$
 12829.07
-15.14
 13344.80
-163.46
 124.91
-2.44
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘iston va O‘zbekistonning tanlovi: AES qanchalik xavfsiz?

AES

Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari atom energetikasini rivojlantirishga yuz tutmoqda. Ayni vaqtda O‘zbekistonda kam quvvatli AES qurilishi boshlanar ekan, Qozog‘iston energetika inshootini qurish bo‘yicha referendum o‘tkazib, loyihalarni o‘rganishga kirishdi. Buyuk Britaniyaning sobiq atrof-muhit vaziri va NNWI kompaniyasi direktori Tim Yeo ushbu sohaning ahamiyati haqida fikr bildirdi, deb yozmoqda “Kazinform” nashri.

Mintaqa davlatlari atom generatsiyasini joriy qilish orqali nimalarga erishadi?

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston va O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, bu borada ilk qadamlarni tashlay boshladi.

Hozir Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun atom energetikasini rivojlantirish davri. Zero, gaz va ko‘mir yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich kamaytirish kerak. Mutaxassisning fikricha, bunga atom elektr stansiyasi yordamisiz erishib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, energiya balansida qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini oshirish muhim ahamiyatga ega. Masalan, AQSh atom energetikasini rivojlantirishda to‘g‘ri yo‘l tanlamadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari esa istiqbolli yo‘nalishga kirdi.

Yashil energiya bo‘yicha fikrlar

Qayta tiklanadigan energiya manbalari, xususan, quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari har doim ham ehtiyojni qoplay olmasligini tushunishimiz kerak, — deydi Yeo — AES esa uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlay oladi. Shu nuqtai nazardan, atom elektr stansiyalari uzluksiz elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beruvchi samarali manba bo‘lib, qayta tiklanadigan energiya manbalari, masalan, quyosh va shamol energiyasini to‘ldiradi.

Atom energetikasi energiya manbai sifatida qanchalik xavfsiz?

“Atom elektr stansiyalari energiya manbai sifatida ishonchli va xavfsizdir. Keyingi uch yil ichida biz Yevropa Komissiyasiga AESlarning inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavfsiz ekanini isbotladik. Bu xalqaro miqyosda tan olingan haqiqat bo‘lib, Xalqaro Atom Energetikasi Agentligi ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi,” — deya ta’kidladi Tim Yeo.

Shuningdek, u Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlarining uglerod neytralligiga erishish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. “Agar bu rejalar amalga oshmasa, ekologik ofatlar keltirib chiqaradigan oqibatlar juda jiddiy bo‘ladi,” — dedi Tim Yeo. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin 35-40 yil ichida ko‘mir va gaz kabi energiya manbalari kamayadi, bu esa issiqlik energiya markazlarini bosqichma-bosqich yopishni talab etadi.

Oʻzbekistonda AES qurilishi

“Rosatom” O‘zbekistonning Jizzax viloyatida ham kam quvvatli AES qurilishini boshlash arafasida turibdi. Forish tumani hududida, Tuzkon ko‘li yaqinida barpo etiladigan stansiya umumiy 330 megavattlik oltita RITM-200N reaktor blokidan iborat bo‘ladi. Qurilish-montaj ishlarini shu yil kuzda boshlash ko‘zda tutilgan. 10-sentyabr kuni loyiha doirasidagi ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolangan. “O‘zatom” agentligi huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Omonovning 15-oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan ilmiy anjumanda ma’lum qilishicha, O‘zbekiston kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish uchun xorij banklaridan mablag‘ jalb etmoqchi. AES qurilishi direksiyasi direktorining aytishicha, Hozirda bir necha Yevropa, Rossiya va mahalliy banklar bilan AESga sarmoya kiritish bo‘yicha muzokara olib borilyapti. “Qaysi banklar bizga ma’qul taklif bersa, ular bilan hamkorlik qilinadi. Chet el banklari krediti ham investitsiyaga tenglashtiriladi”, degan direksiya rahbari. Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida Dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekistonda uran zaxiralariga mavjudligi hamda uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etgandi.