$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Ochlik o‘yinlari: Xalq tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar o‘ynashidan kim manfaatdor?

totalizator

Ijtimoiy tarmoqlarda yangiliklarni o‘qir ekanmiz, falonchi joyning tugunchi xodimi falon-falon summalarni qimorga tikib yuborgani, yana kimdir qimorda yutqazib, katta summaga "tushib" qo‘yganligi sabab, o‘z joniga qasd qilgani haqida o‘qib, biroz muddatga bo‘lsa-da, tushkun kayfiyatga tushib qolamiz. Shu kabi xabarlarni o‘qish davomida va o‘qib bo‘lgach, xayolingizga keladigan ma’lum bir savollarga javob berishga harakat qilamiz. Xo‘sh, onlayn qimor o‘zi nima? Nega bu qadar mukkasidan ketish hollari kuzatiladi? Qonunchilik munosabati qanday?

Totalizator 

Totalizator — biror yo‘nalish yoki o‘yinda qaysidir tarafning boshqa, raqib tomoni ustidan zafar quchishini taxmin qilib, o‘zi ishongan ma’lum bir shaxs yoki jamoaga pul tikishdir. Aniqrog‘i, onlayn kazino, yana ham soddalashtirsak — qimor.

 O‘rta asrlarda bu Yevropa mamlakatlari, xususan, britan hududlarida ot sporti musobaqalarida ommalashgan. Keyinchalik AQSHda ham keng yoyilgan. Ilk bukmekerlik kompaniyalari Angliyada tuzilgan. Vaqt o‘tishi bilan barcha sohalar kabi sportga pul tikishning ham onlayn usullari ruslar tomonidan ishlab chiqildi va ular bu jarayonni smartfonlarga ko‘chirdi. Shu tariqa 2007-yili Moskvada sportga pullarni onlayn tikish mumkin bo‘lgan vizual ilovalar paydo bo‘ldi. Boshida bu o‘yinni odamlar yaxshi kutib olmadi,sababi hali ham onlayn bitadigan ishlarga ishonish qiyin edi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, “1 xbet”, degan ilova shu darajada ommalashdiki, hatto, sport bilimdonlari ham bunga qiziqib, kompaniya bilan shartnomalar imzolay boshladi.

2012-yilga kelib, bunday totalizatorlar soni sezilarli oshdi. Shuningdek, ayrim onlayn kazino kompaniyalari yopilib, hatto jinoiy javobgarlikka tortildi. Sababi, ularning maqsadi firibgarlik yo‘li bilan pul to‘plash edi. 2016-yildan boshlab “1 xbet”, “mostbet”, “lenabet” kabi onlayn betting ilovalari dunyo bo‘ylab keng yoyildi.

Ludomaniya 

Totalizator o‘yinlari juda osonlik bilan ruhiy xastalikka aylanadi. Bu holat fan tilida “ludomaniya” deb nomlanadi. Inson onlayn pul tikish o‘yinlarini o‘ynay boshlagach, xuddi, narkotikka bog‘lanib qolgandek pul tikishga o‘rganib, irodasidan mahrum bo‘ladi. Inson shu darajaga keladiki, qimor quliga aylanadi, o‘zini boshqara olmay qoladi. Bu dard davolanishi juda qiyin bo‘lgan kasalliklardan. Totalizatorning qurbonlari oilasi, kerak bo‘lsa, yaqin insonlari va do‘stlarining ham pulini onlayn o‘yinlarga tikib yuboradi. Shu ham yetmagach, qarzlar, kreditlar ola boshlaydi va o‘zini tubi yo‘q jarga uloqtirganini bilmay qoladi. Inson tabiatiga ko‘ra, muvaffaqiyat va boylikka oson erishishni xohlaydi. Yetarlicha bilim bilan boyitilmagan ong egasi mehnat-mashaqqatsiz oson boyib ketish payida bo‘laveradi. Bugungidek atrofi to‘la oson topilajak boylik haqida reklama va namoyishlarga to‘la jamiyatdagi insonlar uchun bu ayni muddaodek ko‘rinsa, ajab emas.

