$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Tadbirkorlar reytingi joriy qilingandan keyin o‘rtacha oylik 1,4 barobarga oshgan

Prezident

Bugun, 23-sentyabr Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Kambag‘allikdan farovonlik sari

Unda davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish masalalariga to‘xtaldi. Prezident kuni kecha imzolagan 2 ta muhim hujjatga muvofiq, shu yilning o‘zida 500 ming, kelgusi yilda yana 1 million odamni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi boshlanmoqda.

Bandlik vazirligida yangi tayinlov

Bu dasturni amalga oshirish uchun Bandlik vazirligi faoliyatida keskin o‘zgarish qilib, yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tasdiqlangani ma’lum qilindi. Bu vazirlik faoliyati ham mutlaqo boshqacha bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi. Mahallabay agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari hamda hokim yordamchilari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga o‘tadi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidagi o‘zgarishlar

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz oldida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida ochilayotgan ulkan imkoniyatlarni to‘liq ishga solish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi va Bexzod Musayev unga rahbar etib tayinlanadi.

Agentlikka fuqarolarimizning xorijdagi yuqori daromadli mehnat bozorlariga kirishi bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirish topshirildi. Hokimlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz taqdiri uchun agentlik bilan tengma-teng javobgar bo‘lishi belgilandi.

Kambag‘al oilalarga 50 ming gektar yer

Bundan tashqari, kambag‘al oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun 50 ming gektar yer ajratish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va hokimliklarga yana qo‘shimcha 50 ming gektar yer topish, ular negizida 200 ming oilani daromadli qilib, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish topshirildi.

Ipoteka bog‘lari

So‘x, Baxmal, Pop, Ohangaron tumanlarida sanoatlashgan “in-vitro” bog‘lar yaratish tajribasini butun respublikaga yoyish zarurligi qayd etildi.

Bunda “ipoteka bog‘lari” yaratilib, hosilga kirganidan keyin odamlarga 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi. Bog‘ yarataman, degan tadbirkorga yerni arzon krediti va tayyor loyihasi bilan birga beradigan tizim bo‘ladi. Ushbu tizimni yo‘lga qo‘yib, shu yilni o‘zida 14 ming, kelgusi yil 29 ming gektarda mana shunday bog‘ va tokzorlar tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

O‘zbekistonda yiliga 150 trillion so‘mlik qurilishlar bo‘lyapti

Yig‘ilishda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari rivojlanishiga katta impuls beradigan sohalardan biri – qurilish ekanligi ta’kidlandi. Qurilish – minglab oddiy ishchilarni band qilishdan tortib, loyihachi, arxitektor, dizayner, muhandis-texnolog kabi yuqori maosh oladigan kreativ sanoat mutaxassislariga talabni shakllantiradigan soha. Masalan, O‘zbekistonda yiliga 150 trillion so‘mlik qurilishlar bo‘layapti. Bu mablag‘larning uchdan birini qurilish materiallari tashkil etadi. Xarajatlarning qolgan qismi elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, kimyo, metallni qayta ishlash sanoatlari, qurilish texnikalari, qurish-pardozlash, loyihalash va dizayner xizmatlariga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda so‘nggi yetti yilda qariyb 100 milliard dollarlik qurilish ishlari bajarilib, bu borada katta tajriba orttirilgani ta’kidlandi. Lekin iqlim o‘zgarishi, energiya va tabiiy resurslar tobora tanqis bo‘layotgani, demografiya va ekologiya masalalari butun dunyoda qurilish industriyasida har kuni yangi yondashuv va yangi yechimlarni taqozo qilmoqda. Masalan, hozirgi loyihalar faqat binoni o‘zini qurish bilan cheklanmasdan, avtoturargohi, yashil hududi, maktab-bog‘chasi, sport va xizmat obyektlari qanday bo‘ladi, degan savollarni ham kompleks qamrab olishi kerak. Davlat rahbari bu borada hali qiladigan ishlar juda ko‘pligini ko‘rsatib o‘tdi. Ayniqsa, bizni sharoitda tannarx, sifat va qurilish madaniyati eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Tadbirkorlar reytingining ahamiyati

Yig‘ilishgacha 400 ga yaqin ishlab chiqaruvchi, quruvchi va loyiha tashkilotlarining fikri o‘rganildi. Ularning ko‘pchiligi sohadagi byurokratiya va ortiqcha xarajatlar, mahsulotlar tannarxi va sifatiga e’tiroz bildirgan. Tadbirkorlarga to‘g‘ri sharoit yaratib berilsa, ularning o‘zi shaffof ishlashdan manfaatdor. Tadbirkorlar reytingi joriy qilingandan keyin, 11 mingta quruvchi va ishlab chiqaruvchi quyi o‘rindan yuqori va o‘rta o‘ringa ko‘tarildi. Ulardagi 90 mingta ish o‘rni “soya”dan chiqdi, o‘rtacha oylik 1,4 barobarga oshdi. Lekin, sohada “yashirin iqtisodiyot” yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.

Теги :
Iqtisodiyot