$
 12916.18
-13.74
 13523.24
26.99
 147.60
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°
woodtech

AQSh O‘zbekistonda quriladigan AESga sarmoya kiritmoqchi

Atom

Qo‘shma Shtatlar Davlat Departamenti matbuot kotibi Temmi Bryusning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasidagi telefon muloqotida AQSh fuqarolik atom energiyasi texnologiyalariga sarmoya kiritish uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutayotgani ta’kidlangan.

Rasmiy axborot

Rasmiy axborotda qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar muhim foydali qazilmalar va AQShning fuqarolik atom energiyasi texnologiyalariga sarmoya kiritish uchun o‘zaro manfaatli imkoniyatlarni ta’kidlab, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutmoqda. Shuningdek, Rubio O‘zbekistonga noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish borasidagi hamkorlik va terrorizmga qarshi birgalikdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirgan.

"Rosatom" va O‘zbekiston aloqalari

2024-yilning may oyida “O‘zatom“ning AES qurish direksiyasi va “Atomstroyeksport“ kompaniyasi (“Rosatom“ injiniring bo‘limi) o‘rtasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektrostansiyasi (KQAS) qurish bo‘yicha shartnoma tuzgan edi. U 330 MVt quvvatga ega (har biri 55 MVt quvvatga ega oltita rektor) bo‘ladi va Jizzax viloyatida quriladi. Stansiya qurilishida “Rosatom“ bosh pudratchi bo‘ladi, O‘zbekiston kompaniyalari ham ishtirok etadi. O‘zbekiston atom energiyasi agentligi direktorining so‘zlariga ko‘ra, bosh pudratchini tanlashda siyosiy omillar emas, balki ishonchlilik va xavfsizlik mezonlari asos qilib olingan. “Rosatom” kichik AES uchun eng samarali yechimlarni taklif qilib, o‘zining yetarli tajribasini namoyish etgan. O‘zbekiston va Rossiyaning davlat korporatsiyasi barcha kelishuvlarni bajarish niyatida. Bu jarayon Rossiya va uning atom sanoatiga nisbatan qo‘llanilayotgan xalqaro sanksiyalarga qaramasdan amalga oshiriladi.

Hamkorlarni tanlashda ehtiyotkorlik lozim

Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik o‘z intervyusida O‘zbekiston hukumatini mamlakatdagi ilk atom elektrostansiyasi qurilishida texnik hamkorlarni tanlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga chorlagan edi. Elchi O‘zbekiston qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlar salohiyatni oshirish, texnik ekspertiza jabhalarida hamkorlik qilishdan mamnun bo‘lishini qayd etgan. “Albatta, hamkorlarni tanlash O‘zbekistonning ixtiyorida. Biz tadqiqot va texnologik ishlanmalarda, shuningdek, texnik hamkorlarni tanlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga undagan bo‘lardik. Xavfsizlik va boshqa masalalarda e’tirof qozongan respublikaga eng maqbul texnologiyalar majmuasini taklif etishi maqsadga muvofiq”, degan AQSh elchisi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot