$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston avtomobil bozorida ketma-ket uchinchi oy pasayish kuzatilmoqda

uz avto

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari mart oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston avtomobil bozorini sarhisob qildi. Ketma-ket uchinchi oydirki, avtomobil bozorida faollikning pasayishi kuzatilmoqda. Faqat yengil elektromobillar segmentida biroz o‘sish qayd etildi.

5,8% ga kam

Mart oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda avtotransport vositalarining umumiy savdosi deyarli 109 ming donani tashkil etdi. Umuman olganda, avtomobil bozori oy davomida 5,8% ga kamaydi. Mart oyida 96,5 mingta yengil avtomobillar sotildi, bu o‘tgan oyga nisbatan 12,1%ga kam.

Hududlar bo‘yicha Surxondaryo, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida yengil avtomobillar bozorida savdo hajmining eng katta pasayish qayd etildi. 2024 yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, yengil avtomobillar savdosi 3,2%ga qisqarib, 334,3 mingta avtomobilni tashkil etdi.

Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

Birlamchi yengil avtomobillar bozorida pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Oy davomida sotuvlar 16,7%ga kamaygan holda 24 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etdi. O‘tgan yilga nisbatan avtomobil bozorining ushbu segmenti 0,2%ga pasaydi.

Shu bilan birga, oy davomida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 19,54 mingta yengil avtomobillari sotildi, bu o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan 17,2%ga kam.

Xorijda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar segmenti

Oy davomida xorijda ishlab chiqarilgan avtomobil bozori savdosi 13,7%ga pasaydi. Mart oyida jami 2,3 mingta xorijiy avtomobillar sotilgan. O‘tgan yilning mart oyiga nisbatan sotuvlar 20%ga kamaydi.

Yengil avtomobillar ikkilamchi bozori

Ikkilamchi bozorda sotuvlar 10,6%ga kamaydi. Mart oyida jami 74,6 mingta haydalgan yengil avtomobillar sotilgan. Yillik ko‘rsatkichlarda 16%ga sezilarli pasayish kuzatildi.

Elektromobillar bozoridagi vaziyat

Elektromobillar bozori mo‘’tadillasha boshladi. Shunday qilib, mart oyida yengil elektromobillar savdosi atigi 0,1%ga oshdi. Biroq, yillik hisobda sotuvlar 2,4 barobar oshgan.

2024-yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, savdo hajmi ham 3,7 barobarga ko‘payib, 8 mingta avtomobildan oshdi.