$
 12910.15
-14.77
 14660.77
40.1
 159.78
-0.16
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

“Yilni katta xato bilan boshladik” — G‘ayrat Do‘stovning qamalishi jamoatchilik orasida noroziliklarga sabab bo‘lmoqda

qamoq

O‘zbekiston energetika muammolari har doim aholining kundalik hayotida dolzarb mavzulardan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, qish kelishi bilan aholining metan, gaz, benzin taqchilligi va uzilishlar bilan bog‘liq muammolari fonida vaziyat yanada keskinlashadi. Bu yil qish ham aksariyat haydovchilar kunlab navbat kutish, zapravkalar ochilish vaqtining noaniqligi va gaz ta’minotidagi uzilishlardan aziyat chekmoqda. G‘ayrat Do‘stovning holati esa xalqning bu boradagi noroziligini yanada kuchaytirgan hodisa sifatida yuzaga qalqdi.

O‘zi nima bo‘lgandi?

G‘ayrat Do‘stov uzun navbatlar va zapravkaning kutilmaganda yopilishidan norozi bo‘lib, yirtilgan poyabzalini ko‘rsatgan holda o‘z dardini bildirgani to‘g‘risidagi video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Bu omma ko‘nglida nafaqat energetika sohasidagi muammolarni, balki adolat masalasini ham ko‘tardi.

26-dekabr kuni Bektemir tumani sudi uni “mayda bezorilik”da ayblab, 15 sutkaga qamoqqa hukm qildi. Ushbu holat keng jamoatchilikning tanqidiga uchradi. Oddiy fuqaroning jazolanishini tizimdagi adolatsizlik sifatida qabul qilgan blogerlar, iqtisodchilar, huquqshunoslar, inson huquqlari himoyachilari va faol jurnalistlar G‘ayrat Do‘stovni himoyasiga kirishdi.

Jamoatchilikning munosabati

“Zapravkasi portlab 20 kishini o‘ldirgan boyvachchani ozodlikda qoldirib, zapravkada yirtik poyabzali bilan yig‘lagan bechorani qamoqqa tiqqan adolatimdan o‘rgulay…” — deb yozmoqda jurnalist Abror Zohidov. 

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov 2025-yil boshida “inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilamiz”, degan shiorga ishonishi hamda fuqaro kafolat ostida olib chiqilishi to‘g‘ri bo‘lishini yozgan.

“G‘ayrat Do‘stovga kafolat berib olib chiqilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Tuman, shahar kengashi deputatlari bor. Mahalla bor. Uyida qaramog‘ida bola-chaqasi ko‘z tikib o‘tirgandir.”

Oddiy xalq vakiliga qattiq jazoni qo‘llash, aksincha, davlatga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytiradi. U shuningdek, energetika tizimida shaffoflik bo‘lishi lozimligini talab qilib, zapravkalar faoliyatini aniq ko‘rsatadigan axborot tizimlari yo‘lga qo‘yilishi kerakligini urg‘ulaydi:

“Gaz zapravkalarining ochiqligi va ish vaqtini real vaqt rejimida ko‘rsatadigan tizim kerak. Buni yo‘lga qo‘yish shunchalik qiyinmi?”

“Adolatni his qilgan xalq ko‘p narsaga chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka emas”

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham G‘ayrat Do‘stovning 15 sutkaga qamalgani yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, adolatning kuchi va xalqning sabr-toqati haqida fikr yuritdi. U adolatni his qilish muhimligini ta’kidlab, bu holatni davlatning katta xatosi deb atadi:

“Agar xalq adolatni his qilsa, juda ko‘p muammolarga sabr bilan chiday oladi. To‘g‘ri, muammolardan norozi bo‘lib, e’tirozini baralla aytadiganlari ham ko‘p bo‘lishi tabiiy, chunki xalq bu yaxlit tana emas, 37 million xil insondan tarkib topgan. Ammo gapirib-gapirib, baribir muammolarga sabr qilishda, tishini-tishiga qo‘yib, turmush tashvishlari bilan o‘ralashishda davom etaveradi. Axloqsizlikka o‘tmaydi. Dardini aytib, sal yengillashishi mumkin, chunki bu jinoyat emas.”

