$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Ajrimlar yildan-yilga kamaymoqda, lekin karantingacha bo‘lgan davrdan ko‘pligicha qolyapti

Ajrim

Statistika agentligining demografiyaga doir 2024-yilgi hisobot taqdimotida nikohlar va ajrimlar to‘g‘risida qiziqarli raqamlar keltirib o‘tilgan.

Nikohlar soni 12 mingtaga kamaygan

Unga ko‘ra, 2024-yilda ro‘yxatga olingan nikohlar soni 271,8 mingtani tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 12 mingtaga kam. Bu bilan 2022-yilda boshlangan nikohni qayd etishdagi pasayish tendensiyasi davom etdi. Eslatib o‘tamiz, pandemiya sababli karantin cheklovlari kiritilgan 2020-yilda ham nikohlar soni 25 mingtaga ko‘p bo‘lgan edi. 2024-yilda, shuningdek, oxirgi 10 yildagi eng kam nikohlar qayd etildi.

Nikohda o‘rtacha yosh qanday?

Yangi oilalar umumiy sonining 50,3 foizi (136,7 mingtasi) shaharlarda, 49,7 foizi (135,1 ming) qishloq joylarda tashkil etilgan.

Nikohda ayollarning o‘rtacha yoshi 22,3 yosh, erkaklarning o‘rtacha yoshi 27,1 yoshni tashkil qildi. Ro‘yxatga olingan nikohlarning eng katta ulushi 25 yoshgacha bo‘lgan ayollarga to‘g‘ri keladi — barcha nikohlarning 81,9 foizi.

Ajrimlar soni 8,3 foizga kam

Ajralishlar soni 45,1 mingtani tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan 8,3 foizga kam, ammo baribir 2021-yilgacha bo‘lgan yillikdan sezilarli darajada ko‘p.

Shaharlarda 28 mingta (62 foiz), qishloq joylarda 17,1 mingta (38 foiz) ajralishlar qayd etilgan. 2024-yilning yanvar-dekabr oylarida bir bolali oilalarda ajralishlar soni 12906 tani, farzandsiz nikohlarda 21726 tani, ikki va undan ortiq farzandli oilalarda 10 503 tani tashkil etdi.

Ajrimlarning eng yuqori foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda

Ajrashgan erkaklarning o‘rtacha yoshi 35,4 yoshni, ayollarniki 32,1 yoshni tashkil etdi. Ajralishlarning eng katta ulushi 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarga to‘g‘ri keladi, bu umumiy ko‘rsatkichning 64,6 foizini tashkil qiladi.

Ajralishlarning eng yuqori foizi Toshkent shahrida (13,1 foiz), shuningdek, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida (10,6 foiz) qayd etilgan. Ajralishlar soni Navoiyda (2,8 foiz), Sirdaryoda (3,3 foiz) va Jizzaxda (3,8 foiz) nisbatan kam.

O‘zbekiston ajrimlar bo‘yicha MDHda eng pask ko‘rsatkichga ega

O‘zbekistonda oilaviy ajrashuvlar ko‘rsatkichi MDH bo‘yicha eng past hisoblanadi. O‘zbekistonda 9 milliondan ortiq oila bor. Yiliga o‘rtacha 250–300 ming yangi oila qurilmoqda. Ammo, shu bilan birga, har yili o‘rtacha 45–49 ming ajralishlar ham kuzatilmoqda.

Nikohdan ajrashayotganlarning 4–5 foizini bir yilgacha, 40 foizini esa besh yilgacha bir oila bo‘lib yashaganlar tashkil etmoqda. Ajrimlar soni 2021-yilda 41 foizga, 2022-yilda 22 foizga ko‘paygan bo‘lsa, 2023-yilda o‘sish sur’ati keskin tushib, 2022-yilga nisbatan atigi 0,8 foizga ko‘paygan (o‘sish sur’ati 2022-yilga nisbatan 27 baravarga kamaygan).

1000 kishilik taqsimot

Shu o‘rinda, MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston nikohlar soni bo‘yicha MDHda birinchi, ajralishlar bo‘yicha esa oxirgi o‘rinda turadi. 2022-yilda O‘zbekistonda har 1000 kishiga nikohlar soni 8,4 tani, ajralishlar soni 1,4 tani tashkil etgan.

Теги :
Jamiyat