$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Bolalarda astigmatizm o‘z vaqtida davolanmasa, ko‘rlikka sabab bo‘lishi mumkin(mi?)

astigmatizm

So‘nggi paytlarda telefon va kompyuterdan haddan ortiq ko‘p foydalanish oqibatida bolalar o‘rtasida ko‘z kasalliklari ko‘p uchramoqda. Ulardan biri astigmatizmdir. Mutaxassisning ta’kidlashicha, bolalarda astigmatizm o‘z vaqtida davolanmasa, ko‘rlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Astigmatizm o‘zi qanday kasallik?

Astigmatizm — ko‘zning shox pardasi yoki linzalarining egriligi normal bo‘lmagan, ko‘rishning xiralashishiga olib keluvchi nuqson, — deydi mutaxassis. — Bunda yorug‘lik ko‘zga kirganda, g‘ayritabiiy egrilik tufayli to‘r pardaga to‘g‘ri qaratilmaydi. Oqibatda noaniq tasvir paydo bo‘lib, istalgan masofada ko‘rish buziladi yoki xiralashadi.

Ushbu kasallik bolalar orasida tez-tez uchraydigan muammolardan biri bo‘lib, ayniqsa, keyingi vaqtlarda telefon va gadjetlarga mukkasidan ketish, uzoq vaqt televizor ko‘rish, yotgan holda kitob o‘qish tufayli bunday tashxis qo‘yilayotgan o‘g‘il-qizlar soni birmuncha ko‘paymoqda.

Shuning bilan birga, uning kelib chiqishiga genetik omillar, bolaning tug‘ilish jarayonida ko‘zning muguz pardasi shaklining buzilishi, ko‘z jarohatlari, keratit, keratokon’yunktivit kabi xastaliklar ham sabab bo‘lishi mumkin.

O‘z vaqtida davolanmasa bola ko‘r bo‘lib qolishi mumkin

Astigmatizm bilan og‘rigan bola ham yaqin, ham uzoqni teng darajada yaxshi ko‘ra olmaydi. Shu bois u yon-atrofga faqat ko‘zlarini qisgan holatda qaraydi. Yoki yaxshiroq ko‘rish uchun boshini egadi va aylantiradi.

Shuningdek, bemor bosh og‘rig‘i, ko‘z atrofida noqulaylik, yorqin nurdan qochish, narsalarning chaplashib yoki ikkita bo‘lib ko‘rinishi, kompyuter yoxud kitobdan ko‘zning tez toliqishidan shikoyat qiladi.

Agar u o‘z vaqtida davolanmasa, ko‘rishning keskin pasayishi, hatto, ko‘rolmaslikka olib kelishi mumkin.

Kasallik kichik yoshdagi bolalarni ham chetlab o‘tmaydi

Kasallikka qarshi kurashda okulist tomonidan maxsus jadvallar yordamida bemorning ko‘rish qobiliyatini tekshirish va shox pardaning egriligidagi mavjud farqni aniqlashdan so‘ng tashxis qo‘yiladi. Uni 3 yoshdan boshlab 7-8 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ham aniqlash mumkin.

Bu jarayonda ko‘rish qobiliyatini to‘g‘rilash uchun ko‘zoynak va kontakt linzalaridan foydalaniladi. Davolash esa faqat jarrohlik yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bu operatsiya 18 yoshdan so‘ng bemorda ko‘rish tizimi to‘liq shakllanganidan so‘ng tavsiya etiladi.

Bolalar yilda 1 marta oftalmolog ko‘rigiga olib borilishi shart

Shu o‘rinda ota-onalarga murojaat qilib aytmoqchimanki, ko‘pincha bolalar ko‘zlari yomon ko‘rayotganligini sezmasliklari mumkin. Shu bois shikoyat bo‘lmasa-da, ular yilda bir marta oftalmolog ko‘rigidan o‘tishi lozim.

Astigmatizmning oldini olish uchun, avvalo, farzandning ovqatlanishiga e’tiborli bo‘lish, taomnomada oqsil ko‘p bo‘lishi kerak.

Qolavversa, bolaning stolda ishlashi va kitob o‘qish paytida to‘g‘ri yoritish rejimiga rioya qilish, ko‘rish zo‘riqishni faol dam olish bilan almashtirish, ko‘zlar uchun gimnastika qilish, vitaminlar (lutein) olish, astigmatizmni keltirib chiqaradigan kasalliklarni vaqtida davolash kerak.