$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Ukraina ssenariysi yana takrorlanmoqda: Rossiya va Armaniston nizolari ochiq frontga chiqdi

-

Janubiy Kavkaz mintaqasida uzoq yillik ittifoqchilik munosabatlari o‘rnini ochiq qarama-qarshilik va geosiyosiy uzilish egallamoqda. Bir paytlar Rossiyaning mintaqadagi eng yaqin va ishonchli hamkori hisoblangan Armaniston bugun Kreml orbitasidan shiddat bilan uzoqlashib, G‘arb va Yevropa Ittifoqi (YI) sari dadil qadam tashlamoqda. Bo‘lajak parlament saylovlari arafasida esa Moskva va Yerevan o‘rtasidagi sovuqchilik o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetdi.

Xo‘sh, ikki davlat munosabatlarida qachon va qanday qilib “sinish pallasi” boshlandi? Yerevan nima uchun geosiyosiy kursini keskin o‘zgartirmoqda va Kremlning bunga javobi qanday bo‘ldi?

Tog‘li Qorabog‘ fojiasi

Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi ittifoqchilik poydevori 2020-yilgi Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin darz keta boshlagan edi. Biroq munosabatlardagi eng katta burilish nuqtasi 2023-yil sentyabr oyida Ozarbayjon tomonidan Tog‘li Qorabog‘da o‘tkazilgan bir kunlik harbiy operatsiya bo‘ldi.

Mintaqada xavfsizlikni kafolatlashi kerak bo‘lgan Rossiya tinchlikparvar kuchlari operatsiyani shunchaki kuzatib turishdi. Eng muhimi, Armaniston a’zo bo‘lgan va hujum paytida unga harbiy yordam berishi shart bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KShT) mojaroga mutlaqo aralashmadi. Yerevan uchun bu qadam ochiqchasiga xiyonat sifatida qabul qilindi.

Bu voqea ortidan bosh vazir Nikol Pashinyan Rossiyani Armaniston xavfsizligiga nisbatan “mutlaq befarqlik”da aybladi va yillar davomida xavfsizlik masalasida faqat birgina davlatga — Rossiyaga suyanib qolishni “strategik xato” deb atadi.

KShTdan “de-fakto” chiqish

Shundan so‘ng Yerevan Rossiya yetakchiligidagi harbiy blok — KShT bilan aloqalarni uzishni tezlashtirdi. 2024-yil 23-fevralda Pashinyan mamlakatning tashkilotdagi ishtiroki “muzlatib qo‘yilgani”ni e’lon qildi. May oyiga kelib, Armaniston tuzilmani moliyalashtirishni rasman to‘xtatdi.

“Biz baribir chiqamiz. Qachon chiqishni o‘zimiz hal qilamiz... tashvishlanmang, ortga qaytmaymiz”, – degan keskin bayonot bilan chiqish qildi 2024-yilning iyunida Bosh vazir parlamentda turib.

Yil oxiriga kelib esa u mamlakat amalda tashkilot tarkibidan chiqib bo‘lganini ta’kidladi. Ushbu siyosiy munosabatni yakunlab, Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan mamlakat bugungi kunda “de-fakto” (amalda) KShTning bir qismi emasligini rasman tasdiqladi.

Ma’lumot uchun, Rossiyaning harbiy ta’siri faqatgina KShT bilan cheklanib qolmaydi. Ilgari Armaniston o‘z qurol-yarog‘ ehtiyojining 90 foizdan ortig‘ini Rossiyadan xarid qilar edi. Hozirga kelib bu ko‘rsatkich 10 foizdan ham pastga tushib ketdi. Yerevan endilikda o‘z armiyasini modernizatsiya qilishda Hindiston va Fransiya kabi yangi hamkorlarga suyanmoqda.

Yevropa sari dadil qadam

Rossiya bilan harbiy rishtalarni uzgan Armaniston o‘z kelajagini Yevropa Ittifoqida ko‘ra boshladi. 2025-yil 26-martda mamlakat parlamenti rasmiy ravishda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini 64 ta deputat ovozi bilan qabul qildi.

Hukumatning ushbu g‘arbparastlik kursi oddiy xalq tomonidan ham keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro respublika instituti (IRI) tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalar arman jamiyatida Yevropa integratsiyasiga bo‘lgan ishonch nihoyatda yuqoriligini ko‘rsatmoqda. So‘rovnomada ishtirok etgan aholining qariyb 75 foizi (38 foiz qat’iy va 37 foiz qisman) mamlakatning YIga a’zo bo‘lish g‘oyasini ma’qullagan.

Biroq bu to‘liq uzilishni anglatmaydi. So‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, armanlarning 56 foizi G‘arb bilan yaqinlashishni istasa-da, Rossiya bilan ham iqtisodiy jihatdan muvozanatli munosabatlarni saqlab qolish tarafdori. Ammo Kreml “ko‘pvektorli” siyosatni qabul qilmoqchi emas.

Kremlning qasosi

Armanistonning G‘arbga tomon siljishiga javoban, Rossiya o‘zining an’anaviy quroli — iqtisodiy bosim va “savdo urushi” taktikasini ishga soldi.

Rossiyaning qishloq xo‘jaligi nazorati organi (“Rosselxoznadzor”) kutilmaganda Armanistondan yangi pomidor, bodring, qalampir, ko‘katlar va qulupnay kabi barcha asosiy mahsulotlar importini butunlay taqiqlab qo‘ydi. Ushbu qarordan bir necha kun avval esa Armaniston vinolari, mashhur konyaklari va mineral suvlari importiga ham cheklovlar kiritilgan edi.

Rasmiy Moskva buni “fitosanitariya talablarining buzilishi” va mahsulotlar tarkibida zararli moddalar topilgani bilan izohladi. Ammo xalqaro tahlilchilar bu qaror ortida sof siyosiy motivlar turganini va bu bo‘lajak parlament saylovlari arafasida Yerevan iqtisodiyotini jazolash hamda saylovchilarga ogohlantirish signalini berish kampaniyasi ekanini ta’kidlashmoqda.

Bundan tashqari, Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YOII) Armanistonni a’zolikdan to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha rasmiy ko‘rib chiqish jarayonini boshlab yubordi.

Putinning “Ukraina” tahdidi

Bu iqtisodiy cheklovlar ortidan diplomatik zarba keldi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Armanistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sergey Kopyrkini “maslahatlashuvlar o‘tkazish” bahonasi bilan zudlik bilan Moskvaga chaqirib oldi. Diplomatik tilda bu munosabatlarning deyarli uzilish yoqasiga kelganini anglatadi. Rossiya tomoni esa buni Yerevanning YI bilan ittifoq tuzish orqali YOII manfaatlariga zarar yetkazayotgani bilan bog‘ladi.

Vaziyatning eng xavfli jihati shundaki, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armaniston rahbariyatiga nisbatan ochiqchasiga tahdid qilish darajasiga o‘tdi. Qozog‘istondagi YOII sammitida nutq so‘zlagan Putin Armanistonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukraina bilan taqqosladi.

“Ukrainadagi bugungi inqiroz ham o‘z vaqtida ushbu mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga bo‘lgan urinishlaridan boshlangan edi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev kuzatuvchi maqomida ishtirok etgan sammitda Putin.

Kreml rahbari Yerevandan zudlik bilan iqtisodiy yo‘nalish va G‘arb integratsiyasi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazishni talab qildi. Bu taqqoslash shunchaki tasodif emas. Moskva o‘zining geosiyosiy ta’sir doirasidagi mamlakatlarning har qanday shaklda G‘arb tuzilmalariga, u xoh harbiy (NATO), xoh iqtisodiy-siyosiy (YI) bo‘lsin, qo‘shilishiga qat’iyan qarshi va buning uchun eng keskin choralardan ham qaytmasligini ko‘rsatmoqda.

Kremlning g‘azabini qo‘zg‘atgan yana bir omil — Armanistonning Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Rim statutini ratifikatsiya qilgani bo‘ldi. Bu degani, agar Vladimir Putin Armaniston tuprog‘iga qadam bossa, Yerevan uni Gaaga sudi orderiga binoan hibsga olishga huquqiy jihatdan majbur. Kreml buni o‘ziga nisbatan “juda dushmanona qadam” deb atadi.

Janubiy Kavkazning demokratik “oroli”

Moskva tomonidan bosimlar kuchayib borayotgan bir paytda, Yevropa va G‘arb davlatlari Armanistonni Janubiy Kavkazdagi eng muhim demokratik tayanch va strategik sherik sifatida ko‘rmoqda.

Mintaqadagi boshqa bir davlat — Ozarbayjon tobora avtoritar rejim sari odimlayotgan, Gruziya esa so‘nggi yillarda demokratik tanazzulga uchrab, rossiyaparast qonunlarni qabul qilayotgan fonda, Armaniston G‘arb uchun yagona muqobil va umid chirog‘i bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun Yevropa Ittifoqi Yerevanni iqtisodiy va siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirmoqda.

Biroq oldinda eng og‘ir sinov — parlament saylovlari turibdi. Ekspertlar Rossiya o‘z ta’sirini saqlab qolish va Pashinyan hukumatini ag‘darish uchun saylov jarayonlariga kiberhujumlar, dezinformatsiya va ichki tartibsizliklar orqali agressiv tarzda aralashishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi “yashirin nizo” allaqachon yakunlanib, ochiq, geosiyosiy frontga ko‘chdi. Yerevan o‘z tanlovini qildi va bu yo‘ldan qaytmoqchi emas. Endigi masala — kichik Armaniston Kremlning ulkan geosiyosiy va iqtisodiy bosimlariga dosh bera oladimi yoki yo‘q, buni yaqin oylar ichidagi voqealar rivoji ko‘rsatadi.