$
 12158.59
-39.69
 14238.92
-2.57
 157.88
1.31
weather
+26
Кечаси   +14°

1984-yilda yaratilgan multfilm yoxud tarmoqni “portlatgan” bashorat

mayin

Ijtimoiy tarmoqlar o‘ziga xos dunyo. Bu yerda birgina qisqa videoparcha, to‘g‘ri tanlangan (yoki ataylab o‘zgartirilgan) sarlavha va biroz mistika aralashgan ma’lumot soniyalar ichida virusdek tarqalib, yuz minglab odamlarni munozaraga chorlashi mumkin. X (sobiq Twitter) tarmog‘ida oddiygina multfilmdan olingan parcha bir necha kundan buyon xuddi shunday qizg'in muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Videoning sarlavhasi ham odamlarni o‘ziga tortish uchun eng mukammal darajada tanlangan edi: "Butun dunyoni ogohlantirmoqchi bo‘lgan 1984-yilgi sovet multfilmi".

Kadrlarda insoniyatning izi ham qolmagan bo‘m-bo‘sh va huvullab yotgan xonalar, mexanik tarzda o‘zining kundalik yumushlarini bajarishda davom etayotgan aqlli robotlar, devorda esa 2026- va 2027-yillar oralig‘idagi sanani ko‘rsatib turgan taqvim aks etardi. Aynan shu sanalar tarmoqni junbushga keltirdi. Odamlar hayrat va qo‘rquv aralash multfilmni ulashishga, turli nazariyalarni ilgari surishga tushib ketishdi. "Nahotki bu yaqinlashib kelayotgan uchinchi jahon urushi yoki yadroviy xavf haqidagi sovetlarning bashorati bo‘lsa?" degan savol ko‘pchilikning ongini chulg‘ab oldi. Videoning qorong‘i va depressiv atmosferasi bu vahimani yanada kuchaytirardi.

Aslida-chi? Bu qanday asar va sanalar nimani anglatadi?

Internetdagi shov-shuv va “sirli bashorat”lar qanchalik qiziqarli ko‘rinmasin, ularning ortidagi haqiqat odatda ancha oddiy, ammo shu bilan birga, ancha chuqurroq ma’noga ega bo‘ladi.

Tarmoqni "portlatgan" ushbu sirli kadrlar aslida o‘zimizning "O‘zbekfilm" kinostudiyasida tug‘ilgan durdona asar – "Mayin yomg‘ir yog‘adi" ("Будет ласковый дождь") multfilmidan olingan parcha edi. U 1984-yilda o‘zbek kinorejissyori Nozim To‘laxo‘jayev tomonidan ishlangan bo‘lib, uning diplom ishi hisoblanadi. Bu multfilm o‘z vaqtida bir qator nufuzli kinofestivallarda qatnashgan va e'tirof etilgan.

Xo‘sh, odamlarni vahimaga solgan va go‘yoki bashoratdek ko‘ringan 2026-2027-yillar qayerdan paydo bo‘lgan? Bu yerda hech qanday sirli sovet bashorati yo‘q. Multfilm asosiga amerikalik mashhur fantast-yozuvchi Rey Bredberining xuddi shu nomdagi hikoyasi olingan. Bredberi bu hikoyani 1950-yilda, Sovuq urush va yadroviy qurollanish pallasida yozgan edi. Hikoyadagi voqealar xronologiyasi aynan 2026-yilning 4-5-avgust kunlariga to‘g‘ri keladi. Multfilmda bu biroz o‘zgartirilib, 2026-yil 31-dekabrdan 2027-yil 1-yanvarga o‘tar kechasiga ko‘chirilgan. Ya’ni, tarmoqdagi vahimaga sabab bo‘lgan sanalar — 70 yil oldin yozilgan fantastik asarning syujetidir.

“Mayin yomg‘ir yog‘adi”: Bashorat emas, ehtimoliy reallik

Bu multfilm bashorat bo'lmasligi mumkin, biroq bugungi kunda bu asar yozilganiga va ekranlashtirilganiga qaramay, u tasvirlagan manzara har qachongidan ham realroq ko'rinmoqda.

Multfilmda biz qanday manzaraning guvohi bo'lamiz? Odamlar yo‘q. Faqatgina qandaydir “soyalar”, ya’ni ularning portlash vaqtida devorda qotib qolgan siluetlari mavjud. Ularning yaratgan texnologiyalari — aqlli uy, robot xizmatkorlar, mexanik itlar esa insoniyat qirilib ketganini ham bilmay, avtomatlashgan dastur asosida tushlik tayyorlaydi, uyni tozalaydi, she'r o'qiydi.

Texnologiya eng yuqori cho'qqiga chiqqan, ammo o'sha texnologiyani yaratgan aqlni — insonni himoya qila olmagan dunyo. Biz bugun aqlli uylar, o'z-o'zini boshqaradigan mashinalar va sun'iy intellekt xizmatlaridan keng foydalanyapmiz. Ammo shu bilan birga, dunyodagi siyosiy ziddiyatlar, geosiyosiy o'yinlar va qirg'inbarot qurollar ustidagi nazoratning susayishi tufayli insoniyat xuddi o'sha multfilmdagi bo'm-bo'sh uyni eslatuvchi holatga tushib qolish xavfi ham ortib bormoqda.

"Mayin yomg‘ir yog‘adi" bizga shunday bir ehtimoliy reallikni chizib beradiki, u yerda urush g'oliblar va mag'lublarni emas, balki faqat mexanizmlarni va kimsasiz xarobalarni qoldiradi. Bredberining hikoyasida o'qiladigan she'rdagi kabi, agar insoniyat o'z o'zini yo'q qilsa ham, tabiat va bahor buning farqiga ham bormaydi. Yomg'ir mayin yog'averadi.

Insoniyatni qirg'inbarot urushlardan ogohlantirishga uringan ushbu asar bugungi kunda ham o'zining dolzarbligini umuman yo'qotmagan. Asarning asl mohiyatini anglagan holda, uning qanchalik bashorat yoki ehtimoliy reallik ekanligiga baho berishni va yakuniy xulosa chiqarishni har bir o'quvchining o'ziga qoldiramiz.