$
 11909.66
-24.58
 13588.92
-2.99
 152.28
-0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Sayyohni olib kelish emas, olib qolish muhim

Samarqand

2025-yil O‘zbekiston turizmi uchun rekordlar yili bo‘ldi. Mamlakatga 11,7 million xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Bir qarashda, bunday natija har qanday davlat uchun katta muvaffaqiyat hisoblanadi. Biroq O‘zbekiston turizm siyosati uchun endi rekordlarning o‘zi yetarli emas. Negaki, bugungi kunda asosiy savol mamlakatga yana qancha sayyoh kelishida emas, balki kelgan mehmon O‘zbekistonda qancha vaqt qolishi va shu davr ichida qancha pul sarflashidadir. Chunki zamonaviy turizmda daromadni sayyohlar soni emas, ularning hamyonidan chiqadigan mablag‘ belgilaydi. Mehmon mamlakatda yana bir kun ortiqcha qolsa, bu nafaqat mehmonxona uchun qo‘shimcha to‘lov, balki restoranlar, taksilar, muzeylar, gidlar va oddiy hunarmandlar uchun ham qo‘shimcha daromad degani.

Shu bois so‘nggi yillarda turizmni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar yangi maqsad atrofida shakllanmoqda. Endi asosiy e’tibor sayyohlar sonini ko‘paytirishga emas, ularning mamlakat bo‘ylab ko‘proq vaqt o‘tkazishiga qaratilmoqda. Xususan, birgina Samarqand shahri markazida piyodalar uchun ko‘chalar tashkil etilayotgani yoki mehmonxonalar soni oshirilayotgani, ichki aviaqatnovlar kengaytirilayotgani va biznes turizmi rivojlantirilayotgani ham bejiz emas. Albatta, bularning bari O‘zbekistonni sayyoh bir kun ko‘rib ketadigan maskan emas, balki bir necha kun qolishni istaydigan manzilga aylantirishdir. Hukumatning 2030-yilga borib turizmdan keladigan umumiy tushumni 10 milliard dollarga yetkazishni aynan mana shu yangi tizim orqali rejalashtirmoqda. Xo‘sh, bu katta rejalar qanday amalga oshirilmoqda va ular oddiy aholining cho‘ntagiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Ko‘p mehmon kelayotgani yaxshi, lekin kim ko‘proq pul sarflayapti?

Raqamlarga ko‘z tashlaydigan bo‘lsak, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatimizga qariyb 4 milliondan ortiq chet ellik tashrif buyurgan. Lekin ularning deyarli 3 million nafari qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istondan to‘g‘ri kelgan. Qo‘shni davlatlardan keladigan mehmonlarning ko‘pchiligi, odatda, qisqa muddatga – qarindoshlarni ko‘rish, to‘y-ma’raka yoki dam olish kunlari shunchaki aylanib ketish uchun kelishadi. Ular mehmonxonalarda uzoq vaqt qolmaydi va ko‘p pul ham sarflamaydi. Iqtisodiyotga, ya’ni mahalliy tadbirkorlarga eng ko‘p foyda keltiradigan sayyohlar uzoq masofalardan kelayotgan masalan, Rossiya (341 ming), Xitoy (132 ming), Turkiya (57 ming), Germaniya, Hindiston va Janubiy Koreya fuqarolaridir. Agar uzoqdan kelgan sayyoh Toshkent yoki Samarqandda atigi bir kun qolib, keyin qaytib ketsa, davlatning reklama uchun sarflagan xarajatlari oqlanmaydi. Shuning uchun turizmni faqat qadimiy madrasa va maqbaralarni ko‘rsatish bilan cheklab bo‘lmay, sayyohlarga tog‘ ekskursiyalari, mamlakatning eng go‘zal maskanlari bo‘ylab sayohatlar, milliy taomlar tayyorlash master-klasslari va shifobaxsh sihatgohlar taklif qilish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Sayyohlarni uzoqroq qolishga nima undaydi?

