$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik tarixiy sulh e’lon qilindi

Kelishuv

Diplomatik sa’y-harakatlar va Pokistonning vositachiligi natijasida Vashington va Tehron o‘rtasidagi keskinlik vaqtinchalik to‘xtatildi. Hurmuz bo‘g‘ozining ochilishi evaziga hujumlarni kechiktirgan Donald Tramp, mintaqada uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish imkoniyati paydo bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Yaqin Sharqdagi vaziyat portlash darajasiga yetgan bir pallada, dunyo hamjamiyati yengil tin oldi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik muddatga o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rozilik berdi. Mazkur kelishuvning asosiy sharti sifatida Tehron strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Hurmuz bo‘g‘ozini xalqaro kemalar harakati uchun zudlik bilan qayta ochishi belgilangan.

Trampning “Truth Social”dagi bayonoti

Ushbu kutilmagan qaror Oq uy tomonidan Tehronga qo‘yilgan ultimatum muddati tugashiga bor-yo‘g‘i ikki soat qolganda e’lon qilindi. Avvalroq Donald Tramp agar talablar bajarilmasa, Eronning infratuzilmasi, xususan, ko‘priklar va elektr stansiyalari vayron qilinishi, mamlakat “tosh davri”ga qaytarilishi haqida qat’iy ogohlantirish bergan edi. Biroq diplomatik kanal orqali erishilgan natijalar harbiy amaliyotni vaqtincha to‘xtatib turishga sabab bo‘ldi.

Prezident Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida shunday yozadi:

“Bugun tunda Eronga berilishi rejalashtirilgan vayronkor zarbani to‘xtatib turish iltimosi bilan menga murojaat qilgan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va feldmarshal Osim Munir bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra hamda Eron Islom Respublikasi Hurmuz bo‘g‘ozini TO‘LIQ, ZUDLIK BILAN va XAVFSIZ SHARTLARDA OCHISHGA rozilik bergan taqdirda, men Eronga qilinadigan bombardimon va hujumlarni ikki hafta muddatga to‘xtatib turishga roziman. Bu ikki tomonlama O‘T OCHISHNI TO‘XTATISH bo‘ladi!”

Trampning tushuntirishicha, AQSh o‘z oldiga qo‘yilgan barcha harbiy vazifalarni muvaffaqiyatli ado etib bo‘lgan va hozirda tomonlar yakuniy tinchlik shartnomasi ustida qizg‘in ish olib bormoqda. AQSh rahbari Tehrondan olingan 10 banddan iborat takliflar to‘plami kelajakdagi kelishuv uchun mustahkam poydevor bo‘lishini e’tirof etdi.

Pokistonning diplomatik muvaffaqiyati

Ushbu inqirozni yumshatishda Pokiston hukumati hal qiluvchi rol o‘ynadi. Bosh vazir Shahboz Sharif Trampga murojaat qilib, diplomatiya uchun imkoniyat berishni so‘ragan edi.

“Men prezident Trampdan [ultimatum] muddatini ikki haftaga uzaytirishni qat’iy so‘rayman. Pokiston eronlik birodarlaridan ezgu niyat ramzi sifatida Hurmuz bo‘g‘ozini tegishli ikki haftalik muddatga ochishni chin dildan iltimos qiladi… toki diplomatiya mintaqadagi uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik yo‘lida urushni uzil-kesil to‘xtatishga erishsin”, – degan edi Sharif o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi postida.

Xalqaro nashrlar, jumladan, CNN va New York Times'ning xabar berishicha, ushbu taklifni nafaqat Eron oliy rahnamosi, balki Isroil tomoni ham ma’qullagan va o‘t ochishni to‘xtatish tartibiga qo‘shilishga tayyorligini bildirgan.

“Tarixiy g‘alaba”mi?

Eron tomoni mazkur sulhni o‘zining diplomatik va harbiy g‘alabasi sifatida talqin qilmoqda. Eron Milliy xavfsizlik kengashining Fars agentligi orqali tarqatgan bayonotida AQSh va Isroilning “mag‘lubiyatga uchragani” da’vo qilinadi:

“Dushman Eron xalqiga qarshi olib borgan adolatsiz, noqonuniy va jinoiy urushida, shubhasiz, tarixiy va qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi… Eron buyuk g‘alabaga erishdi va jinoyatchi AQShni o‘zining o‘n banddan iborat rejasini qabul qilishga majbur etdi. Ushbu rejaga ko‘ra, AQSh Eronga hujum qilmaslik, Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan Eron nazoratini saqlab qolish, uranni boyitish huquqini tan olish, barcha birlamchi va ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish, BMT Xavfsizlik kengashining barcha rezolyutsiyalarini to‘xtatish, tovon puli to‘lash, AQSh harbiy kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketish hamda barcha frontlardagi urushni, jumladan, Livanning qahramon islomiy qarshilik harakatiga qarshi kurashni to‘xtatish majburiyatini oldi”.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi bo‘g‘oz orqali harakatlanish Eron qurolli kuchlari nazorati va texnik muvofiqlashtiruv ostida bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Iqtisodiy bozorlardagi “Zilzila”

Urush xavfining chekinishi dunyo moliya va energetika bozorlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Onivest.com ma’lumotlariga ko‘ra, neft narxi keskin qulagan: WTI rusumli neft 16 foizdan ko‘proqqa, Brent esa 14 foizga arzonlashib, barreliga 94-95 dollar atrofida barqarorlashdi. Tahlilchilar agar uzoq muddatli kelishuv imzolansa, narxlar yana 15-30 dollarga arzonlashishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar.

Shu bilan birga, AQSh fond bozorlarida o‘sish kuzatildi. S&P 500 va Nasdaq indekslari mos ravishda 2,3 va 2,7 foizga ko‘tarilib, investorlarning xavotirlari tarqalganini ko‘rsatdi.

Tomonlar o‘rtasidagi yakuniy tinchlik muzokaralari joriy yilning 10-aprel kuni Pokiston poytaxti Islomobodda boshlanishi kutilmoqda. Dunyo nigohi endi ushbu uchrashuv natijalariga qaratilgan.

Теги :
Jamiyat
Siyosat