta’kidlanadi. Ilmiy dalillar bezorilik depressiya, xavotir, o‘z joniga qasd qilish kabi xavfli oqibatlar bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi, qolaversa, uning ta’siri ko‘pincha voyaga yetgan davrda ham saqlanib qoladi.

Bezorilikka uchragan bolalar odatda hayotdan qoniqishi past bo‘ladi, o‘qishdagi natijalari ham yomonlashishi mumkin. Aksincha, o‘quvchilar o‘rtasida ijobiy munosabatlarni rivojlantiradigan, hissiy-ijtimoiy ko‘nikmalarni o‘rgatuvchi maktablarda natijalar ancha yaxshi bo‘ladi. Zo‘ravonlik va kamsitishga chidaydigan muhitlarda esa o‘quvchilarning ruhiy salomatligi sezilarli darajada yomonlashadi.

Pandemiya davrida bezoriliklar kamaydi

Innocenti hisobotida ta’kidlanishicha,  COVID-19 pandemiyasi paytida ko‘plab mamlakatlarda maktablarning yopilishi va o‘quvchilar masofadan o‘qigani sabab doimiy bezorilik kamaygan. Bu tendensiya saqlanib qolishini aytishga hali erta. UNICEFning ogohlantirishicha, bezorilik hanuzgacha keng tarqalgan va hukumatlar uni jiddiy siyosiy chora-tadbirlar orqali kamaytirishi kerak.

Bezorilikni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar

Bezorilikka qarshi kurashishda bir nechta samarali yo‘llar taklif etiladi. Eng avvalo, maktablarda o‘quvchilarga o‘z his-tuyg‘ularini boshqarish va boshqalarni tushuna olish ko‘nikmalarini o‘rgatuvchi ijtimoiy-hissiy ta’lim dasturlarini joriy qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, ota-onalar va vasiylarga yordam beradigan maxsus dasturlar ham muhim bo‘lib, ular farzandlari bilan sog‘lom munosabat qurish va bezorilik belgilarini o‘z vaqtida sezish uchun zarur bilim va vositalarni beradi.

Maktablarda qat’iy bezorilikka qarshi qoidalar bo‘lishi, o‘quvchilar esa xavfsiz tarzda murojaat qila oladigan shaffof tizimga ega bo‘lishi zarur. Shu bilan birga, jabrlangan bolalarga ham, bezorilik qilgan o‘quvchilarga ham psixologik yordam ko‘rsatadigan ruhiy salomatlik xizmatlari tashkil qilinishi kerak. Bunday yondashuvlar bolalarning o‘zini xavfsiz his qilishi va maktab muhitining sog‘lomlashishiga katta yordam beradi.

Теги :
Jamiyat