$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekistonning YaIM hajmi 101 mlrd. dollardan oshdi

yalpi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida Statistika agentligi va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalari ekspert va ilmiy doiralarda muhokama qilindi. Tadqiqotning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda “kuzatilmaydigan iqtisodiyot” hajmini baholash natijalarini muhokama qilish va uning boshqa makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga ta’sirini oʻrganishdan iborat.

Xalqaro davra suhbati

2024-yil 31-iyul kuni Toshkentda «Oʻzbekistondagi norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholash natijalar» mavzusida Xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirning maqsadi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) texnik koʻmak missiyalari doirasida olib borilgan tahlil natijalarini muhokama qilishdan iborat boʻldi.

Statistika agentligi hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ushbu tadbirni tashkil etishdi.

Iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan islohotlar

Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Statistika agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Soliq qoʻmitasi, ekspertlari, shuningdek, vazirliklar va idoralar, “aqliy markazlar”, universitetlar, xalqaro tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xaqimov, tadbirni ochib, ishtirokchilarni Oʻzbekistonda iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan islohotlar haqida xabardor qildi. U norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholashni mavjud salohiyatni aniqlash va samarali davlat siyosatini ishlab chiqish uchun muhim instrument sifatida ta’kidladi.

“Bu tadqiqotlar faqatgina iqtisodning hozirgi holatini tushunishga yordam bermay, balki norasmiy sektorni legalizatsiya qilish va rasmiy iqtisodiyotga integratsiya qilish uchun sharoit yaratishga ham xizmat qiladi”, – dedi.

Statistik ma’lumotlarni yigʻish va shakllantirishning sifati

Obid Xaqimov ishtirokchilarni taklif etilgan mavzularni faol muhokama qilishga va oʻz fikrlarini boʻlishishga chaqirdi, shunga koʻra, birgalikda barqaror iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlovchi strategiyalarni ishlab chiqish mumkin.

Statistika Agentligi direktori Baxodir Begalov ishtirokchilarga murojaat qilib, statistik ma’lumotlarni samarali iqtisodiy siyosat va barqaror rivojlanishni shakllantirishdagi ahamiyatini ta’kidladi. Statistika agentligi direktori mamlakat rahbariyati tomonidan statistik ma’lumotlarni yigʻish va shakllantirishning sifati, shaffofligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, shuningdek, bu jarayonda xalqaro tashkilotlar tomonidan texnik va metodologik yordam koʻrsatilayotganini qayd etdi.

“Oʻzbekiston bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida”

Mutaxassislar tomonidan norasmiy iqtisodiyotning keng qamrovli yoʻnalish ekanligi qayd etildi. Norasmiy va yashirin sektorlarni inobatga olgan holda maroiqtisodiy koʻrsatkichlarni qayta hisoblash natijasida mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlar boʻyicha tarkibidagi oʻzgarishlar muhokama qilindi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze: “Oʻzbekiston bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida, bu esa uzoq yoʻl. Biz oʻzbek hamkasblarimizga statistik hisob-kitob va tahlil sohasida koʻmak berishga tayyormiz. XVJ ekspertlari tomonidan taqdim etiladigan texnik koʻmak biz uchun ham manfaatli, chunki bu mamlakatdagi statistika holati haqidagi ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi. Buning asosida, iqtisodiy rivojlanish dinamikasini kuzatish imkoniga ega boʻlamiz”, – deb ta’kidladi.

Iqtisodiyotni hisobga olgan holda milliy hisoblarni qayta koʻrib chiqish zarur

Levan Gogoberishvili, real sektor statistikasi boʻyicha Xalqaro valyuta jamgʻarmasi mutaxassisi, oʻz video murojaatida XVFning milliy hisoblar statistikasi boʻyicha Oʻzbekistonda oʻtkazilgan texnik yordam missiyalari natijalari boʻyicha qisqa xulosalarni taqdim etdi.

Mutaxassis kuzatilmaydigan iqtisodiyotni hisobga olgan holda milliy hisoblarni qayta koʻrib chiqish zarurligini ta’kidladi, statistik ma’lumotlarning toʻliqligini ta’minlash va iqtisodiyotning holati haqida aniqroq tasavvurga ega boʻlish muhimligini qayd etdi.

Nominal YaIM darajasi taxminan 10-12 foizga oshadi

Shuningdek, mutaxassis 2019-yilda Oʻzbekiston milliy hisoblari koʻrsatkichlari boʻyicha oʻtkazilgan oldingi qayta koʻrib chiqish natijasida asosiy oʻzgarishlar qishloq xoʻjaligi ma’lumotlariga tegishli boʻlganini ta’kidladi. 2024-yildagi qayta koʻrib chiqish davomida esa asosiy oʻzgarishlar kuzatilmaydigan iqtisodiyot elementlariga tegishli boʻlgan. Bu sohalarga qurilish, mehmonxonalar va restoranlar, sogʻliqni saqlash, ta’lim va boshqalar kiritilgan.

