$
 11934.64
-14.39
 13896.69
-25.12
 164.14
-2.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Ikki o‘t orasidagi Ummon: AQSh Eron bilan aloqalarni uzishni talab qilmoqda

ummon

AQSh va Eron o‘rtasidagi mojaro kuchayib borayotgan bir paytda, mintaqadagi eng betaraf davlatlardan biri bo‘lgan Ummon kutilmaganda bosim markaziga tushib qoldi. Yillar davomida Vashington va Tehron o‘rtasida vositachilik qilib kelgan Maskat endi ikki tomondan birini tanlashga majbur bo‘lishi mumkin. Agar Ummon AQSh talabiga ko‘nsa, Eronning g‘azabiga uchrashi, rad qilsa Amerika sanksiyalari bilan yuzlashishi ehtimoli bor.

Xo‘sh, Ummon bu murakkab vaziyatdan qanday chiqib ketadi?

Neytral siyosat endi muammo bo‘lib qoldimi?

AQSh va Eron o‘rtasida urush boshlangach, Ummon mintaqadagi keskinlikni kamaytirish uchun Tehron bilan maxfiy aloqa kanalini ishga tushirdi. Arab rasmiylarining aytishicha, aynan shu kanal orqali tomonlar o‘rtasida muhim xabarlar almashilgan va natijada Fors ko‘rfazi davlatlari aviareyslar uchun havo yo‘laklarini qayta ochishga muvaffaq bo‘lgan. O‘sha paytda Ummonning betaraf siyosati mintaqada barqarorlikni saqlashga xizmat qilayotgan muhim omil sifatida baholangan edi.

Lekin oradan uch oy o‘tib, vaziyat keskin o‘zgardi. Vashington Maskatning Eron bilan yaqin aloqalarini shubha ostiga ola boshladi. AQSh va arab manbalariga ko‘ra, Oq uy Ummondan endi betaraf bo‘lib qolmaslikni, Eron bilan diplomatik aloqalarni uzishni va aniq pozitsiya tanlashni talab qilmoqda. Ummon esa bunday bosimlarga qaramay, o‘zining asosiy vazifasi mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni saqlash ekanini ta’kidlab kelmoqda. Mamlakat axborot vaziri Abdulla al-Harrasiy ham Maskat AQSh va boshqa barcha hamkorlar bilan ishlashga tayyorligini bildirgan.

Hormuz bo‘g‘ozi sabab Tramp administratsiyasi Ummonga qarshi chiqdi

So‘nggi haftalarda AQSh razvedkasi Ummonga oid yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan. Unga ko‘ra, Maskat strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozida kemalardan boj undirish bo‘yicha Eron rejasiga qo‘shilishi mumkinligi aytilgan. Bu ma’lumotlar AQShda jiddiy xavotir uyg‘otdi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Tramp administratsiyasi hatto Ummonga nisbatan sanksiyalar joriy etish va ayrim hollarda havo zarbalari berish bilan tahdid qilgan. Prezident Donald Tramp ham hukumat yig‘ilishlaridan birida agar Ummon Eronning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlasa, unga qarshi keskin choralar ko‘rilishi mumkinligini aytgan. AQSh moliya vaziri Skott Bessent esa ijtimoiy tarmoqlarda bo‘g‘ozdan o‘tadigan kemalardan haq undirilsa, iqtisodiy sanksiyalar joriy etilishi haqida ogohlantirdi.

Biroq Ummon bunday rejada ishtirok etayotganini qat’iyan rad etmoqda. Mamlakatning Vashingtondagi elchisi Talal Alrahbiy AQSh rasmiylarini Maskatning bunday niyati yo‘qligiga ishontirishga harakat qilgan. Shunga qaramay, AQShdagi ayrim siyosiy doiralarda Ummonga nisbatan ishonchsizlik kuchaymoqda.

Ikki tomon orasida qolgan vositachi

Ummon uzoq yillardan buyon mintaqadagi eng muhim vositachilardan biri hisoblanadi. Mamlakat AQSh bilan qariyb 200 yillik diplomatik aloqalarga ega bo‘lib, bu Vashingtonning arab davlatlari bilan eng uzoq davom etayotgan hamkorliklaridan biridir. Shu bilan birga, Ummonning Eron bilan ham tarixiy va diniy aloqalari mavjud. Mamlakat aholisi asosan ibodiylik oqimiga mansub bo‘lib, bu yo‘nalish mo‘tadil qarashlari bilan tanilgan.

Maskat avval ham bir necha bor AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lgan. U 1980-yillardagi Eron-Iroq urushi bo‘yicha muzokaralarga mezbonlik qilgan, Obama davridagi yadroviy bitim imzolanishiga yordam bergan va yaqinda ham Vashington hamda Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilgan. Biroq har safar Isroil yoki AQShning Eronga bergan zarbalari sabab muzokaralar to‘xtab qolgan.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Tramp administratsiyasida Ummonga nisbatan ishonchsizlik birinchi havo zarbalaridan oldinroq boshlangan. O‘shanda Ummon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaidiy AQSh telekanallaridan birida Eron bilan yadroviy masala bo‘yicha kelishuvga juda yaqin qolinganini aytgan edi. Ammo Vashington bunga qo‘shilmadi va Eron jiddiy taklif bermaganini ta’kidladi.

Shundan keyin AQSH Maskatni diplomatik jarayonlardan chetlashtirishga harakat qila boshlagan.

Ummon nega Eronni ochiq qoralamayapti?

Urush davomida Ummon Eronning harakatlarini deyarli ochiq qoralamadi. Hatto Eron dronlari Ummon portlariga zarba berganida ham mamlakat voqeani tan oldi, ammo Tehronni ayblamadi. May oyida esa Ummon Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi harakatlarini qoralovchi BMT bayonotini imzolashdan bosh tortgan yagona Fors ko‘rfazi davlati bo‘ldi.

Bu holat nafaqat AQShni, balki Saudiya Arabistoni va BAA kabi mintaqadagi ittifoqchilarni ham norozi qilmoqda. Ayrim tahlilchilarning fikricha, Maskatning bu siyosati uni Eron tarafdori sifatida ko‘rsatmoqda. Chatham House markazi direktori Sanam Vakil ham aynan shu sabab Ummonning betaraf siyosati tobora ko‘proq tanqid qilinayotganini aytgan.

Biroq Ummon rasmiylari bunga boshqacha qaraydi. Ularning ta’kidlashicha, Eronni ochiq qoralash urushni yanada kuchaytirishi mumkin. Shu sabab Maskat barcha tomonlar bilan aloqa kanallarini ochiq saqlashga harakat qilmoqda. Urush davomida Ummon kemalarga, jumladan AQSh kemalariga navigatsion yordam ko‘rsatdi, qidiruv-qutqaruv va tibbiy xizmatlar bilan shug‘ullandi. Mamlakat BMT bilan hamkorlikda Afrika davlatlariga o‘g‘it va oziq-ovqat yetkazib beruvchi kemalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash ustida ham ishlamoqda.

Ummon rasmiylari o‘z pozitsiyasini “Beqaror mintaqada haqiqiy rahbarlik urushga qo‘shilish emas, balki tomonlar o‘rtasidagi muloqotni saqlab qolishdir. Ammo AQSh bosimi kuchayib borayotgan bir paytda, Maskatning bu siyosati oldingidan ancha qiyin sinovga duch kelmoqda”, — deya izohlaydi.

Теги :
Jamiyat