$
 11937.60
-37.19
 13961.02
-47.09
 159.47
-0.17
weather
+26
Кечаси   +14°

Ayollarga nisbatan kibertahdid va virtual zo‘ravonlik xavfi keskin oshmoqda

kibertahdid

Sun’iy intellekt (SI) imkoniyatlarining jadal rivojlanishi, anonimlik va samarali qonunchilikning yetishmasligi raqamli makonda ayollarga nisbatan kibertahdid va virtual zo‘ravonlik xavfini keskin oshirmoqda. Bu haqda BMT Ayollar bo‘limining (UN Women) 1500 dan ortiq ayol ishtirok etgan so‘rovnomaga asoslangan hisobotida so‘z boradi.

So‘rov natijalari

Unga ko‘ra, jamoat hayotida faol bo‘lgan ayollar, xususan, huquq himoyachilari va jurnalistlar internetdagi zo‘ravonlikning yanada murakkab shakllariga duch kelmoqdalar. So‘rovda qatnashgan ayollarning 6 foizi “deepfake” qurboni bo‘lganini, qariyb uchdan biri jinsiy mazmundagi xabarlar olganini, 12 foizga yaqini esa o‘z shaxsiy yoki intim tasvirlari roziligisiz tarqatib yuborilganini bildirgan.

BMT mutaxassisi Kalliopi Mingeyruning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt zo‘ravonlikni osonlashtirib, uning ta’sirini kuchaytirmoqda. Bunday hujumlar tasodifiy emas, balki muvofiqlashtirilgan tizim asosida amalga oshiriladi hamda ayollarning jamiyatdagi ovozini o‘chirishga qaratilgan. Xususan, yil boshida Ilon Maskning *Grok* sun’iy intellekt vositasiga ayollar suratlaridan kiyimlarni “olib tashlash”ni talab qiluvchi yuz minglab so‘rovlar kelib tushgani va nemis televideniye yulduzi Kolliyen Fernandesning shaxsiy tasvirlari SI orqali soxtalashtirilgani bunga yaqqol misoldir.

Hisobotda keltirilishicha, onlayn tazyiqlar ayollarni raqamli makondan foydalanish va xavfsizlikni tanlash o‘rtasida qiyin ahvolga solmoqda. Natijada ayol jurnalistlarning 45 foizi ijtimoiy tarmoqlardan o‘zini cheklashini bildirgan bo‘lsa, 22 foizga yaqini o‘zini o‘zi senzura qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa jamiyatda xolis axborot tarqatish jarayoniga jiddiy putur yetkazadi. BMT

Xavotir yoki depressiya

Ayollar bo‘limi ijrochi direktori Sima Baxusning qayd etishicha, onlayn boshlangan zo‘ravonlik virtual olamda qolib ketmaydi, balki real hayotga o‘tib, ruhiy salomatlikni izdan chiqaradi. So‘rovda qatnashgan ayol jurnalistlarning 25 foiziga xavotir yoki depressiya tashxisi qo‘yilgan, 13 foizi esa posttravmatik stress sindromini boshdan kechirgan. Vaziyatni o‘nglash uchun BMT texnologiya kompaniyalarini himoya va shikoyat mexanizmlarini yaratishga, hukumatlarni esa ayollarni kiberta’qibdan himoya qiluvchi qonunchilikni takomillashtirishga chaqirgan, chunki hozirda dunyo mamlakatlarining 40 foizdan kam qismida bunday qonunlar mavjud.

Теги :
Jamiyat