$
 12054.03
18.81
 13932.05
16.93
 167.05
-0.9
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega asabiy boʻlib ketyapmiz?

asab asabiylik

Ko‘pchilik atrofda tajovuzkorlik ko‘paygani, odamlar sabrsiz, jizzaki va qo‘pol bo‘lib borayotganidan noliydi. Katta ehtimol bilan, siz ham shu fikrdasiz.

Ertalabki tirbandliklarda, jamoat transportida, ko‘cha-ko‘yda janjallashayotgan odamlarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘qituvchi o‘quvchini, er-xotinni, ayol erning jazmanini kaltaklagan videolar odatiy holga aylangan. Nega hammamiz arzimagan sababni deb quyushqondan chiqadigan bo‘lib ketdik? Ijtimoiy tarmoqlardagi “chiroyli hayot” kayfiyatimizga qanday ta’sir ko‘rsatadi? O‘zimiz va yaqinlarimizni agressiyadan himoyalash uchun nima qilish kerak? Maqolani o‘qish jarayonida bu savollarga javob topasiz.

— Bugungi kunda arzimasdek tuyulgan sabablar (navbatlar, tirbandlik) tufayli yuzaga kelayotgan agressiya — bu alohida olingan vaziyatga bo‘lgan reaksiya emas, balki surunkali emotsional toliqish va to‘planib boruvchi stress oqibatidir, — deydi psixolog Mushatriy Abdullayeva. — Psixologiyada bu holat “Ko‘chma agressiya” deb ataladi. Inson asosiy stress manbasiga (iqtisodiy qiyinchiliklar, kelajakdan xavotir, ishdagi bosim) qarshilik ko‘rsata olmaganida, uning ichida yig‘ilgan negativ energiya odatda yaqin-atrofdagi obyektga (yo‘ldagi boshqa haydovchiga yoki navbatdagi odamga) yo‘naltiriladi.

Amerika Psixologiya Assosiatsiyasi (APA) tomonidan o‘tkazilgan “Stress in America” yillik tadqiqotining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, katta yoshli aholining 60 foizdan ortig‘i kelajakdan noaniqlik va doimiy xavotir hissini boshidan kechirmoqda. Buning oqibatida doimiy ajraladigan kortizol gormoni miyaning real xavfni baholovchi qismi sustlashib, hissiyotlarga javob beruvchi qismi faollashishiga sabab bo‘ladi. Natijada, oddiy tirbandlik miya tomonidan “hayot uchun xavfli jarayon” sifatida qabul qilinib, “kurash yoki qoch” (fight or flight) reaksiyasi, oddiy til bilan aytganda, kutilmagan agressiya oqimini yuzaga keltiradi.

Tarmoqdagi heyt: doimiy negativ yozuvchilarning psixologik portreti qanday?

Jamiyatda tajovuzkorlik ko‘payishining yana bir sababi, shubhasiz, internet. Siz yaxshi kayfiyatda, oila davrasida tushlik qilib o‘tiribisiz deylik. Shu payt, ijtimoiy tarmoqqa joylagan suratingizga kimdir negativ izoh yozganini o‘qib qoldingiz. Bu odam kim va qanday maqsaddi izoh yozganidan qat’iy nazar, kayfiyatingiz tushadi. Chunki miya real va virtual hayot o‘rtasidagi farqni ajrata olmaydi.

Mushtariy Abdullayevaning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda doimiy ravishda negativ sharhlar yozuvchi va boshqalarni haqorat qiluvchi insonlarning ma’lum bir psixologik portreti mavjud.

Real hayotda o‘z mavqeiga ega bo‘lmagan, qarorlari hech kimga ta’sir qilmaydigan inson virtual olamda kimgadir ozor berish orqali “men boshqalarning emotsional holatini boshqara olaman” degan soxta kuch hissini tuyadi.

Shuningdek, onlayn agressorlarda ko‘pincha “virtual sadizm” elementlari kuzatiladi — ular boshqalarning ruhiy azob chekishidan huzurlanadi.

Tarmoqdagi muloqotning o‘ziga xosligi shundaki, biz suhbatdoshimiz yuzini, uning emosiyalarini ko‘rmaymiz va bu o‘z navbatida unga nisbatan empatiyaning sustlashuviga olib keladi. Internetda biz opponentni o‘zimiz qanday xohlasak, shunday ko‘ramiz va tasavvur qilamiz.

