$
 12940.44
-22.54
 13336.42
-41.38
 126.85
3.17
weather
+26
Кечаси   +14°

Kelgusi 5 yil ichida banklardagi ish o‘rinlarining 54 foizi avtomatlashtiriladi

bank

Sun’iy intellektning bank tizimiga ta’siri tobora kuchayib bormoqda. Bloomberg Intelligence tahlilchilarining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, dunyo miqyosida banklar kelgusi 3-5 yil ichida 200 mingga yaqin ish o‘rnini qisqartirishi mumkin. Bu qisqarish, asosan, qayta-qayta bajariladigan vazifalar va operatsiyalarni sun’iy intellekt orqali avtomatlashtirish hisobiga amalga oshiriladi.

Qaysi kasblar xavf ostida?

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, banklardagi back office (ma’muriy bo‘lim), middle office (operatsiyalarni boshqarish) va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi ish o‘rinlari eng katta xavf ostida. Mijozlar bilan ishlashda botlar va avtomatlashtirilgan tizimlar katta rol o‘ynay boshlaydi. Masalan, mijozlarni bilish (know-your-customer, KYC) kabi jarayonlar sun’iy intellekt tomonidan boshqarilishi mumkin.

Bloomberg hisobotida aytilishicha, Citigroup va JPMorgan kabi yirik banklar sun’iy intellektni faol joriy qilmoqda. Natijada, bank tizimidagi ish o‘rinlarining 54 foizigacha avtomatlashtirilishi ehtimoli mavjud. Shu bilan birga, Citi tahlilchilarining ta’kidlashicha, sun’iy intellekt nafaqat ish o‘rinlarini qisqartiradi, balki ularni tubdan o‘zgartiradi.

Sun’iy intellektning bank tizimidagi moliyaviy foydasi

Sun’iy intellektni joriy qilish banklar uchun katta iqtisodiy foyda olib keladi. Bloomberg hisobotiga ko‘ra, 2027-yilga kelib banklarning soliqdan oldingi daromadi 12-17 foizga oshishi kutilmoqda, bu esa jami 180 milliard dollarga teng daromad o‘sishini anglatadi. Bank tizimida generativ sun’iy intellekt yordamida jarayonlar samaradorligi va daromadni oshirish 5 foiz yoki undan ko‘proq ko‘payishi mumkin.

JPMorgan bosh direktori Jeymi Daymonning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt ba’zi lavozimlarni yo‘q qilishi mumkin, lekin ish sifati va inson hayoti sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. U “kelajakda odamlar haftasiga uch yarim kun ishlashi mumkin” deya fikr bildirgandi.

O‘zbekistonda vaziyat qanday bo‘ladi?

Bizdagi banklar ham sun’iy intelektga sarmoya kiritishni boshlab yuborgan. Texnologiya rivojlanishiga qarab, kamroq daromad olib kelayotgan filiallar soni keskin qisqaradi. O‘z-o‘zidan ushbu bank filiallarida ishlayotgan xodimlar ham ishini yo‘qotadi yoki o‘zgartiradi. Bu jarayon allaqachon boshlanib bo‘lgan. Oxirgi ikki yilda bank filiallari soni deyarli ikki barobarga qisqarib ketdi.

Ammo sun’iy intellekt yangi ish o‘rinlarini ham yaratadi. Ma’lumotlar tahlilchisi, SI dasturchisi, SI auditori, kiberxavfsizlik mutaxassisi, raqamli moliyaviy maslahatchi va boshqa kasblarga talab oshadi. Banklar mavjud kadrlarni qayta o‘qitish orqali ushbu ish o‘rinlarini to‘ldirishi mumkin.

Xususiylashtirishning ta’siri

Agarda davlat rejadagidek, 3 ta bankdan boshqa barcha davlat banklarini sota olsa, bu sohadagi ish o‘rinlariga jiddiy ta’sir qiladi.

Chunki raqamli banklar kamroq xodim bilan ham ko‘proq daromad qilish mumkinligini isbotlayapti va bu “bo‘lajak” xususiy banklar (hozirgi davlat banklari) tomonidan o‘rganiladi.

O‘zbekistonda xodimlariga eng ko‘p pul sarflaydigan 5 ta bankdan 4 tasi davlat banki. 1 ta xususiy — “Ipoteka bank” bo‘lib, u ham yaqinda xususiylashtirilgan.

Sun’iy intellektni sohaga faol kirib kelishi va davlat banklarini xususiylashtirish deyarli bir xil vaqtga to‘g‘ri kelib qoldi, deb xabar qilmoqda “Bankir” telegram kanali — Shu sabab, kelayotgan yillarda bank tizimida aynan kadrlar masalasida katta o‘zgarishlar yuz beradi.

Biroq bu hamma bankirlar ishsiz qolishini bildirmaydi. “O‘z ustida ishlamagan”, “bir joyda qotib qolgan” bankir ishsiz qoladi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot