$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Allamjonov O‘zbekistonning matbuot erkinligi reytingida orqaga ketishiga munosabat bildirdi

allamjonov

Joriy yilning may oyi boshida “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston matbuot erkinligi bo‘yicha oʻtgan yilgi oʻrnidan 11 pog‘ona pastladi. 

Bugungacha rasmiylar reytingda O‘zbekistonning o‘rni pastlashiga munosabat bildirmay kelayotgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari Komil Allamjonov nihoyat reytingda mamlakatning o‘rni pasayishiga munosabat bildirdi. 

Huquqiy maydon

“Matbuot erkinligi yuzasidan reytinglarimizda o‘zgarish bor. Lekin biz bugun erkin matbuotni huquqiy maydonga olib chiqmas ekanmiz, muammolar sudlarda hal bo‘lishiga erishmas ekanmiz, taraqqiyot o‘rniga xaos paydo bo‘lishi, jurnalist yoki blogerman deb turli noqonuniy harakatlar, shantaj, firibgarlik holatlariga yo‘l qo‘yilishi natijasida jabr ko‘rgan fuqarolar soni ortib ketishiga sababchi bo‘lamiz. Afsuski, bunday holatlar bo‘ldi. Reyting tuzilishida shu kabi hodisalar ham ta’sir qildi, deb o‘ylayman”, deb yozdi Komil Allamjonov o‘zining Telegram-kanalida.

Rivojlanish hech qachon silliq bo‘lmaydi

“Rivojlanish hech qachon silliq bo‘lmaydi. O‘yin qoidasi aniq-ravshan va hamma uchun teng bo‘lsagina, rivojlanish bo‘ladi. So‘z erkinligi – bu barchaning huquqi. Matbuotning ham, unda aks ettirilayotgan shaxslarning ham. Shu muvozanatni ushlash muhim. Demak, ortga yo‘l yo‘q – bu aniq. Faqat oldinga. Oldinga – huquq, me’yor va qonun doirasida, oldinga”, deb yozgan Allamjonov.

Hali koʻp muammolar boʻlishi mumkin

U so‘zida davom etarkan, hali yana ko‘p muammolar bo‘lishi mumkinligini ham aytib, buni tabiiy jarayon deb atagan. 

“Lekin bu muammolar biz boshlagan islohotlarga soya solmasligi kerak. Chunki bugungi davrda matbuot – nafaqat ko‘zgu, balki mudofaa, xavfsizlik masalasi darajasidagi institutdir”, deydi u.

Ma’lumot uchun, “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkilotining hisobotida O‘zbekiston to‘q qizil rangda tasvirlangan, ya’ni matbuot va so‘z erkinligi “juda jiddiy” holatdagi davlatlar qatoridan o‘rin olgan.