$
 12940.11
21.75
 14055.55
103.72
 145.62
0.97
weather
+26
Кечаси   +14°

Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan qoplab berildi

bank

Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan to‘lab berildi. Bu haqda Bank-moliya akademiyasi telegramdagi rasmiy sahifasida e’lon qildi. Avvalroq esa bu masala bo‘yicha akademiya nomiga telegramda magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini to‘lab berish bilan bog’liq shikoyat postlari e’lon qilingan edi. Bunga javoban Bank-moliya akademiyasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tegishli tartibda so‘rovnoma taqdim etgan edi.

Davlat xotin-qizlar kontraktini to‘lamoqchi emasmi?

Ma’lum qilinishicha, 2024-yil 5-oktabr kuni telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanallar orqali “Bank-moliya akademiyasi magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlardan ikki yil uchun 62 mln so‘m miqdorida kontrakt puli to‘lashni so‘ramoqda”, “ikki yil o‘qitib, endi diplom berishmoqchi emas” mazmunida postlar e’lon qilindi.

Shundan so‘ng akademiya xabarlarda keltirilayotgan ikki yil uchun 62 mln so‘m miqdorida, deya iddao qilinayotgan raqamlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Chunki, Bank-moliya akademiyasi magistratura dasturlari bo‘yicha kontrakt to‘lovlari miqdori mutaxassisliklar turi va o‘qish muddatlaridan (14, 18 oy va 2 yil) kelib chiqib turlicha o‘rnatilgan.

Shuningdek, Bank-moliya akademiyasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi 447-sonli qaroriga asosan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tegishli tartibda so‘rovnoma taqdim etib, bugungi kunga qadar xotin-qizlar kontrakt to‘lovlarining bir qismi tegishli tartibda Vazirlik tasdig‘i bilan Davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilib kelinganini bildirdi. Ushbu hujjatda esa Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanishi bo‘yicha alohida band belgilab qo‘yilganligi ta’kidlandi.

“To‘lovlar faqat kvota doirasida amalga oshirilishi kerak”

Biroq, 2024-yil 20-sentabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Bank-moliya akademiyasiga faqatgina qabul kvotalari doirasida magistratura bosqichiga qabul qilingan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi bo‘yicha rasmiy xat yo‘llangan.

Ushbu xatga asosan, Akademiya rahbariyati kontrakt to‘lovi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilmasligi ehtimoli bo‘lgan xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazib, to‘lovni amalga oshirish uchun yengilliklar berilishi, xususan bo‘lib-bo‘lib to‘lash va to‘lov muddatlarni uzaytirish bo‘yicha takliflarni bildirdi. Mazkur vaziyat bo‘yicha tinglovchilarning fikrlari, e’tirozlari va takliflari eshitilib, tezkor hal qilish uchun qo‘shimcha vazifalar belgilab olindi.

Bugungi kunga kelib mazkur xotin-qizlar to‘lov bilan bog‘liq holatdan qat’iy nazar Akademiya tinglovchilari safida va tasdiqlangan o‘quv rejasi asosida o‘qishni davom ettirayotganligi ma’lum qilindi.

Muammo ijobiy yechim topdi

Natijada bugun Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi 447-sonli qaroriga muvofiq, magistratura bosqichida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini davlat byudjeti hisobidan qoplanishi masalasida vakolatli davlat idoralariga Bank-moliya akademiyasi tomonidan murojaat hukumat tomonidan ko‘rib chiqilib, xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini davlat byudjetidan qoplanishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ayni vaqtda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat byudjeti hisobidan qoplab berildi.