$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

8 oyda yer uchastkalarini noqonuniy egallagan 394 nafar shaxs javobgarlikka tortildi

uy buzilish

Joriy yilning 8 oyida yer uchastkalarini noqonuniy egallab olgani uchun 394 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. BU haqda AOKAda bolib otgan brifingda ma’lumot berildi.

Qanday javobgarlik bor?

Ma’lumki, yer — davlat mulki. Shunday ekan, yer uchastkalarini ko‘rsatib o‘tilgan tarzda noqonuniy ravishda egallab olgan shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 60-moddasiga muvofiq yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari, mansabdor shaxslarga — ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga — uch yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bu turdagi qonunbuzarliklar soni ko‘paymoqda

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil mobaynida aynan mazkur modda bilan 335 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo tayinlangan. Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi mobaynida esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 60-moddasi bilan 394 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 

Shu bilan birga, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 229-1-moddasiga asosan, javobgarlikka sabab bo‘ladi. 

Sug‘oriladigan yer maydonlaridan foydalanish

Qonunchilikda sug‘oriladigan yer maydonlari alohida muhofazaga ega bo‘lib, sug‘oriladigan yerlardan faqat Yer kodeksida nazarda tutilgan maqsadlar uchungina foydalanish mumkin. Mazkur toifadagi yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi 2-qismida bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. 

638 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi

O‘z navbatida mazkur modda bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarga e’tibor qarataylik. 2023-yil davomida Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish natijasida 587 nafar shaxs sudlanib, ularga nisbatan jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash hamda ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi mobaynida esa ushbu modda bilan 638 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. 

Yerga bolgan huquqni noqonuniy sotish

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 229-6-moddasida sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda Jinoyat kodeksining 229-6-moddasi bilan 44 nafar shaxsga ayblov hukmi chiqarilgan. 2024 yilda esa mazkur modda bilan 47 nafar shaxsga nisbatan jinoiy jazolar tayinlangan.