Anonimlik esa miyaga kelganni qaytarmay yozishga undaydi. Oxir-oqibat, ijtimoiy tarmoqlar heyt va haqoratga to‘la makonga aylandi. To‘g‘ri, so‘nggi paytlarda negativ izoh yozuvchilarni aniqlab, javobgarlikka tortish holatlari ham ko‘paymoqda. Bu tendensiya saqlanib qolsa, balki, asta-sekin odamlarda internetda ham o‘zaro hurmatni saqlagan holda muloqot qilish ko‘nikmasi shakllanib borar.

Katta shahar bosimi va jamiyatda nafratning “qonuniylashishi”

Psixologlarning ta’kidlashicha, katta shaharlarda yashovchi odamlar qishloq joylardagiga qaraganda stressni boshqacharoq boshdan kechirishadi. Shaharning tirbandligi, aholi zichligi va odamlarning haddan tashqari ko‘pligi asabiylik darajasini oshiradi. Oddiy misol: ishga shoshib, gavjum yo‘ldan tez yurib boryapsiz va beixtiyor kimgadir urilib ketdingiz. Bu vaziyatda kimdir uzr so‘rab o‘tib ketadi, kimdir esa janjal boshlaydi.

Eng xavfli nuqta shu yerda boshlanadi: odamlarni ataylab turtish, ularga qo‘pollik qilish yoki kuch ishlatish jamiyatimiz uchun normal holatmi?

Har bir madaniyatda tajovuzkorlikni jilovlab turadigan tartib-qoidalar, taqiqlar bo‘ladi. Ammo vaqt o‘tishi bilan bu chegaralar xiralashib, jamiyatda “legitimlashgan”, ya’ni qonuniylashtirilgan agressiya paydo bo‘ladi. Ya’ni, odamda o‘zining agressiv xatti-harakati asosli, degan tasavvur paydo bo‘ladi.

— Bugungi kunda biz juda xavfli tendensiyaga guvoh bo‘lyapmiz — jamiyatda o‘zboshimchalik bilan samosud qilish, ya’ni qonunni chetlab o‘tib, kimdandir o‘ch olish holatlari tez-tez uchramoqda, — deydi psixolog Mushatriy Abdullayeva. — Odamlar ichki stress va alamni jilovlay olmay, o‘zlarini ham sudya, ham jazolovchi deb his qila boshlagan.

Eng achinarlisi, bu holatning oilalar ichida namoyon bo‘lishi. Hech qanday vijdon azobisiz, xotirjamlik bilan o‘z farzandini uradigan va buni “tarbiya” deb oqlaydigan onalar, afsuski, haliyam ko‘p. Oilada kaltaklanib o‘sgan bola zo‘ravonlikka norma sifatida qaray boshlaydi. Oqibatda jamiyatda zanjirli reaksiya yuzaga keladi: himoyasiz bolalarga ko‘rsatilgan tajovuz ko‘p miqdorda ichki nafratni yuzaga keltiradi va bu nafrat keyinchalik ko‘chaga, atrofdagilarga yo‘naltiriladi. Shu tariqa jamiyatdagi umumiy shafqatsizlik darajasi ortaveradi.

Agressiya yuqumlimi?

Inson atrofida zo‘ravonlikni ko‘rganida, unda ham nafratga moyillik ortishini neyrobiolog olimlar ham isbotlashgan. Janubiy universitet olimlari sichqonlar ustida qiziqarli tajriba o‘tkazgan: o‘z to‘dasidan bo‘lgan sichqonlarning bir-biriga hujum qilayotganini kuzatib turgan erkak sichqonlarda urushqoqlik va nafrat birdan ortib ketgan. Ammo begona sichqonlar urushganida, bunday o‘zgarish kuzatilmagan.

Olimlarning aytishicha, miyaning hissiyotlar va zo‘ravonlikka javob beradigan qismidagi maxsus neyronlar faqat “tanish, yaqin sheriklar” agressiya ko‘rsatgandagina faollashadi. Demak, biz shafqatsizlikni begonalardan ko‘ra, ko‘proq o‘zimiz tanigan va bilgan odamlardan, ya’ni oilamiz, do‘stlarimiz va hamkasblarimizdan “yuqtirib” olamiz. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deganda, ota-bobolarimiz naqadar haq gapni aytishgan.

O‘smirlar o‘rtasidagi shafqatsizlik: gap — oilada

Yosh avloddagi tajovuzkorlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri oiladagi emosional muhitning ko‘zgusidir. Bolalar kattalarning gaplariga emas, balki ularning xatti-harakatlariga qarab rivojlanadilar. Ota-onadagi stress bolaning xarakteriga uch xil yo‘l bilan ta’sir qilishi mumkin:

“Emotsional yuqish”: ishdan, moddiy muammolardan charchab qaytgan ota-ona uyda farzandiga sovuq gapiradi yoki baqiradi. Bola bu zaharli muhit va xavotirni o‘ziga singdirib oladi.

