$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Yer uchastkalari bilan bog‘liq qonun qabul qilinishiga nima sabab bo‘ldi va bu aholi hayotida nimani o‘zgartiradi?

yer uchastkalari yer uchastkalari

Oy boshida joriy yilning 8-noyabridan kuchga kirishi ko‘zda tutilayotgan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. Qonun qabul qilinishiga sabab bo‘lgan holatlar va qonunning ahamiyati haqida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev ma’lumot berdi.   

Qonun qabul qilinishiga sabab bo‘lgan holat 

Shuhrat Cho‘lliyev qonunning ishlab chiqilish tarixiga to‘xtalib, Buxoro viloyatining Olot tumanidagi fuqarolar murojaatidan so‘ng ishchi guruh tuzilganini ta’kidladi. O‘rganishlar davomida respublika bo‘ylab 3,8 milliondan ortiq yer uchastkalarining huquqiy maqomi yo‘qligi aniqlandi. Ushbu muammoning dolzarbligi sababli, u respublika miqyosida ko‘rib chiqildi. Shunday qilib, millionlab yurtdoshlarimiz hayotiga bevosita daxldor bo‘lgan mazkur qonun Prezidentimiz tomonidan 5-avgustda imzolandi.

Qonunda nimalar nazarda tutilgan va aholiga qanday qulayliklar yaratiladi?

Mazkur qonun 6 bob, 35 moddadan iborat bo‘lib, uning amal qilish muddati 2028-yil 1-yanvarga qadar etib belgilangan.

Qonun bilan fuqarolar tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan bo‘lgan huquqlar e’tirof etiladi.

Bundan tashqari, “Bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga egalik huquqi rasmiylashtiriladi.

2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari kengashi tomonidan o‘z vaqtida tasdiqlanmagan yer uchastkalari, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turarjoylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, 2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga, fuqarolarning, tadbirkorlik subyektlarining qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasi bo‘yicha huquqlar ham qonuniylashtiriladi.

Qanday shartlar belgilangan?

Qonunda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer va inshootlarga huquqlarni e’tirof etish uchun yer uchastkasining boshqa shaxslarga ajratilmagan yoki auksionga qo‘yilmagan bo‘lishi, nizolar va soliq qarzdorligi mavjud emasligi, shaxsning shirkat a’zosi bo‘lishi, investitsiya majburiyatlarining bajarilganligi kabi shartlar belgilangan. Shuningdek, yer uchastkasining o‘lchami hududga qarab aniq belgilangan: 1998-yil 1-iyulgacha egallangan yerlar uchun 0,24 gektar, 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-maygacha bo‘lgan davrda egallangan yerlar uchun esa Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, boshqa hududlarda 0,12 gektardan oshmasligi lozim. Agar egallangan yer ushbu hajmlardan ortiq bo‘lsa, qolgan yer dehqon yoki tomorqa xo‘jaligi uchun rasmiylashtiriladi.

Huquqlarni e’tirof etish jarayoni va uning bosqichlari

Cho‘lliyevga ko‘ra, Qonun bilan huquqlarni e’tirof etish bosqichlarini amalga oshirishda, dastlab, Kadastr agentligi avtomatlashtirilgan axborot tizimiga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi. Vakolatli tashkilotlar (hokimlik, qurilish, ekologiya, suv, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) ikki oy muddatda har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga biriktiradi.

Avtomatlashtirilgan axborot tizimida to‘liq shakllantirilgan elektron yig‘majild ma’lumotlari tegishli fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarining e’lonlar uchun burchaklarda, Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida hamda boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Ushbu ma’lumotlar ustidan manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar vakolatli tashkilotlarga bir oy ichida shikoyat qilishi mumkin. To‘plangan barcha hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi tizim orqali Adliya vazirligining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan ikki oy ichida o‘rganib chiqiladi.

Теги :
Jamiyat