$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

14 texnikumda “Pirson” kompaniyasining BITEK dasturi tajriba tariqasida joriy etiladi

texnikum

Texnikumlarda o‘qish muddatlari va davomiyligini kasb murakkabligi va o‘quvchining ta’lim darajasiga qarab belgilanadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.

672 muassasa optimallashtirilib, yagona texnikumlar tashkil etiladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining bugungi brifingi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun mohiyatiga bag‘ishlanadi. Hozirga qadar professional ta’lim tizimi 3 ta turdagi jami 672 ta muassasa: 333 ta kasb-hunar maktabi, 112 ta kollej va 227 ta texnikumdan iborat bo‘lib, ushbu muassasalar tabaqalashgani va dasturlari o‘rtasida uzviylik bo‘lmagani natijasida, ularning quvvatlaridan unumli foydalanilmayotgani aniqlangan.

Endilikda Prezident farmoni bilan 3 ta turdagi muassasalarni optimallashtirilib, ularning negizida barcha darajalar va yo‘nalishlar bo‘yicha kadr tayyorlaydigan yagona muassasa turi – texnikumlar tashkil etiladi. Bunda, 672 ta profta’lim muassasalari negizida 600 ta texnikum tashkil etiladi, 71 ta ta’lim muassasalari maktablarga berilib, 42 mingta yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratiladi. Barcha dasturlarni bitta muassasa negizida o‘qitish natijasida ta’lim darajalarining uzviyligi, uzluksizligi va integratsiyasi ta’minlanadi hamda ularning smena koeffitsiyenti normallashadi.

Texnikumlarda o‘qish muddatlari moslashtiriladi

Jumladan, professional va oliy ta’lim modullarini yagona dasturga birlashtirish va “2+2”, “1+3” kabi moslashuvchan dasturlar bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Texnikumlarda o‘qish muddatlari va davomiyligini kasb murakkabligi va o‘quvchining ta’lim darajasiga qarab belgilanadi. Misol uchun, “Ekspeditor” kasbi bo‘yicha 9-sinf bitiruvchisi 3 yil o‘qisa, 11-sinf bitiruvchisi – 2 yil o‘qiydi.

BITEK dasturi nima va u texnikumlarda qanday imkoniyatlar yaratadi?Farmonga muvofiq, xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator ishlar amalga oshiriladi. Xususan, dasturlar sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida 14 ta texnikumda tajriba tariqasida 12 ta kvalifikatsiya bo‘yicha “Pirson” kompaniyasining BITEK dasturini joriy qilinadi. Ta’kidlash joizki, Pirson yetakchi xalqaro ta’lim tashkiloti bo‘lib, dunyo bo‘ylab 784 ta markazga ega va uning 90 foiz bitiruvchisi ish bilan ta’minlanadi.

Bunda, har bitta texnikumda BITEK dasturi bo‘yicha alohida bo‘lim tashkil etiladi. Bo‘lim xodimlari “Pirson” kompaniyasi bilan hamkorlikda dastur joriy qilinishini to‘liq muvofiqlashtirib boradi. BITEK dasturi joriy qilingan muassasalarga to‘liq akademik mustaqillik beriladi.

BITEK dasturlarini amaliyotga kiritish natijasida 180 nafar pedagogning malakasi oshiriladi va yiliga 1 680 nafar o‘quvchilar o‘qishga qabul qilinadi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi va 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni yaratiladi. Natijada, rivojlangan davlatlardagi malakali va yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborilgan muhojirlarning ko‘lami oshadi.

Sohada elektron platforma yaratiladi

BITEK dasturlarini joriy qilish natijasidan kelib chiqib, ushbu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etiladi.

Prezidentning mazkur Farmoni bilan o‘qitish jarayoniga ish beruvchilarni keng jalb qilinadi. Hozirgacha qabul parametrlari va ta’lim dasturlari ish beruvchilar talabi asosida emas, balki ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilar va mavjud asbob-uskunalardan kelib chiqib shakllantirilib kelinayotgani bois muayyan hududlarda muayyan o‘rta bo‘g‘in kadrlarga ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘sha hududdagi texnikumda ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilmaganini kuzatish mumkin.

Bu hoatni bartaraf etish maqsadida qabul parametrlarini shakllantirish bo‘yicha elektron platforma yaratiladi, barcha vazirlik va ish beruvchilar unga ulanadi. Texnikumlarning ta’lim dasturlari tarmoq kengashlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan so‘ng amaliyotga kiritiladi.

Endi yakuniy attestatsiyani muassasa xodimlari tekshirmaydi

Bitiruvchilarning yakuniy attestatsiyasi ish beruvchilar va uyushmalar vakillari ishtirokida amaliy imtihon shaklida o‘tkaziladi. Profta’lim muassasalarida o‘quvchilar bilimini yakuniy baholash asosan muassasadagi xodimlardan tashkil topgan komissiya tomonidan o‘tkazilishga barham beriladi.

 Profta’lim muassasalarini adabiyotlar va jihozlar bilan ta’minlash hamda o‘quv jarayonini raqamlashtirish maqsadida Oliy ta’lim vazirligi huzurida alohida Jamg‘arma tashkil etilmoqda. Bunda Jamg‘armaga Vazirlikning byudjetdan tashqari jamg‘armasidan 50 mlrd so‘m va Davlat byudjetidan 2025 yilda 50 mlrd so‘m ajratiladi.

Texnikumlarning direktor va direktor o‘rinbosari lavozimlariga talabgorlarni tanlash Oliy ta’lim vazirligining platdiformasi orqali ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Texnikum direktorlari bilan 3 yillik mehnat shartnomasini tuzish va faoliyat natijasidan kelib chiqib, ular bilan shartnomani uzaytirish yoki bekor qilish tartibi joriy etiladi.