$
 12938.11
18.11
 14076.66
-25.52
 149.99
0.47
weather
+26
Кечаси   +14°

“Konvertda” oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi

konvert

Bugun, 7-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘nggi uch yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va kelajak rejalari muhokama qilindi.

Xizmatlar sektori keskin rivojlandi

Hukumat tomonidan xizmatlar sektorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar o‘z natijasini bera boshladi. Aholining daromad manbalari kengayib, ushbu sohada qo‘shimcha 1,5 million kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. Xizmatlar hajmi 2018-yildagi 19 milliard dollardan 65 milliard dollarga yetdi. Ayniqsa, IT, moliyaviy xizmatlar, turizm, aviatsiya, ta’lim va tibbiyot sohalarida katta o‘sish kuzatildi.

Soliq imtiyozlari samara beryaptimi?

Aholining to‘lov qobiliyati ortib borayotgani sababli yangi xizmat turlariga talab sezilarli darajada oshdi. Shu bois, Prezident xizmatlar sektorini yanada rivojlantirish uchun mahalliy hokimliklar va mas’ul vazirliklarga vazifalar yukladi.

Xizmatlar sohasida soliq imtiyozlari o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi. Ikki yil avval savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi. Natijada korxonalar soni 1,5 karra oshib, ularda ishchilar soni 220 mingga ko‘paydi. Eng muhimi, ko‘plab tadbirkorlik subyektlari yashirin iqtisodiyotdan chiqib, ish haqlarini rasmiy ko‘rsatishga o‘ta boshladi.

Mamlakatda ish haqi 3,2 karra oshdi

Bu jarayon natijasida mamlakatda ish haqi 3,2 karra oshdi, soliq tushumlari esa qo‘shimcha 2,1 trillion so‘mga ko‘paydi. Shu sababli, ko‘plab tadbirkorlar ijtimoiy soliq bo‘yicha berilgan imtiyoz muddatini yana uch yilga uzaytirish bo‘yicha taklif bildirishgan edi. Prezident ushbu taklifni ma’qullab, endilikda imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 million so‘m oylik oladigan 30 yoshgacha bo‘lgan ishchilariga nisbatan qo‘llanishini belgiladi.

“Konvertda” oylik berayotgan tadbirkorlar ogohlantirildi

Biroq hamma ham ushbu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanayotgan emas. Hali ham oyliklarni yashirin tarzda, “konvertda” to‘lash holatlari uchraydi. Shu bois, davlat rahbari xufiyona faoliyat yuritib, soliqlardan qochayotgan tadbirkorlar ustidan nazoratni kuchaytirilishi kerakligini alohida ta’kidladi.

Bundan tashqari, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida bandlikni rasmiylashtirishni yengillashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etiladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomalarini tuzish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa sektorni yanada “oqartirish” va ishchilarning rasmiy daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot