$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yilda 1 million o‘zbekistonlik migrantning vatanga qaytishi kutilmoqda. Ularning bandligi qanday ta’minlanadi?

migratsiya

O‘zbekiston hukumati 2025-yilda 1 millionga yaqin mehnat migrantining vataniga qaytishini kutmoqda. Ularning bandligini ta’minlash masalasi nafaqat qurilish sohasiga, balki kasb-hunar o‘qitish, tadbirkorlikni rivojlantirish va innovatsion bandlik tizimlarini joriy etishga ham bog‘liq bo‘ladi. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari “Sputnik O‘zbekiston” matbuot markazida bu jarayon qanday amalga oshirilishi, yangi ish o‘rinlari yaratish rejalari va iqtisodiy faollikni oshirish bo‘yicha hukumatning aniq chora-tadbirlari haqida ma’lumot berdi.

Bandlikni ta’minlash borasidagi rejalar

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Muxtor Shonazarovning ta’kidlashicha, Prezidentning yangi qarori doirasida 2025-yilda 5,2 million fuqaro ish bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, 2 milliondan ortiq odam tadbirkorlikka jalb qilinishi va 1,5 million fuqaroni qashshoqlikdan chiqarish rejasini ham ko‘rib chiqilmoqda.

– Har bir vazirlik va tegishli tashkilotga o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib aniq vazifalar yuklatilgan. Yangi bandlik tizimi to‘rtta asosiy yo‘nalishda – investitsiya loyihalari, tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasi hamda mahalla bankirlari orqali ish o‘rinlari yaratish prinsipiga asoslanadi, – deya tushuntirdi u.

Investitsiya loyihalari orqali 300 ming kishini band qilish rejalashtirilgan. Yirik investitsiya dasturlari doirasida yangi ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish markazlari ochiladi, infratuzilma loyihalari kengaytiriladi. Yangi zavod va fabrikalar qurilishi orqali yuz minglab ish o‘rinlari yaratish mo‘ljallangan.

“Mahalla bankiri tizimi: endi ish topish osonlashadimi?

Hukumat mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirish uchun “mahalla bankiri” lavozimini joriy qildi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Shohrux Muxamedov bu tashabbus qanday ishlashini tushuntirib berdi:

Ilgari mahallalarda bandlikni rag‘batlantirishga ko‘proq hokim yordamchilari mas’ul bo‘lar edi. Endilikda, mahalla bankiri bevosita tijorat banklari va kredit tashkilotlari bilan ishlaydi.

Bugungi kunda 2,500 mahalla bankiri faoliyat yuritmoqda. Ularning vazifasi aholiga tadbirkorlik bo‘yicha maslahat berish, kredit va subsidiya olishda yordam berish hamda ishga joylashish bo‘yicha yo‘naltirishdan iborat.

Bu tizim oldindan sinovdan o‘tgan va hozirgi vaqtda butun mamlakat bo‘ylab kengaytirilib borilmoqda.

Shuningdek, mahallalardagi hokim yordamchilari ham yanada faollashib, aholiga ish topish, kasb-hunar o‘rganish va tadbirkorlikni boshlashda ko‘maklashadi.

Endi har bir fuqaro o‘z mahallasidagi bankirga murojaat qilib, ish topish, biznes boshlash yoki davlat imtiyozlaridan foydalanish bo‘yicha maslahat olishi mumkin.

Tadbirkorlik uchun imtiyozlar kengaytiriladi

Tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 3,7 million kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Tijorat banklari va Markaziy bank imtiyozli kredit ajratish tizimini kengaytiradi, yangi tadbirkorlarga o‘z biznesini boshlashda ko‘maklashadi. Kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat subsidiyalari va grantlar ajratiladi.

Yangi tashabbuslar faqat bandlikni oshirish bilan cheklanmaydi. Shohrux Muxamedovga ko‘ra, 2025-yilda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 120 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

– Katta miqdordagi subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va davlat grantlari aholining o‘z biznesini boshlashiga imkon yaratadi. Yangi tadbirkorlar uchun soddalashtirilgan moliyaviy dasturlar yo‘lga qo‘yiladi, – dedi u.

