$
 12169.41
36.93
 14359.90
-0.1
 158.95
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Bolalarda tabiatdan qo‘rqish hisi ortib boryapti: Bunga nima sabab bo‘lmoqda?

Biofobiya

Bugungi globallashuv va texnologiyalar asrida insoniyat tabiat bilan bo‘lgan azaliy aloqasini yo‘qotib bormoqda. Zamonaviy bolalar orasida nafaqat yovvoyi hayvonlardan, balki umumiy tirik tabiatdan cho‘chish — biofobiya hodisasi shiddat bilan ildiz otmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu shunchaki o‘tkinchi qo‘rquv emas, balki kelajak ekotizimi uchun jiddiy signaldir.

Urbanizatsiya va raqamli devorlar

Shvetsiyadagi nufuzli Lund universiteti tadqiqotchilari o‘tkazgan izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, biofobiya tushunchasi faqatgina ilon yoki o‘rgimchaklardan qo‘rqish bilan cheklanmaydi. Bu — tabiatning har qanday ko‘rinishiga nisbatan tug‘ilgan umumiy xavfsirash hissidir.

Tadqiqot rahbari Yoxan Kyellberg Yensenning so‘zlariga ko‘ra, megapolislarning kengayishi va aholining katta qismi tosh devorlar orasiga ko‘chishi kelajak avlodlarni tabiatdan butunlay uzib qo‘ymoqda. Raqamli muhit va ochiq havoda kam vaqt o‘tkazish bolalarda “tabiat — yot va xavfli hudud” degan noto‘g‘ri tasavvurning shakllanishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.

"Teginma, xavfli!: Qo‘rquv qanday shakllanadi?

Psixolog Dirk Shtemperning tahlillariga ko‘ra, insoniyatning tabiatdan begonalashuvi o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlangan. Bugungi kunda bolalar o‘z vaqtining asosiy qismini yopiq binolarda va ekran qarshisida o‘tkazmoqda.

Eng achinarlisi, bu qo‘rquvning shakllanishida kattalarning hissasi katta. Ota-onalarning “Kanalga yaqinlashma!”, “Loyga tegma!” yoki “Hali yiqilib tushasan!” kabi doimiy ogohlantirishlari bolaning ongostiga tabiatni dushman va xavf manbai sifatida muhrlab qo‘yadi. Pedagog Syuzanna Zigl ham o‘z amaliyotida bolalarning oddiy o‘t-o‘lan yoki hasharotlardan haddan tashqari vahimaga tushish holatlari ko‘payganini tasdiqlaydi.

Ekologik befarqlikning ildizi

Biofobiyaning salbiy oqibatlari faqatgina psixologik holat bilan cheklanmaydi. Iqlim faoli va psixolog Lea Dom ta’kidlaganidek, agar inson tabiat bilan o‘zini chambarchas bog‘liq deb his qilmasa, unda atrof-muhitni asrashga nisbatan hech qanday mas’uliyat uyg‘onmaydi. Ya’ni, tabiatdan qo‘rqqan va undan uzoqlashgan avlod iqlim o‘zgarishi va hayvon turlarining yo‘qolib borishi kabi global muammolarga butkul befarq bo‘lib ulg‘ayadi.

Tabiat — eng yaxshi shifokor

Vaholanki, ilmiy xulosalar tabiatning inson salomatligi uchun beqiyos foydasini isbotlab kelmoqda. Psixologlar o‘rmon sayri va tabiat qo‘ynida bo‘lish insonning emotsional holatini barqarorlashtirishini, stress darajasini sezilarli darajada kamaytirishini ta’kidlashadi. Shuningdek, tabiat bilan muloqot diqqatni jamlash qobiliyatini oshirib, ruhiy tetiklik beradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, farzandlarimizni “shisha qutilar” ichida asrash o‘rniga, ularga tabiatning bir bo‘lagi ekanliklarini anglatish — nafaqat ularning ruhiy salomatligi, balki sayyoramizning kelajagi uchun ham hayotiy zaruriyatdir.

Теги :
Jamiyat