$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln. so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln. so‘m miqdorda belgilandi

Byudjet

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi va byudjet sharhini taqdim etdi.

Qonun loyihasi nimalardan iborat?

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 29-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda:

2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan buydjetining, shu jumladan, Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari prognozi hamda 2026 – 2027-yillar uchun mo‘ljallari;

asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning prognozlari;

birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2025-yilda ajratilayotgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari;

O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mahalliy budjetlarga ajratilayotgan tartibga soluvchi transfertlar;

Davlat qarzining va davlat-xususiy sheriklik loyihalarining hamda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan hajmlari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat.

2025-yil uchun Davlat budjeti loyihasi

2025-yil uchun Davlat budjeti loyihasi va 2026–2027-yillar uchun byudjet mo‘ljallari asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqilgan.

Xususan, 2025-yilda yalpi ichki mahsulotning 6 foiz o‘sishi prognoz qilingan. Yalpi ichki mahsulotning ko‘zlangan o‘sish sur’atlari sanoatda ishlab chiqarishni 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,1 foizga, bozor xizmatlari 14,5 foizga o‘sishi hisobiga ta’minlanishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish maqsad qilingan.

Davlat byudjetining o‘rta muddatga mo‘ljallangan prognoz parametrlari va 2025-yil uchun budjet loyihasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga uyg‘unlikda, ya’ni ularni bajarish vazifasidan kelib chiqib ishlab chiqilgan.

O‘rta muddatda soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari:

Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 2025–2027-yillarda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;

o‘rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish;

byudjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq, bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish;

soliq va byudjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish;

davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizlik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘rish, bunda o‘rta muddatda YAIMga nisbatan 50 foizdan oshirmaslik;

yillik byudjetni shakllantirishda “Natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini bosqichma-bosqich to‘laqonli joriy etish;

ish haqi va pensiya miqdorlarini inflyatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib borish;

byudjet ochiqligini ta’minlash hamda budjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish;

Davlat sektorida ichki nazorat va ichki auditni takomillashtirish va kuchaytirish;

Davlat byudjeti loyihasini tayyorlash hamda ko‘rib chiqishda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini aks ettirish;

“Yashil byudjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish;

atrof-muhit va tabiat muhofazasi, iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlarining, suv sarfini kamaytirish va iqtisod qilib ishlatilishini rag‘batlantiruvchi tadbirlar ustuvorligini ta’minlash;

xalqaro ekspertlar bilan birgalikda byudjet xarajatlari tuzilmasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish.

Ushbu maqsad va yo‘nalishlardan kelib chiqib, 2025-yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln. so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln. so‘m miqdorida (Qonun loyihasining 1-ilovasi) belgilanmoqda.

Byudjet taqchilligi va davlat maqsadli jamg‘armalari prognozlari

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari (byudjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda) 66,5 trln. so‘m miqdorida, xarajatlari esa 117,2 trln. so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda Davlat maqsadli jamg‘armalariga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan 54,4 trln so‘m transfertlar ajratish belgilangan (Qonun loyihasining 3-ilovasi).

Xususan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 58,9 trln so‘m, xarajatlari 74,9 trln. so‘mni tashkil etgan holda Davlat byudjetidan 18,5 trln. so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda (Qonun loyihasining 3-ilovasi 3-pozitsiyasi).

Davlat moliyasini boshqarishning xalqaro standartlariga muvofiq byudjet qamrovini oshirish hamda to‘liqligini ta’minlash maqsadida, 2021-yildan boshlab tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga rejalashtirilayotgan xarajatlar konsolidatsiyalashgan budjet tarkibiga kiritildi. 2025-yilda ushbu xarajatlar 18,8 trln. so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda (Qonun loyihasining 1-ilovasi).

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining (Davlat budjeti, Davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, tashqi qarz hisobidan davlat dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar bilan birga) yuqori chegarasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz yoki 49,3 trln. so‘m miqdorida belgilanmoqda.

Bunda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari 32,4 trln. so‘m yoki prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foiz miqdorida taqchillik bilan rejalashtirilgan (Qonun loyihasining 1-ilovasi).

Davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish masalalari

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining taqchilligi Davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish, davlat aktivlarini xususiylashtirish hisobidan tushadigan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Respublika budjetining xarajatlari Qonun loyihasining 5-ilovasida 60 ta birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilari (vazirlik va idoralar) kesimida tasdiqlanmoqda.

Bunda Davlat dasturlarining rejalashtirilgan davlat xarajatlari bilan uyg‘unligini ta’minlash, ularni ijrosi bo‘yicha jamoatchilik va Parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida, Qonun loyihasida birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilari byudjetida Davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar alohida ko‘rsatilgan.

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi joriy xarajatlari qatorida 11 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligida 23 ta, Qishloq xo‘jaligi vazirligida 17 ta, Suv xo‘jaligi vazirligida 10 ta davlat dasturlari va tadbirlar uchun ajratilgan mablag‘lar alohida satrlarda ko‘rsatilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromad va xarajatlari Qonun loyihasining 6-ilovasiga muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinmoqda.

Qonun loyihasi hamda Byudjetnomaning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.