$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish sanasi qachon ekanligi ma’lum qilindi

aholi

Respublikada aholini ro‘yxatga olishning navbatdagi sanasi ma’lum qilinmoqda. Bungacha ro‘yxatga olish ishlari 2023-yilda o‘tkazilishi kerak edi, biroq bu ish amalga oshirilmay qolgan edi. Endi uni 2026-yilda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ro‘yxatga olish ishlari 2026-yilda bo‘lib o‘tadi

Ma’lum qilinishicha, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida aholini ro‘yxatga olishni 2026-yil 15-iyuldan 21-avgustgacha o‘tkazish to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Buning uchun aholini ro‘yxatga olishga ko‘maklashish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Respublika komissiyasi hamda hududiy komissiyalar tashkil etiladi.

2024-2026-yillarda Jahon bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan aholini ro‘yxatga olish uchun zarur texnik va dasturiy vositalar xarid qilinadi.

Shuningdek, 2025-yil 1-iyulga qadar mas’ul idoralarga aholi punktlari va ko‘chalar nomlari, uylar va hovlilarning to‘liq raqamlanganlik ko‘rsatkichlarini o‘rnatishni yakunlash topshirildi.

Loyiha muhokamasi esa 6-noyabrga qadar davom etadi.

O‘zbekiston Sobiq Sovet davridan buyon aholini ro‘yxatga olmagan

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1989-yildan buyon aholini ro‘yxatga olmagan. 2017-yildan ro‘yxat shakllantirilishi aytilar edi va ro‘yxatga olishni 2022-yilda o‘tkazish rejalashtirilgan edi, ammo COVID-19 pandemiyasi tufayli 2023-yilga ko‘chirilgandi.

O‘tgan yilning noyabr oyida aholini elektron ro‘yxatga olish o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Aholini ro‘yxatga olishning maxsus sayti joriy etildi, “Yangi O‘zbekistonning bir qismi bo‘l!” tadbirining logotipi va shiori tayyorlandi, biroq, ro‘yxatga olish o‘tkazilmadi.