Yangi yil kechasida ovqatdan zaharlanmaslik uchun nima qilish kerak?
Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bosh mutaxassisi bayram dasturxoni uchun mahsulot tanlashda ehtiyotkor bo‘lish, ovqatni saqlash qoidalariga rioya qilish bo‘yicha muhim tavsiyalarni berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Bilamizki, bayram oldi kunlari oila boshliqlaridan tortib, uy bekalarigacha bozor va do‘konlarga shoshilishadi. Yangi yil dasturxonini boyitish maqsadida har xil oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilinadi. Biroq bunda ortiqcha ehtiyotsizlik qilish ko‘pincha noxush holatlarga olib keladi. Shu bois, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Abdurahmon Ismoilov bayram kunlarida oziq-ovqat mahsulotlarini tanlash va iste’molda e’tibor qilish lozim bo‘lgan jihatlar haqida ogohlantirdi.
Nega Yangi yil kechasida zaharlanish kuzatiladi?
Bayram taomlari uchun mahsulotlarni ishonchli do‘konlardan xarid qilgan ma’qul. Ularni tanlashda ishlab chiqarilgan sana, qanday haroratda saqlash va tarkibi bilan tanishish zarur.
Yangi yil bayramida ayrim yeguliklar ancha ilgari tayyorlab qo‘yiladi. Shu sababli bayram kunlarida ovqatdan zaharlanish hayratlanarli hol emas.
Mahsulotlarni diqqat bilan tanlang
Bayram taomlari uchun mahsulotlarni ishonchli do‘konlardan xarid qilgan ma’qul. Ularni tanlashda ishlab chiqarilgan sana, qanday haroratda saqlash va tarkibi bilan tanishish zarur.
Yog‘li go‘shtdan ehtiyot bo‘ling
Qiymali o‘rdak go‘shti, olma bilan pishirilgan g‘oz, va yana go‘shtdan tayyorlanadigan bir qancha mazali, tansiq va bayramona taomlar... Ularning xavfliligi ham shunda: hammaning oshqozoni ko‘p miqdorda yog‘ va go‘sht hazm qilishga qodir emas. Yangi yilda ko‘proq taom iste’mol qilinishini hisobga olsak, yog‘li go‘shtni yog‘siz, kaloriyasi kam go‘shtga almashtirilsa, ko‘p noxush vaziyatlarning oldini olinadi. Go‘shtli taomlarni sabzavotlar bilan tayyorlash lozim. Shunda taom oshqozonda og‘irlik va jig‘ildon qaynashini chaqirmaydi.
Taomni uzoq muddatga saqlamang
Yanvarda ko‘p zaharlanishning sabablaridan biri uzoq muddat saqlangan yeguliklarni iste’mol qilish. Yangi yildan so‘ng ko‘p mahsulotlarni tashlab yuborishga ko‘zimiz qiymaydi, shu sababli bir necha kunlab iste’mol qilamiz. Bunday bo‘lmasligi uchun Yangi yil uchun 1-2 kunlik taom, yeguliklar tayyorlagan ma’qul.
Tez sifatini yo‘qotadigan “nozik” mahsulotlarni muzlatkichda saqlash lozim.
Spirtli ichimliklarning zararli
Spirtli ichimliklardan zaharlanish bayramning eng xavfli oqibatlaridan biri. Buning oldini olish uchun ichimlik sifatiga e’tibor qaratish lozim. Spirtli ichimliklarni boshqa shirin ichimliklar bilan aralashtirmaslik, meyorga amal qilish kerak.
Bayramdan so‘ng spirtli ichimliklar odatda kuchli bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Alkogol mahsulotlarni mineral suv bilan ichish mumkin emas.
Zaharlanish holatlarida nima qilish kerak?
Agar ovqatdan zaharlanish holati kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Bayram kunlarida aholini hushyorlikka chaqirgan Ismoilov zaharlanish xavfi yuqori bo‘lgan mahsulotlarga alohida e’tibor qaratishni ta’kidladi.