O‘zbekistonning yangi turizm strategiyasi Samarqand misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Uzoq yillar davomida xorijlik sayyohlarning aksariyati shaharga kelib, Registon maydoni, Shohi Zinda va Bibixonim majmuasini tomosha qilgach, shu kunning o‘zida Buxoro yoki boshqa yo‘nalishga yo‘l olardi. Natijada Samarqand dunyoga mashhur turistik maskan bo‘lsa-da, sayyohlar bu yerda uzoq qolmas edi. Bugun esa asosiy e’tibor sayyohning shaharda o‘tkazadigan vaqtini uzaytirishga qaratilgan. Shu maqsadda tarixiy markazdagi 13 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish rejalashtirilmoqda. Bu nafaqat sayr qilish uchun qulay muhit yaratadi, balki kafe va restoranlar, hunarmandlar do‘konlari hamda boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga bo‘lgan talabni ham oshiradi. Natijada tarixiy markaz faqat sayyohlar tomosha qiladigan hudud emas, balki mahalliy iqtisodiyot faol ishlaydigan makonga aylanadi. Shuningdek, mehmonlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Nurobod va Samarqand tumanlarida mehmonxonalar sonini 850 taga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa kelgusida Samarqand shahrini shunchaki bir kunlik ekskursiya nuqtasi emas, balki yiliga 750 million dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatadigan yirik iqtisodiy markazga aylantiradi.

Transport va yangi yo‘nalishlar

Sayyohni mamlakatda uzoqroq ushlab qolish faqat yangi mehmonxonalar yoki dam olish maskanlarini qurish bilan hal bo‘lmaydi. Buning uchun u bir shahardan boshqasiga tez va qulay yetib bora olishi ham kerak. Shu bois so‘nggi yillarda transport infratuzilmasini rivojlantirish turizm strategiyasining muhim yo‘nalishiga aylandi. Kelgusi yillarda mahalliy samolyot parkini 105 dan 120 tagacha oshirish hamda ichki reyslar uchun yangi subsidiya tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Farg‘ona vodiysi shaharlariga arzonroq tariflar joriy etildi. Aviatsiya va tezyurar temir yo‘l tarmog‘ining rivojlanishi sayyohlarning yo‘lga sarflaydigan vaqtini qisqartirib, bir safar davomida bir nechta shaharni qamrab olish imkoniyatini kengaytirish kutilmoqda.

Turizm geografiyasi kengaymoqda

O‘zbekiston turizmni faqat Samarqand, Buxoro va Xiva bilan cheklanib qolmasligi lozim. Shu maqsadda yirik turistik markazlar oralig‘idagi hududlarni ham sayohat marshrutining bir qismiga aylantirishga ham e’tibor qaratilgan. Masalan, Navoiy viloyatida joriy yilda 600 ming xorijiy va 3 million ichki sayyohlarni jalb etish rejalashtirilmoqda. Hamda Samarqand va Buxoro o‘rtasida joylashgan Karmana tumanida oilaviy mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va hunarmandchilik obyektlari sonini ko‘paytirish ham belgilangan. Bundan maqsad sayyohlarni yo‘l-yo‘lakay to‘xtab o‘tishga emas, balki hududda kamida yana bir kun qolishga undashdir. Qo‘llanilayotgan bunday strategiyalar mintaqaviy hamkorlik bilan ham uyg‘unlashdi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shma turistik yo‘nalishlarni rivojlantirmoqda. UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan 866 kilometrlik Zarafshon–Qoraqum tarixiy koridorini rivojlantirish hamda elektron viza tizimini soddalashtirish xorijlik sayyohlar uchun bir safar davomida bir necha mamlakatni qamrab oluvchi “Ipak yo‘li” marshrutlarini shakllantirish imkonini bermoqda.

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekiston turizmi yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda. Endi asosiy e’tibor sayyohlar sonini ko‘paytirishdan ko‘ra, ularning mamlakatda ko‘proq vaqt qolishi va ko‘proq hududlarni qamrab olishiga qaratilmoqda. Agar bu rejalar amalda ham kutilgan natijani bersa, turizm iqtisodiyotning yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan tarmoqlaridan biriga aylanishi mumkin.

Теги :
Jamiyat