$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Orqaga qarab, olg‘a!

Proteksionizm

O‘zbekistonda qabul qilinayotgan qarorlar odatda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni himoya qilish va mamlakatda imkoniyatlar tengsizligini iloji boricha qisqartirishga harakat qilishni ko‘zlab qabul qilinadi. Qiziq, bu harakat va urinishlar amalda ham o‘z samarasini beryaptimi?

"Qora ssenariy"dan avvalgi anons

26-iyul kuni Elektrotexnika va avtomobilsozlik sohalaridagi tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Savdo-sanoat palatasi, Soliq qo‘mitasi, Transport vazirligi, Adliya vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Bojxona qo‘mitasi va boshqa tegishli vazirlik hamda idoralar rahbariyati ishtirok etadi. Uchrashuvda ADM Jizzakh rahbari Doniyor Davletiyarov O‘zbekistonga elektromobillarni olib kirish uchun bojlarni qaytarishni taklif qiladi. Davletiyarovning aytishicha, O‘zbekistonda avtomobil bozorining bosqichma-bosqich liberallashuvi natijasida bir qator yirik avtomobil zavodlari — 350 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega UzAutoMotors, BYD va ADM JIzzakh korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Sanoatga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi qariyb 1,5 milliard dollarni tashkil etadi. Uning 90 foizi ichki yonuv dvigatellari (IYOD) bo‘lgan avtomobillar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. ADM Jizzakh rahbari sohada jiddiy muammolar borligi, biroq uni nazorat qiluvchi organ yo‘qligidan shikoyat qilarkan, O‘zbekistonda avtomobillar bozori "to‘yib, qizib" ketganini ma’lum qilib, u jismoniy shaxslar tomonidan olib kelinayotgan avtomobillar importini qayta tartibga solishni taklif qiladi. Bundan tashqari, u avtotransport vositalarini rasmiy dilerlar orqali olib kirish tartibiga qaytishni ham taklif qiladi.

"Raqobat ularning aslida kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yadi"

Tabiiy ravishda bu taklif ortidan ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekcha segmentida bir qator faollar tomonidan norozilik postlari joylandi. Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov ham taklifga munosabat bildirib quyidagilarni yozadi: "Ajoyib mantiq va bundan hayron bo‘lmaslik kerak. Ko‘p bora takrorlaganimizdek, o‘zbek monopolistlari, oligarxlari va chinovniklarining hammasini raqobatdan haddan tashqari qo‘rquv birlashtirib turadi. Chunki raqobat ularning aslida kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yadi."

Navbatdagi uchrashuv

Bugun, 2-avgust kuni "O‘zstandart" (Texnik tartibga solish agentligi) binosida avtomobil importi bilan shug‘ullanuvchi rasmiy dilerlar bilan avtomobilsozlik sohasidagi mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni shakllantirish maqsadida davra suhbati o‘tkazildi. Suhbatni agentlik rahbari Akmal Jumanazarovning o‘zi olib bordi. Avvalroq avtotransport vositalari importi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar ijtimoiy tarmoq orqali prezidentga qilgan murojaatlarida transport vositalari importida muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirishda muammolarga duch kelishayotganligini iddao qilishgandi. Ma’lumki, "Transport to‘g‘risidagi" tegishli qonunlar bilan ushbu soha ishlari tartibga solingan. Ammo amaldagi qonunni chetlab o‘tish holatlari ham mavjud. 

Muammolarga qarshi takliflar

Uchrashuvda muammolarni bartaraf etish, transport vositalarining importini tartibga solish maqsadida quyidagilar taklif qilindi:

1. Turini ma’qullash hujjati yoki muvofiqlik sertifikatini qo‘llash va muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqini arizachi (muvofiqlik sertifikatining egasi) boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga berishini man etish.

2. 2024-yilning 1-aprel kunidan bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga o‘tkazish normasini avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaslik va bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan avtotransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash;

3. Respublikaga import qilingan yangi avtotransport vositalarini reglament talablariga to‘liq muvofiqligi baholanib, turi ma’qullangandan so‘ng muomalaga chiqarish. 

Bunda, bir kalendar yil davomida o‘z ehtiyoji uchun olib kelingan bir birlikdagi avtotransport vositasi mustasno.

4. Respublikaga import qilingan yangi avtotransport vositalarini sotish faqat yuridik shaxslar – ishlab chiqaruvchi korxonalarining rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirish tizimini qayta tiklash.

