$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Qoʻlbola, nosoz, texnik koʻrikdan oʻtmagan: O‘zbekistondagi attraksionlar qanchalik ishonchli?

 Аттракционлар Attraktsionlar

Attraksion degan soʻzni tilga olar ekanmiz koʻz oldimizda toʻxtab qolgan, texnik nosoz qurilmalar, jarohat olgan, bevaqt hayotdan koʻz yumgan insonlar gavdalanadigan boʻlib qolgan. Bunga sabab esa yoʻq emas, albatta. Vaqti vaqti bilan bunday ayanchli fojialar haqida eshitib turamiz. Masalan, 2019—2024-yilning birinchi yarim yilligi mobaynida attraksionlar bilan bog‘liq jami 14 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va buning oqibatida 4 nafar inson bevaqt hayotdan koʻz yumgan. Jarohatlangan, hattoki butun umr nogiron boʻlib qolganlar sanogʻi esa karrasiga koʻproqdir, ehtimol.

200 dan ortiq nosoz attraksionlar 

Hozirgi vaqtda, respublikamizdagi mavjud 148 ta madaniyat va istirohat bog‘larida, shuningdek boshqa ko‘ngilochar maskanlarda jami 2 120 ta attraksion faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan aksariyat attraksionlar xavfsizlik va texnik talablarga javob bermasligi natijasida turli avariya va baxtsiz hodisalar sodir bo‘lishiga olib kelmoqda.

Raqamlarga yuzlansak, O‘zbekistondagi 70 dan ortiq park attraksionlari qo‘lbola ekani – ishlab chiqaruvchi korxona pasporti va birkasi bo‘lmagani aniqlandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Bekzod Berdiyev ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tadbirlar doirasida sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligiga oid me’yoriy hujjatlar talablari buzilganligi aniqlanib, qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 1 843 ta tavsiyaviy ma’lumotnomalar rasmiylashtirilgan.

Respublika hududida joylashgan 148 ta madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan jami 2 120 ta attraksionlar o‘rganib chiqilgan bo‘lib, shundan qo‘lbola (ishlab chiqaruvchi korxona pasporti va birkasi bo‘lmagan) attraksionlar 74 tani, nosoz, ishlashga yaroqsiz holatda bo‘lgan hamda faoliyati to‘xtatilgan attraksionlar 228 tani, shu kunga qadar ro‘yxatga olingan attraksionlar 1 100 tani tashkil etishi aniqlangan.

Tadbirkorlarni tiyib turuvchi qonun yoʻqmi?

Mas’ullar tadbirkorlar attraksionlarida kamchilik bo‘lsa-da, o‘zboshimchalik bilan ularni ishlatib, odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yishi haqida gapirishadi. Ularning nosoz attraksionlarni taqiqlab qo‘yishga ham vakolati yo‘q ekan. Tekshirilganda ham nosoz deb topilgan atraksion yana har doimgidek faoliyat ko‘rsataveradi. 

Xo‘sh, foyda olishni odamlarning hayotidan ham ustun qo‘yadigan tadbirkorlarni tiyib turadigan biror qonun yo‘qmi?

Qonunchilikda boʻshliq bor

Hozirgi kunda respublikadagi mavjud attraksionlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni tartibga soluvchi amaldagi 2 ta texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar mavjud. 

Ushbu hujjatlarda respublikadagi mavjud attraksionlarni markazlashtirilgan reyestrini yuritish tartibi shuningdek, suv attraksionlari hamda havo bilan dam berib shishirilgan attraksionlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish talablari sohasida huquqiy bo‘shliqlar mavjud. Bu esa o‘z navbatida mazkur yo‘nalishda davlat siyosatini aniq belgilashda muammolarni keltirib chiqarmoqda.Xavfsizlik talablariga rioya etilishiga to‘rtta idora javobgar

Shu bois Hukumat qarori bilan attraksionlar xavfsizligi bo‘yicha texnik reglament va ularning davlat reyestrini yuritish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Xavfsizlik talablariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazorati asosan to‘rtta Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, FVV, Energetika vazirligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek, boshqa vakolatli davlat organlari javobgar boʻladi.

Attraksionlarning davlat reyestrini yuritishdan maqsad ularning ma’lumotlar bazasini yaratish, sanoat xavfsizligi sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek ro‘yxatga olingan attraksionlar va ulardan foydalanuvchi tashkilotlar to‘g‘risidagi tizimli ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va saqlashdan iborat.

Теги :
Jamiyat