$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Jamgʻarmalarni uy sotib olishga yoʻnaltirish qanchalik toʻgʻri?

uy-joy

Aholi uchun turli investitsiya vositalarining, jumladan, aksiyalar, obligatsiyalar yoki pensiya fondlari kabi imkoniyatlarning cheklanganligi sharoitida rivojlanayotgan mamlakatlarda, ayniqsa uy-joy narxlari oshib borayotgan bir paytda jamg‘armalarni uy-joyga investitsiyalarga yoʻnaltirish tendensiyasi kuzatiladi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalar daromadliligi o‘rganildi.

Daromadlar tushib bormoqda

Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalar daromadliligi tushib bormoqda. Xususan, joriy yil fevralda poytaxtda ko‘p qavatli uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi o‘rtacha 32,4 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, oktyabrda ushbu ko‘rsatkich 12,2 foizgacha tushdi. 

Qaysi hududlarda qimmatroq?

Ushbu ko‘rsatkich uy-joy joylashgan hudud va xonalar sonidan kelib chiqib, bir biridan sezilarli darajada farqlanadi:

1 xonali: Mirzo Ulug‘bek — 2,3% (fevralda – 25,7%), Shayxontohur — 17% (50%);

2 xonali: Sirg‘ali — 7,4% (19,4%), Shayxontohur — 17,2% (59%);

3 xonali: Bektemir — 3,2% (33,7%), Yunusobod — 13,7% (48,7%);

4 xonali: Bektemir — 2% (37,9%), Yunusobod — 17% (39,8%).

Izoh: Uy-joyning investitsion daromadliligi uy-joy narxlari yillik o‘zgarishidan olinadigan daromad hamda ularni ijaraga berishdan keladigan yillik daromad yig‘indisi asosida hisoblandi.

Uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan daromad

2024-yil fevralda poytaxtda uy-joy va ijara narxlari nisbatan yuqori bo‘lgan hudud — Shayxontohur tumanida uy-joy narxlari ko‘tarilishi hisobiga ko‘rilishi mumkin bo‘lgan foyda o‘rtacha 35,8 %ni tashkil etgan bo‘lsa, oktyabr oyida ushbu ko‘rsatkich 5,5 %gacha tushdi. 

Shuningdek, oktyabrda uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromad Mirobod (23,2 % dan 1,9 %ga) va Yakkasaroy (16,1 %dan 3,5 %ga) tumanlarida sezilarli darajada pasaygan.

Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlarida uy-joy narxlarining o‘sishdan deyarli to‘xtashi yoki biroz arzonlashishi natijasida oktyabr oyida mazkur hududlarda uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromadlilik mos ravishda –2,6 % va – 2,4%ni tashkil etgan (fevral oyida 24,6% va 15%).  

Uy-joylarni ijaraga berishdan olinadigan daromad

Joriy yil oktyabrda uy-joylar ijarasidan olinadigan yillik o‘rtacha daromad Shayxontohur tumanida 10 % (fevralda 11,6 %), Mirobod tumanida 9,8 % (10,4 %), Yakkasaroy tumanida 9,5 %ni (10,5 %) tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich ijara narxlari nisbatan arzonroq bo‘lgan tumanlar – Sirg‘alida 9,3 % (8,4 %), Uchtepada 9,7 % (8,6 %), Chilonzorda 9,3 % (9,3 %) va Olmazorda 9,1 %ni (9,4 %) tashkil etgan. Ushbu raqamlar ijaradan keladigan o‘rtacha daromad o‘sishi sekinlashganidan dalolat beradi. 

Taqqoslash uchun 2023-yil yanvardan 2024-yil sentyabrgacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21 %ni tashkil etgan.

1 va 2 xonali uylar jozibadorroq

Daromadlilik darajasi bo‘yicha 1 va 2 xonali xonadonlarning investitsion jozibadorligi yuqori hisoblanadi. Joriy yil fevral oyida 1 va 2 xonali xonadonlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar daromadliligi mos ravishda 35,6 % va 30,8 %ni tashkil etgan bo‘lsa, oktyabr oyida ushbu ko‘rsatkichlar 16,7 % va 12,2 %ga tushdi. Mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik ko‘rsatkichi sezilarli darajada tushgan (mos ravishda 10,1% (fevralda 33%) va 9,9% (30,3%)).

Rivojlanayotgan davlatlarda aholi jamgʻarmalarining uy-joyga yoʻnaltirilishi qisqa muddatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oshirishi mumkin. Ammo, uzoq muddatda kapital bozorini rivojlantirish va aholi uchun diversifikatsiyalangan investitsiya imkoniyatlarini taqdim etish muhimdir. Shu yoʻl bilan aholi jamgʻarmalari nafaqat saqlanishi, balki milliy iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiya qilib, yanada kengroq rivojlanish imkonini beradi.