Bu mablag‘lar mahallalarda kichik biznesni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi klasterlarini shakllantirish, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Buning natijasida yangi sanoat zonalari tashkil etilib, tadbirkorlarga yer ajratish va soliq imtiyozlari berish rejalashtirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida ishsizlikni kamaytirish uchun Xitoy modeli joriy etiladi

Bu yil qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida 1,2 million kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Qishloq xo‘jaligida 1 milliondan ortiq fuqaro doimiy yoki mavsumiy ishga jalb qilinadi. Bu borada fermer xo‘jaliklari, issiqxonalar, chorvachilik va bog‘dorchilik klasterlari tashkil etiladi. Qurilish sohasida esa 200 ming odam ishga joylashtiriladi. Yirik infratuzilma loyihalari, jumladan, yangi uy-joy massivlari, yo‘llar, ishlab chiqarish zonalari qurilishi orqali ish o‘rinlari yaratiladi.

Ushbu sohadagi yana bir muhim yangiliklardan biri — O‘zbekistonda Xitoy tajribasi asosida ishlab chiqarish klasterlari tashkil etilishi ham kutilmoqda. Shohrux Muxamedov ma’lumot berishicha, bundan buyog‘iga qishloq joylarda ishlatilmayotgan yerlar kooperativ tizimi asosida samarali ishlatiladi. Yer egalari o‘z maydonlarini investor kompaniyalarga subarendaga berib, hosildan ulush olishi mumkin. Bu model nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga yo‘naltirishga, balki qishloq aholisining barqaror daromadga ega bo‘lishiga ham yordam beradi.

Bundan tashqari, quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi orqali energiya ishlab chiqarish ham qashshoqlikni kamaytirish usullaridan biri sifatida taklif etilmoqda. Eng kam daromadli oilalar ushbu stansiyalar kooperativlariga qo‘shilib, energiya ishlab chiqarib, daromad olishlari mumkin bo‘ladi.

Xorijda ishlab qaytgan fuqarolarning 40-50 foizi qurilish sanoatiga jalb qilinadi

Anjumanda, shuningdek, Rossiya va boshqa davlatlardan qaytayotgan mehnat migrantlari uchun ish o‘rinlari masalasi ham muhokama qilindi. 2024-yilda O‘zbekistonga 800 ming migrant qaytgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 1 million atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Xorijda ishlab qaytgan fuqarolarning 40-50 foizi qurilish sanoatiga jalb qilinadi. Qolganlari xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligi sohalarida ish bilan ta’minlanadi.

Migrantlarga ish topish jarayonini soddalashtirish uchun yangi Call Center tashkil etilgan. U yerda ish izlayotganlar bo‘sh ish o‘rinlari haqida to‘liq ma’lumot olishi, Rossiyadan turib ham O‘zbekistondagi ish joylari bilan bog‘lanishi, oylik maosh va ish sharoitlari bo‘yicha batafsil ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.

– Oldin odamlar O‘zbekistonga qaytgachgina ish qidirishga tushardi. Endi esa ular xorijda turib ham O‘zbekistondagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida to‘liq ma’lumot olishi va qaror qabul qilishi mumkin. Yangi Call Center ish haqi, mehnat sharoitlari, ish beruvchining ishonchliligi haqida aniq ma’lumot berish orqali migrantlarning ishga joylashish jarayonini tezlashtiradi, – tushuntirdi mutaxassislar

Migrantlar va mahalliy ishsizlar uchun teng imkoniyatlar yaratiladimi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, xorijdan qaytayotgan mehnat migrantlari yuqori maoshli ish o‘rinlari bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Hukumat ularning xorijdagi ish haqiga teng yoki undan kam bo‘lmagan daromad bilan ta’minlanishini maqsad qilgan.

Biroq ba’zi fuqarolar orasida migrantlar uchun maxsus imkoniyatlar yaratilayotgani, bu esa mahalliy ishsizlarga e’tiborni kamaytirishi mumkinligi haqidagi xavotirlar bor.

Bu borada vazirlik vakillari quyidagicha tushuntirish berdi:

– Yangi ish o‘rinlari faqat migrantlar uchun emas, balki barcha ishsiz fuqarolar uchun ochiq bo‘ladi. O‘zbekiston ichkarisida ish qidirayotgan fuqarolar ham Call Center orqali mavjud vakansiyalar bo‘yicha to‘liq ma’lumot olishlari mumkin. Hech kim ortda qolib ketmaydi, – dedi Muhamedov.

Теги :
Jamiyat