$
 12980.16
44.89
 14606.57
239.37
 161.63
1.16
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Sog‘lom uyqu davomiyligi qancha?

Uyqu

Uyqu – inson hayoti davomidagi eng muhim jarayonlardan biri hisoblanadi. Normal uyqu deb 8 soatlik uyqu vaqtini aytishadi, ammo bu har doim ham normal emas desam ishonasizmi? Aslida normal uyqu qanday bo‘ladi?

Normal uyqu – bu siz to‘yib uxlagan uyqu!

Juda ko‘p hollarda olimlar uyqu davomiyligi 8 soat bo‘lishi kerak deb aytishadi, ammo bu ancha umumiylashtirilgan raqam, chunki uyqu vaqti juda ko‘p omillarga ko‘ra shaxsdan shaxsga farq qilishi mumkin. Undan tashqari uyqu davomiyligidan ko‘ra muhimroq omillar bor, masalan uxlash va uyg‘onish vaqti. Umuman olganda uxlash davomiyligini belgilovchi “sehrli raqam” yo‘q.

Sog‘lom uyqu tushunchasi

Sog‘lom uyqu tushunchasi o‘zida juda ko‘p narsani aks ettiradi, masalan, yetarli vaqt, sifatli uyqu, ayni belgilangan vaqtlarda uxlash va uyg‘onish, uyquning buzilmasligi. Kechasi yetarli uxlamaslik ertasiga charchoq, tushkun kayfiyat, uyquchanlikni keltirib chiqaradi va oxir-oqibat uyqusizlikka ham olib kelishi mumkin. Ammo sog‘lom uyqu tushunchasi har bir davlatda, millatda, har bir yoshda hatto har bir shaxsda farq qiladi, shuning uchun bu har doim ham to‘g‘ri ishlamaydi.

Hayot davomida yetarli darajada uxlamaslik sabablari

So‘nggi yillarda ommaviy uyqusizlik soni ancha oshib ketdi, ayniqsa o‘smirlar orasida. Bunga juda ko‘p narsalar sabab bo‘ladi, asosan tashqi omillar, uyqu joyidagi yorug‘likning ko‘p bo‘lishi, kofein iste’moli, jismoniy faollikning kamligi, uy sharoitida uxlash qoidalarining yo‘qligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan juda ko‘p miqdorda foydalanish. Kattalar orasidagi uyqusizlikka esa ish talablari, ijtimoiy majburiyatlar, sog‘liq muammolari, oilaviy muammolar sabab bo‘lishi mumkin. Keksalarda esa ushbu muammoni jismoniy harakatsizlik, nafaqaga chiqqandan keyingi “sokinlik”, metabolizmdagi yoshga bog‘liq o‘zgarishlar, ijtimoiy o‘zaro munosabatlarning kamayishi kabi omillar keltirib chiqarishi mumkin.

Hayot davomida uyquning me’yoriy miqdori

Uyquning davomiyligi ko‘proq yosh toifalariga qarab bo‘linadi. Masalan, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda (3 oygacha) ayni bir uyqu rejimi yo‘q, shuning uchun odatda ularning uyqusi 24 soatning turli paytlariga to‘g‘ri keladi. 1-4 yosh oralig‘ida uyqu asosan kechki bo‘lsa-da, kunduzgi uyqu ham bo‘ladi. Kunduzgi doimiy uyqu 5 yoshga kelganda asosan yakunlanib, 12 yoshgacha biz kechki uyqu rejimiga to‘liq o‘tamiz. Bizning uyqu vaqtimiz tashqi omillarga qarab aniqlanadi, dastavval bog‘chadagi uyqu, maktab dars jadvali, oilaviy tartib va ota-onaning tarbiyasiga qaralsa, keyinchalik bu oilaviy jarayon va ish tartibiga ko‘ra tartibga solinadi. Ammo bu hech qachon uyquning optimali bo‘la olmasligini ham unutmaslik kerak.

Uyqu davomiyligi raqamlarda.

Galland tadqiqotlar markazi dunyoning 18 mamlakatida uyqu soatlarini aniqlash uchun tadqiqot o‘tkazgan bo‘lib, 69 542 kishi o‘rtasida so‘rovnoma bo‘lib o‘tgan. Unga ko‘ra 2 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar kuniga 12,7 soat, 2 yoshdan maktabgacha bo‘lgan davrdagi bolalar 11,9 soat, 6-12 yoshda 9,2, 15-18 yoshda esa 7,4 soat uxlashini aniqlashgan. AQSHdagi “Inernational Sleep Foundation” tashkiloti har bir yosh doiralari uchun uxlashning tavsiya qilingan vaqtini e’lon qilgan. Unga ko‘ra: 0-3 oylik – 14-17 soat; 4-11 oylik – 12-15 soat; 1-2 yosh – 11-14 soat; 3-5 yosh – 10-13 soat; 6-13 yosh - 9-11 soat; 14-17 yosh – 8-10 soat; 18-25 yosh – 7-9 soat; 26-6 yosh – 7-9 soat; 65 yoshdan kattalar – 7-8 soat uxlashi tavsiya etiladi

Uyquning ideal miqdori mavjudmi?

Agarda siz klinikaga tushsangiz, siz uchun uyqu vaqti aniq ko‘rsatib beriladi, ammo yoningizdagi sherigingizda ushbu vaqt va miqdor umuman boshqacha bo‘lishi mumkin. Ya’ni hech qachon bu miqdor umumiy bo‘la olmaydi. Sportchilar katta musobaqalardan keyin qayta tiklanish uchun juda ko‘p uxlashga majbur, bolalarda uyquga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqori bo‘ladi. Obyektiv ravishda biz uyqu soati deb 8 soatni aytganimiz bilan, bu har bir subyektda o‘zgacha bo‘ladi. Aslini olib qaraganda ushbu raqamlar ham optimal uyqu vaqt emas, shunchaki tavsiya etilgan, samaradorlik uchun talab qilinadigan vaqt xolos. Biz o‘zimiz uchun uyquning ideal vaqtini o‘z ehtiyojlarimizdan kelib chiqib alohida belgilaymiz.                                                                                                                                                                              

Теги :
Jamiyat