$
 12670.05
37.83
 13560.75
82.17
 138.00
3.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Oltinga bog'langan valyuta — AQSH dollari

Dollar

Qo‘shnilarimizning valyutalari mustahkamlanishda davom etayotgan bir pallada o'zbek so'mi "qulash"dan to'xtamaypti. O'zi dollar qanday paydo bo'lgan, u nega bu qadar qudratli, valyuta kursining o'zgarishi iqtisodiyotga qay tarzda ta’sir qiladi? Ushbu maqola quyidagi savollarning javobidan hikoya qiladi.

Markaziy Osiyodagi vaziyat

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirov sahifasida qayd etishicha, Navro‘zdan keyin bir tekis mustahkamlana boshlagan qo‘shnilarimizning valyutalari oxirgi 2 haftada shu trendda davom etmoqda. 6-apreldan bugun 23-aprelgacha bo‘lgan davrda dollar kursi qo'shnilarimizda quyidagicha o'zgarishga uchragan:

Qozog‘istonda 446,78 tengedan 445,66 tengegacha;

Qirg‘izistonda 89,33 somdan 88,90 somgacha;

Tojikistonda 10,9508 somoniydan 10,9309 somoniygacha arzonlashdi.

Bu davrda O‘zbekistonda dollar kursi 12 685,08 so‘mdan 12 711,0 so‘mgacha ko‘tarildi.

Dollarning kelib chiqish tarixi

AQSH dollarining paydo bo‘lishi Yevropa tarixi bilan chambarchas bog‘liq. XVI asr boshlarida Rim katolik cherkovining Bogemiya hududida avliyo Ioaxim tasviri tushirilgan tanga zarb qilinadi. Mazkur tanga xalq orasida "Ioaxim taleri" nomi bilan el og‘ziga tushadi. Vaqt o‘tishi bilan xalq tangani sodda qilib "taler" deb atay boshlaydi. Ispaniyada "dalero", Niderlandiyada "daldre", Germaniyada "taler" deb nomlangan pul birligining nomi sifatida ishlatila boshlanadi. Taler kumush pullarning oltin pullardagi ekvivalenti sifatida o‘zaro oldi-sotdilarda ishlatila boshlaydi va xalqlar o‘rtasidagi savdo-sotiq aloqalarini kuchaytirishga xizmat qiladi. 1873-yilga kelib nemislar o‘zlari muomalaga kiritgan talerdan voz kechadi, markani muomalaga kiritadi. Ayrim lotin amerikalik numizmatlar nazarida dollar ispan tilidagi "dolor" — azob, qayg‘u kabi ma’nolarni bildiradigan so‘z bo‘lgan. AQSH tarixida dastlabki dollarning zarb qilinishi 1775-yilga borib taqaladi. AQSH tarixida ilk qog‘oz pullar kontinentalchilarning mustaqillik urushidagi xarajatlarini qoplash uchun bosib chiqariladi. Mazkur banknotalar soliq tushumlarining ehtimoliy miqdori bilan belgilanar, shu boisdan ular qisqa vaqt ichida qadrsizlanar hamda u banknotalarni soxtalashtirish nihoyatda oson edi. 1781-yilda Kontinental Kongres a’zolari Filadelfiyada to‘planadi va shu majlisda Shimoliy Amerika banki nizomi tasdiqlanadi. Mazkur bank AQSHning mustaqillik uchun kurashida eng asosiy moliyaviy vazifalarni bajarish vakolatiga ega bo‘ladi. 1785-yil 6-iyul sanasida dollar mamlakatning asosiy pul birligi deb e’lon qilinadi. Mazkur voqeagacha AQSHdagi turli zarbxonalar ispan, ingliz va fransuz pul birliklarini zarb qilish ishlari bilan mashg‘ul edi.

Dollarning oltinga bog'lanishi

Dollar muomalaga kiritilgan vaqtdan boshlab AQSh hukumati uning qiymatini oltin bilan bog‘lagan. 1792 yilda oltinning bir unsiyasi 19,3 dollar deb belgilangan. 1834 yilda AQShning oltin zaxirasi yetarli bo‘lmagani tufayli unsiya bahosi 20,67 dollarga ko‘tarilgan. Bu qiymat asrlar davomida o‘zgarib borsa-da, dollarning oltin bilan baholanishi va bog‘liqligi saqlanib qolavergan. Shuningdek, 1792 yilda muomalada bo‘lgan AQSh pulining tarkibidagi sof oltin miqdori 1,6 gr yoki 24,05 gr sof kumushdan tarkib topgan edi. 1834 yilda mazkur oltin tangalar davlatning rasmiy pul birligi sifatida tan olingandan so‘ng uning tarkibidagi sof oltin miqdori 1,5 gr qilib belgilanadi. AQSh dollari birinchi bo‘lib 1944 yildagi Bretton-Vuds bitimidan keyin xalqaro valuta sifatida tan olinadi va keyinchalik dunyodagi eng ustun valutaga aylandi. XX asrning 60-yillariga kelib oltin narxi ancha ko‘tarilib ketadi. 1971 yilda prezident Richard Nikson dollarning oltin bilan bog‘liqligiga chek qo‘yadi, bu xabar rasman 1976 yildagina e'lon qilinadi. O‘sha paytda ko‘pchilik tahlilchilar dollarning dunyo bo‘ylab hukmronligiga chek qo‘yildi, oltinga almashilmaydigan valuta o‘z qadrini yo‘qotadi kabi taxminlar bildirishadi. Ammo o‘tgan davr bu prognozlar xatoligini isbotladi.


Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2023-yilning 26-avgustida e’lon qilingan tadqiqotchi Marat Jo‘rayevning maqolasida valyuta kursining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qilingan.

Ichki narx-navolar va inflyatsion kutilmalarga ta’siri

2022-yil yakunlari bo‘yicha aholi tomonidan asosiy iste’mol qilinadigan tovarlar importi qariyb 9,2 mlrd dollarni tashkil etib, ularning jami importdagi ulushi 33 foizga to‘g‘ri keldi. Shundan 2,5 mlrd dollari oziq-ovqat va 1,8 mlrd dollari farmatsevtika mahsulotlari importi bo‘ldi. Oziq-ovqatlar importida shakar xomashyosining ulushi juda katta. 2022-yilda shakar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan shakar xomashyosi importi 460 mln dollarni tashkil etdi. Bunday sharoitda milliy valuta kursining AQSh dollariga nisbatan pasayishi shakarning ichki bozordagi narxini oshirib, inflyatsion kutilmalarga bosimni kuchaytiradi. Xususan, Markaziy bankning tahliliga ko‘ra, almashuv kursining 1 foiz bandga qadrsizlanishi uzoq muddatda bazaviy inflatsiyaning 0,28 foiz bandga tezlashishiga sabab bo‘ladi. Inflatsiya komponentlari bo‘yicha tahlil qilinganda, ushbu ta’sir oqibatida oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sishi 0,42 foiz bandni, nooziq-ovqat mahsulotlari o‘sishi – 0,18 foiz bandni va xizmatlarda narxlarning o‘sishi – 0,16 foiz bandni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat narxlariga ta’siri yuqoriligi uy-xo‘jaliklari iste’mol xarajatlari tarkibida ularning ulushi o‘rtacha 40-50 foizni tashkil etishi bilan izohlangan. Ushbu o‘zgarishlarni 2022-yilda tashqi bozorlarda vaziyatning murakkablashishi, asosiy savdo hamkorlarning valuta kurslari keskin tebranishi fonida kuzatilgan holat misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Jumladan, 2022-yilning mart oyida tashqi murakkab vaziyat fonida milliy valuta kursining 6,6 foizga tushishi, inflyatsion kutilmalarning oshishi hamda jahon xomashyo va energiya bozorlarida narxlarning o‘sishi Markaziy bank tomonidan asosiy stavka 14 foizdan 17 foizgacha oshirilishiga sabab bo‘ldi.

To‘lov balansiga ta’siri

Valuta kursining tushishi eksport ko‘rsatkichlarining oshishi, import hajmlarining pasayishi va tashqi qarz mablag‘larini jalb qilgan xo‘jalik sub’yektlarining qarz yuki oshishiga olib keladi. Xususan, eksportga yo‘naltirilgan va import bilan raqobatlashadigan tarmoqlarda milliy valuta devalvatsiyasi daromadlilikni oshiradi. Shu bois, ushbu tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmining oshishini kuzatish mumkin. 2017-yilda valuta bozorining erkinlashishi natijasida milliy valuta kursi AQSh dollariga nisbatan 48 foizga tushib, ushbu holat to‘lov balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, eksport 15 foizga o‘sib, import 3 foizga qisqargan bo‘lsa, kapital harakatida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan (respublikaga xorijiy investitsiyalar oqimi 17 foizga oshib, rezidentlar mablag‘lari chiqib ketishi 19 foizga kamaygan).

Budjet daromadlariga ta’siri

Yuqorida keltirib o‘tilgan omillar bilvosita va bevosita budjetga keladigan tushumlarning hajmiga ta’sir o‘tkazadi. Jumladan, valuta kursining mustahkamlanishi import narxlarini arzonlashtirgan holda uning hajmi oshishiga va oqibatda import bojlaridan to‘lovlarning ko‘payishi hamda inflatsiya oshishiga ta’sir o‘tkazib, aholining haqiqiy to‘lov qobiliyati tushishi orqali budjet daromadlari kamayishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’minlashda ishtirok etadi. Shu bilan birga, valuta kursi tushishi tashqi bozorlarda eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirib, korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari ko‘payishi orqali ular tomondan budjetga to‘lanadigan soliqlar miqdorini ko‘paytiradi. Bunda valyuta kurslari o‘zgarishi, birinchi navbatda, advalor bojlardan tushumlarga ta’sir o‘tkazadi. Misol uchun, valyuta kursining 1 foizlik devalvatsiyasi bojxona bojlaridan tushumlarni aynan shuncha miqdorga oshishiga olib keladi. Shuningdek, valuta kursi o‘zgarishi ichki narxlar darajasiga ta’sir qilishi orqali bilvosita soliqlar hajmini o‘zgartiradi. 

Tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish

Milliy valuta kursining qadrsizlanishi tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshishiga olib keladi. O‘z navbatida, tashqi qarz bo‘yicha to‘lovlar miqdori tashqi qarz tarkibida xorijiy valutaning ulushi, qarz mablag‘larini so‘ndirish muddati va foiz stavkalariga bog‘liq bo‘ladi. Agar tashqi qarz tarkibida xorijiy valutada nominallangan qarzning ulushi 100 foiz bo‘lsa, milliy valuta kursining 10 foizga tushishi tashqi qarz bo‘yicha xarajatlarni 10 foizga oshiradi. Xususan, 2022-yil yakunlari bo‘yicha davlat qarzi 29,2 mlrd dollarni tashkil etib, bunda davlat tashqi qarzi 25,9 mlrd dollarga va ichki qarzi 3,3 mlrd dollarga to‘g‘ri kelgan. Davlat tashqi qarzi tarkibida xorijiy valutada jalb qilingan qarz mablag‘lari qoldig‘i 98,4 foizni tashkil etgan. Jumladan, qarz mablag‘larining 75,7 foizi (19,6 mlrd dollar) AQSh dollariga to‘g‘ri keldi. 2022-yilda AQSh dollari indeksi 8,5 foizga – 95,7 banddan 103,9 bandgacha o‘sgan bo‘lib, bunda so‘m kursining AQSh dollariga nisbatan tushishi tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha budjetga qo‘shimcha yuklama keltirib chiqargan. Shu bilan birga, davlat tashqi qarzi tarkibidagi boshqa valuta kurslarining AQSh dollariga nisbatan oshishi budjet uchun qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishiga olib keladi. Xususan, xorijiy valutalarning davlat tashqi qarzi tarkibidagi amaldagi ulushini inobatga olgan holda Yaponiya iyenasining AQSh dollariga nisbatan 1 foizga oshishi davlat tashqi qarzi to‘lovlarini o‘rtacha 21,1 mln dollarga, maxsus qarz olish huquqini (SDR) – 18,8 mln dollarga, yevroni – 12,3 mln dollarga, Xitoy yuanini – 2,1 mln dollarga, Koreya vonini – 1,7 mln dollarga, Saudiya Arabistoni realini – 1 mln dollarga va Quvayt dinorini – 1,4 mln dollarga teng qo‘shimcha xarajatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Tashqi qarz bo‘yicha to‘lovlar hajmining oshishi, o‘z navbatida, mamlakatning ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirish kabi ichki ehtiyojlarini moliyalashtirish imkoniyatlari cheklanishiga olib keladi. Mutaxassis O‘zbekiston sharoitida valuta bozori barqarorligini ta’minlash va valuta kursining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sirini mo‘’tadil darajada saqlash maqsadida quyidagi choralarni amalga oshirishni tavsiya etgan:

  • xalqaro valuta jamg‘armasi ko‘magida kapital harakatini bosqichma-bosqich yanada erkinlashtirish choralarini ishlab chiqish va bu orqali moliya bozoriga o‘rta va uzoq muddatli xorijiy kapital oqimini keng jalb qilish;
  • kapital bozori sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish orqali uning jahon moliya bozorlariga integratsiyasini jadallashtirish, mahalliy fond bozoriga xorijiy investorlarni jalb qilish va pirovardida ichki bozorda valuta taklifini oshirish. Xususan, yaqin istiqbolda mahalliy fond bozori xalqaro depozitariylar va kastodian banklar bilan o‘zaro aloqalarni o‘rnatish;
  • narxlar barqarorligi va bank tizimida likvidlilik mo‘’tadil darajada bo‘lishini ta’minlash maqsadida pul-kredit siyosatini takomillashtirish. Jumladan, Markaziy bank obligatsiyalari, depozit auksionlari, overnayt depozitlar kabi pul-kredit operatsiyalari instrumentlarini rivojlantirish;
  • tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish orqali eksport va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish, jahon bozorlariga mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish; 
  • O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini izchil davom ettirish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni jadallashtirish, mamlakatning xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirokini faollashtirish, mahalliy mahsulotlarning asosiy bozori bo‘lgan xorijiy mamlakatlar bilan erkin savdo bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalarni imzolash.


Теги :
Иқтисодиёт