Savdo-sanoat palatasi raisi munosabati

Shuningdek, bugun Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov ham Xitoy elektromobillari importini tartibga solish yuzasidan bildirilgan taklif o‘rganib chiqilganini tasdiqlab, mavzu yuzasidan o‘z fikrini ham bildirdi. Davron Vahobovning so‘zlariga ko‘ra, elektromobillar importi bo‘yicha jahon tajribasi o‘rganilganda, yetakchi xorij davlatlarida ichki iqtisodiyotni himoya qilish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga qo‘shimcha bojlar joriy qilingani oydinlashgan. Xususan, Jahon savdo tashkilotining a’zosi hisoblangan ushbu davlatlarda notarif bojlar miqdori quyidagicha belgilangan:

AQSHda avtomobil narxining 102,5 foizini,

Yevropa Ittifoqi davlatlarida 38,1 foiz,

Turkiyada 50 foiz,

Braziliyada 2024-yilda 10 foizgacha, 2026-yildan esa 35 foizgacha. Shuningdek, Turkiya misolida ko‘rish mumkinki, Xitoy elektromobillariga nisbatan 10 foizdan 50 foizgacha qo‘shimcha bojlar joriy qilinganidan so‘ng, BYD kompaniyasi ushbu mamlakatda 1 milliard dollarlik zavodini qurish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya turlicha misollarni keltiradi.

Teskari ta’sir

Endi yuqoridagi voqealarga umumiy munosabat bildirsak bo‘ladi. Keling, maqolamizning eng avvalidagi savolga qayta to‘xtalamiz. O‘zbekistonda qabul qilinayotgan qarorlar odatda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni himoya qilish va mamlakatda imkoniyatlar tengsizligini iloji boricha qisqartirishga harakat qilishni ko‘zlab qabul qilinadi. Qiziq, bu harakat va urinishlar amalda ham o‘z samarasini beryaptimi? Biz ko‘rib, kuzatayotgan oxirgi ishlardan xulosa shuki, taklif qilinayotgan takliflar imkoniyatlar tengsizligini oshirishga hamda asosan daromadi yuqoriroq qatlamning manfaatlarini ko‘proq himoya qilishga xizmat qiladigandek. Masalan, O‘zbekiston kabi davlatlarda tashqi savdoning erkinlashtirilishi daromadi past aholiga ko‘proq naf keltiradi. Biroq negadir amalda buni teskarisi qilinadi. Ya’ni yuqoridagidek savdoni iloji boricha yopishga harakat qilinadi. Bundan esa daromadi past aholi ko‘proq zarar ko‘rib faqatgina nisbatan boyroq kichik guruh manfaatdor bo‘ladi.

"Elektr to‘siqlar ortida qolayotgan ijtimoiy adolat"

Bunga oid misollar juda ko‘p topiladi. Masalan saytimiz orqali e’lon qilingan "Elektr to‘siqlar ortida qolayotgan ijtimoiy adolat" nomli maqola ham bunga bir misol. Ijtimoiy siyosat deb ataladigan, hatto aholi ham shunday hisoblaydigan energetika mahsulotlarining subsidiyalanishi ham aslida ijtimoiy siyosat emas. Oddiy elektr energiyasini olaylik, hukumat aholi elektr energiyasini arzonroq (aslida juda qimmatga tushadi) sotib olishi uchun bu sohaga har yili juda katta subsidiyalar beradi. Biroq yaxshilab e’tibor berilsa, bu siyosatdan pastroq daromadli hamda arzon elektr energiyasiga muhtoj aholi qatlami emas, balki daromadi yuqoriroq bo‘lgan aholi qatlami ko‘proq naf ko‘radi. Ya’ni elektr energiyasi narxi arzon, lekin arzon elektr energiyasiga eng muhtoj aholi elektr energiyasidan eng ko‘p uziladi. Boshqacha aytganda, nisbatan kam daromadli aholi qatlami qishloq hududlarda yashaydi. Ular uchun elektrning narxi arzon lekin o‘zi yo‘q. Nisbatan daromadi yuqori qatlam hamda bozor narxidagi elektr energiyasini sotib olishga qodir bo‘lgan aholining aksariyati shahar hududlarda istiqomat qiladi. Ular birinchidan o‘rtacha qishloqlikdan bir soatda ko‘proq elektr energiyasi iste’mol qilsa ikkinchidan, qishloq aholisiga nisbatan karrasiga ko‘proq vaqt elektr energiyasi iste’mol qiladi. Ya’ni aslida aholining o‘zi ham ijtimoiy siyosat deb hisoblaydigan energiya mahsulotlarning subsidiya natijasida arzonroq berilishi ham boyroq aholiga ko‘proq naf keltiradi. Arzon elektr energiyasiga eng muhtoj aholida esa faqatgina arzon elektrning nomi bor, xolos.