Xushnudbek ushbu holatni “yilni katta xato bilan boshladik” deb baholadi va bunday tashabbus xalqning davlatga bo‘lgan ishonchiga katta zarar keltirishi haqida ogohlantirdi:

“Yilni katta xato bilan boshladik. Afsus, ming afsus. Zig‘irchalik foydasi bo‘lmagan, ammo xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi nuqtayi nazaridan juda katta zarar olib keladigan ushbu tashabbus kimdan chiqqanini bilmayman. Ammo bu xatoning o‘rnini qoplash uchun juda ko‘p ish qilinishi kerakligini aniq bilaman.”

Rasul Kusherboyev esa bu voqeani jamoatchilik tanqidiga bo‘lgan toqatsizlik sifatida baholaydi. U bag‘rikenglik va ochiqlikni amaldorlar faoliyatining asosiy tamoyillariga aylantirish lozimligini eslatdi.

Muammolarni hal qilishning oson yo‘li bor edi

Ko‘plab tahlilchilar va faollar G‘ayrat Do‘stovning jazolanishi o‘rniga, u bilan konstruktiv muloqot o‘tkazilib, qonunbuzarlikning mohiyati tushuntirilishi, ehtimol, ogohlantirish bilan cheklanilishini taklif qilmoqda. Ushbu jarayonlar qattiq jazo o‘rniga yumshoq, lekin samarali usullar bilan hal qilinishi mumkin edi. Xususan, jurnalist va bloger Muhammad Temur Azam shunday yozadi: “Davlat o‘z kuchini noto‘g‘ri yo‘nalishda ishlatdi. Norozilik bildirgan fuqaro bilan muloqot qilish va uni qonunlar doirasida tushuntirish o‘rniga, jazolash yo‘lini tanlash davlatning o‘ziga zarar yetkazadi.”

Qani endi gazga oid muammolarimiz shu bilan hal bo‘lsa...

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev ushbu fuqaroni 15 sutkaga qamash bilan O‘zbekistonning energetika muammolari barham topmasligini eslatgan.

“Shu akani 15 sutkaga qamab qo‘yishibdi, hozir advokatlar bu kishiga ko‘ngilli ravishda yordam berish uchun yugurib yurgan ekan. Shu akani 15 sutkaga qamash bilan qani endi O‘zbekiston gaz importchisidan yana gaz eksportchisiga aylanib qolsa, O‘zbekistonning energetika muammolari barham topsa. O‘zbekistonliklar energetika muammolarini, umuman, muammolarni gapirmagani bilan muammolar yo‘q bo‘lib qolmaydi-ku.

Hozirgi O‘zbekiston avvalgisidan sal bo‘lsa-da yaxshiroq bo‘lsa, aynan shu jihati — muammolar aytilgani va keyin ularga yechimlar topilgani bilan yaxshiroq bo‘lmaganmidi axir? Aka bechora pragaliklardan yil davomida eshitgan har xil gaplarni gapirgan bo‘lsa ham mayli edi”, — deydi A’zamxo‘jayev.

Qo‘llab-quvvatlov

Inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov G‘ayrat Do‘stovning oilasini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayriya yig‘imlarini yo‘lga qo‘yganini e’lon qildi. Tashanovning ta’kidlashicha, Do‘stovning yaqinlari ushbu holatdan qattiq cho‘chib qolgan va jamoatchilik yordami ular uchun katta dalda bo‘ladi. Xayriya mablag‘lari maxsus karta hisob raqamiga tushmoqda, barcha jarayonlar shaffof tarzda olib borilmoqda va hisobotlar jamoatchilikka ochiq holda taqdim qilinadi.

Теги :
Jamiyat