$
 12102.39
-33.37
 13990.36
-77.41
 153.08
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Musulmonlarsiz qolgan Al-Aqso: Isroil nega masjidni yopib qo‘ydi?

Al-Aqso

Yaqin Sharqdagi diniy va siyosiy vaziyat eng nozik nuqtasiga yetdi: Isroil hukumati 1967-yildan buyon ilk bor Ramazon oyining qizg‘in pallasida musulmon olami uchun muqaddas sanalgan Al-Aqso majmuasini yopishga qaror qildi.

Mintaqadagi harbiy zarbalar va xavfsizlikka tahdidlarni ro‘kach qilgan ushbu kutilmagan qadam nafaqat falastinliklar, balki butun islom dunyosining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. O‘tgan juma kuni o‘n minglab mo‘min-musulmonlar Ramazonning ikkinchi juma namozini ado etish uchun majmua hovlisida jam bo‘lgan edi. Biroq oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Isroil politsiyasi kutilmaganda ziyoratgoh darvozalarini qulflab, kirishni butunlay to‘xtatdi. Rasmiy Tel-Aviv ushbu chorani raketa xavfidan himoyalanish va tinch aholini boshpanalarga yaqinroq tutish zarurati bilan izohladi.

Ma’naviyat va siyosat to‘qnashuvi

Ko‘plab dindorlar uchun bu qaror shunchaki xavfsizlik chorasi emas, balki ma’naviy zarba sifatida qabul qilindi. Islom vaqfi rahbari o‘rinbosari, olim Mustafo Abu Sueyning ta’kidlashicha, Ramazon oyini bevosita Al-Aqso bilan bog‘laydigan minglab insonlar uchun bu cheklov chuqur qayg‘uga sabab bo‘lgan.

Quddusning Eski shahar qismida joylashgan ushbu muqaddas tepalik — Al-Haram ash-Sharif — o‘n yillar davomida Isroil-Falastin ixtilofining markaziy ochiq yarasi bo‘lib kelmoqda. Musulmonlar uchun Al-Aqso va Qutb as-Saxra masjidlari maskani bo‘lgan ushbu hudud, yahudiylar uchun ham o‘z ibodatxonalari o‘rni sifatida qadrlidir. Amaldagi «status-kvo» tartibiga ko‘ra, bu yerda faqat musulmonlar namoz o‘qish huquqiga ega, boshqa din vakillari esa hududga faqat sayyoh sifatida kirishi mumkin.

Status-kvo xavf ostidami?

So‘nggi vaqtlarda vaziyat yanada murakkablashgan. Kuzatuvchilar va mahalliy aholining fikricha, Isroil hukumati, xususan, milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir kabi radikal qarashdagi siyosatchilarning qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘ta o‘ng qanot yahudiy faollarning majmuaga kirishini faollashtirgan. Bu esa muqaddas dargohda o‘n yillardan beri o‘rnatilgan muvozanatning buzilishiga va Falastin aholisini siqib chiqarish harakatlariga xizmat qilayotgani aytilmoqda.

Musulmon olamining birdamligi

Mazkur voqelik dunyo hamjamiyatini befarq qoldirmadi. Sakkizta nufuzli islom davlati — Turkiya, Misr, Iordaniya, Indoneziya, Pokiston, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA — birlashib, Isroilning xatti-harakatlarini qoralovchi qo‘shma bayonot bilan chiqishdi. Diplomatlar e’tiqod erkinligining poymol etilishini tanqid qilib, xalqaro hamjamiyatni Tel-Avivga bosim o‘tkazishga chaqirdilar.

Bayonotda masjid darvozalari zudlik bilan ochilishi va Sharqiy Quddusning okkupatsiya qilingan hudud sifatidagi maqomi eslatib o‘tildi. Shuningdek, Al-Aqso majmuasini boshqarish huquqi faqatgina islom vaqfiga tegishli ekani qat’iy talab qilib qo‘yildi. Hozirda Quddus ko‘chalarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, xalqaro maydonda esa siyosiy bosim ortib bormoqda.

Теги :
Jamiyat