Ekspertning soʻzlariga koʻra, qayta baholashlar natijasida nominal YaIM darajasi taxminan 10-12 foizga oshadi. Shu bilan birga, real YaIM oʻsish sur’atining maksimal oʻzgarishi taxminan 0,8 foiz punktgachani tashkil etadi. “Shuning uchun, bu ma’lumotlarning e’lon qilinishi milliy hisoblar koʻrsatkichlari sifatining sezilarli yaxshilanishini ta’minlaydi”, - dedi Gogoberishvili.

Mutaxassis, shuningdek, milliy hisoblar koʻrsatkichlarining navbatdagi umumiy qayta koʻrib chiqilishi 2029-yilda amalga oshirilishi moʻljallanganini bildirib oʻtdi.

Norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash

Davra suhbatida Statistika agentligi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshligʻi Abrorali Mamadjanov makroiqtisodiy koʻrsatkichlar tarkibida norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholash natijalarini taqdim etdi. Uning qayd etishicha, norasmiy va yashirin sektorlar hajmini baholash keng koʻlamli tahlillar va aniq ma’lumotlarni talab qiladi. Sifatli amalga oshirilgan hisob-kitoblar iqtisodiy siyosatni samarali rejalashtirish va asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Mazkur tadbir doirasida norasmiy va yashirin iqtisodiyotning hajmi hamda uning makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga ta’siri boʻyicha hisob-kitob natijalari muhokama qilindi. Norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash tanlanma statistik kuzatuvlar va ma’muriy ma’lumotlar asosida amalga oshirildi.

Respublika boʻyicha 14 ta hududda o’tkazilgan tadqiqot

Tadqiqot respublika boʻyicha 14 ta hududda olib borildi: Xususan, 2023-yilning iyul-avgust oylarida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) texnik koʻmak missiyasi jalb etilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 165 ta tuman boʻyicha 7 mingdan ziyod uy xoʻjaliklarining yashash va ovqatlanish, transport, madaniyat, ta’lim, sogʻliqni saqlash va boshqa xizmatlariga xarajatlari soʻrovnoma asosida oʻrganildi.

Yigʻilgan ma’lumotlar asosida norasmiy va yashirin iqtisodiyotning hajmi hamda uning YaIM ga ta’siri sohalar va hududlar boʻyicha 2017-2023 yillar uchun baholandi. Bu esa mamlakatda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning koʻlami va uning umumiy iqtisodiy faoliyatga ta’sirini aniqlash imkonini berdi.

125,6 trillion soʻmga oshgan nominal YaIM hajmi

Olib borilgan tanlanma statistik kuzatuvlar va hisob-kitoblar natijasida YaIM va aholi jon boshiga YaIM kabi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning qamrovi yaxshilandi, shuningdek, ularning xalqaro metodologiyalarga muvofiqligi ta’minlandi.

Amalga oshirilgan hisob-kitoblar natijasida 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasining nominal YaIM hajmi 125,6 trillion soʻmga (10,7 milliard dollarga) oshdi va 1 192,2 trillion soʻm (101,6 milliard dollar)ni tashkil etdi.

Muhokamalar davomida ekspertlar ma’lumotlarni xalqaro standartlarga (XVJ yoki Jahon banki metodologiyasi) muvofiqlashtirishning ahamiyatini ta’kidladilar. Bu boshqa mamlakatlar bilan ma’lumotlarni taqqoslash, iqtisodiy koʻrsatkichlarni aniq tahlil qilish uchun foydalanishga yordam beradi.

Tadqiqot natijalari boʻyicha batafsil ma’lumot

Davra suhbati yashirin iqtisodiyotni soyadan chiqarish strategiyalarini ishlab chiqish uchun muhim platforma boʻldi. Bu esa, oʻz navbatida, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, jumladan, YaIM tarkibida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmlarini toʻliq aks ettirish boʻyicha olib borilgan ishlarning muhimligini koʻrsatdi.

Ishtirokchilar davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar oʻrtasidagi hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar. Bu hamkorlik norasmiy va yashirin iqtisodiyotni soyadan chiqarish va rasmiy sektorga integratsiya qilishga yordam beradi, barqaror iqtisodiy oʻsishni ta’minlash hamda Oʻzbekiston fuqarolarining hayot darajasini yaxshilashda kalit omil boʻladi.

Tadqiqot natijalari boʻyicha batafsil ma’lumot joriy yil 6-avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida oʻtkaziladigan matbuot anjumanida e’lon qilinadi.

Теги :
Jamiyat