E’tibor yetishmasligini yomon yo‘l bilan to‘ldirish: ota-ona o‘z muammolari bilan band bo‘lib, bolaga vaqt ajratmaganida, o‘smir “men ham borman, menga qarang” degan signalni shafqatsizlik yoki bezorilik orqali bildira boshlaydi. Chunki bola uchun ota-onasidan so‘kish eshitish umuman e’tiborsiz qolishdan ko‘ra afzalroq.

Agressiyaning normaga aylanishi: oiladagi muammolar urush-janjal, haqorat yoki kaltak bilan hal qilinsa, bola miyasida “muammoni faqat kuch bilan hal qilish mumkin” degan tushuncha paydo bo‘ladi va, tabiiyki, u tengdoshlari bilan munosabatda ham shunday yo‘l tuta boshlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi “chiroyli hayot” va reallik o‘rtasidagi nomutanosiblik

— Instagram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi ideallashtirilgan tasvirlar (chiroyli qiyofalar, qimmat mashinalar, doimiy sayohatlar) va insonning oddiy, muammolarga to‘la hayoti o‘rtasidagi farq — ichki nafratni uyg‘otuvchi eng katta yashirin triggerdir, — deydi Mushtariy Abdullayeva.

Inson o‘z hayotini boshqalarning “mukammal” hayoti bilan solishtirganda, o‘zini omadsizdek his qiladi. “Nega menda bunday emas? Nega ular hammasiga oson erishyapti?” degan savollar unga tinchlik bermaydi. Shuningdek, blogerlarning faol, sarguzasht va sayohatlarga to‘la hayotini kuzatish oqibatida odam o‘zini muhim narsalardan quruq qolayotgandek his qiladi.

Erishib bo‘lmaydigan standartlarga intilish va ularga yeta olmaslik insonda umidsizlikni keltirib chiqaradi. Umidsizlik esa vaqt o‘tishi bilan g‘azabga aylanadi. Bu g‘azab o‘sha “chiroyli hayot” egalarining sahifasiga kirib haqoratli izohlar yozish yoki real hayotda yaqinlariga baqirish, ulardan norozi bo‘lish shaklida yuzaga chiqadi.

Agressiyadan himoyalanish qoidalari

Negativ va g‘azab bilan zaharlangan muhitda ruhiy sog‘lomlikni saqlash uchun har kuni quyidagi oddiy qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi:

Yangiliklarni kuzatish uchun aniq kunlik vaqt belgilang (masalan, kuniga 2 marta 20 daqiqadan). Ertalab uyg‘ongandan keyingi ilk soatda uxlashga bir soat qolganda telefonni qo‘lga olmang. Bu miyaga tinchlanish uchun imkon beradi.

Haftada kamida bir kunni (masalan, yakshanba) ijtimoiy tarmoqlarsiz, faqat jonli muloqot va tabiat qo‘ynida o‘tkazing.

Sizni g‘azablantiradigan post yoki sharhni ko‘rganingizda, javob yozishdan oldin 10 soniya davomida chuqur nafas oling. Shu vaqt ichida miyangiz tinchlanib, sizga: “Bu vaqt sarflab, asabimni buzishimga arziydimi?” degan mantiqli savolni bera oladi.

Biror kimsa sizga qo‘pollik qilsa, bu sizning emas, uning ichki og‘rig‘i va muammolari mahsuli ekanligini anglang. Ichingizda “Bu voqea menga tegishli emas, bu uning ichki inqirozi” degan fikrni saqlang.

To‘plangan stress gormonlari faqat jismoniy harakat orqali parchalanadi. Sport, yugurish, piyoda yurish yoki oddiy nafas mashqlari tanadagi bosimdan xalos qiladi.

Xulosa shuki, bugungi jamiyatdagi agressiya — bu kasallik emas, balki axborot tezligi, ijtimoiy bosim va surunkali charchoqning aks ta’siridir. To‘g‘ri, biz tashqi muhitga ta’sir ko‘rsata olmaymiz, biroq, voqea-hodisalarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartira olishimiz va axborot iste’molini nazorat qila olishimizni anglashimiz zarur.

Eng muhimi — zo‘ravonlik zanjirini o‘z oilamizda, farzandlarimizga bo‘lgan munosabatda uzishimiz shart. Zero, dunyoni xavfsiz makonga aylantirishning yagona yo‘li — atrofdagilarni ayblash emas, balki o‘z uyimizda tinchlik va mehrga to‘la muhitni yaratishdir. Baxtli va ahil oilada ulg‘aygan bolagina atrofdagilarga yaxshilik va mehr ulasha oladi.

Теги :
Jamiyat