Bunday jamiyatlarda insonlar ichimlik qopqog‘idan yoki qandaydir yegulik mahsulotlari ichidan o‘z baxtini qidirib yashaydi.

O‘zbekistonning bukmekerlik faoliyatiga munosabati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aks etgan. Unda davlat rahbari Yoshlar siyosati va sport vazirligiga Raqamli texnologiyalar, Iqtisodiyot va moliya, Adliya vazirliklari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda maxsus ishchi guruhni tashkil qilgan holda 2023-yil yakuniga qadar ilg‘or xorij tajribasi asosida futbolni moliyalashtirish tizimini kengaytirishda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi. qizig‘i, 2019-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev 2021-yildan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik shoxobchalarini ochishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. Ammo 2022-yil aprel oyi oxirida prezident bukmekerlik kontorlari bo‘yicha oldingi qarorini bekor qilgan.

Prezident farmoni

Joriy yilning 19-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasida lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Hujjat 2025-yil 1-yanvardan boshlab taqiqni bekor qiladi hamda internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish tartibini joriy etadi. Avvalroq 2019-yil dekabrida prezident bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan bo‘lsa, 2022-yil aprelida bu qaror qayta ko‘rib chiqilgan. 2023-yil aprel oyida davlat rahbari bukmekerlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqishga qaytish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Farmon tartibi

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi. Shuningdek, lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (vakolatli organ) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi. Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin. 

Soliqqa tortish va litsenziyalash

2025-yil 1-yanvardan 5-yil muddatga lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi belgilanadi. Lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar shu faoliyatidan olingan jami daromadidan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi. Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning agentlik tomonidan berilgan litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. Lotereya va internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funksiyalari agentlik va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

ILMA izohi

Qonun tasdiqlangani keng jamoatchilikka oshkor qilingach, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) farmon yuzasidan izoh berib o‘tdi. ILMAning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda hayotning barcha jabhalarida raqamli texnologiyalar va elektron to‘lovlarning faol joriy etilishi, shu qatorda, tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarning keng tarqalishiga xizmat qilgan. 2007-yil 1-sentyabrdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan. "Ammo fuqarolarning o‘yinlarga bo‘lgan doimiy qiziqishini hisobga olsak, bu taqiqlar amalda ish bermayapti, aholi esa xorijiy va noqonuniy servislarning xizmatlaridan faol foydalanmoqda", — deyiladi agentlik xabarida.

Amaldagi xavf va yo‘qotishlar

Fuqarolarning qimor biznesiga doimiy qiziqishi fonida mavjud vaziyat aslida quyidagilarga olib keladi:

chet el valyutasining mamlakatdan chiqib ketishi, chunki fuqarolar xorijiy onlayn platformalarda o‘ynaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, fuqarolar tomonidan qimor o‘yinlarida ishtirok etish uchun yuborilgan mablag‘lar miqdori 350 milliondan 1 milliard AQSH dollarigacha;

qimor o‘yinlariga haddan tashqari qaram bo‘lgan fuqarolarning o‘yinlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik mexanizmlarining yo‘qligi;

tavakkalchilikka asoslangan noqonuniy o‘yinlarda qatnashayotgan fuqarolar bilan bog‘liq firibgarlik xavfi.

Totalizator bukmeyker onlayn qimor

Xorijiy (AQSH, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Estoniya, Janubiy Koreya, Vengriya, Singapur, Gruziya va boshqa davlatlar) tajribasini o‘rgangan ekspertlar ushbu sohani davlat tomonidan tartibga solish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligini ta’kidlamoqda. Bu noqonuniy qimor o‘yinlarining oldini olish va uning jamiyatga salbiy ta’sirini kamaytirish, qatnashchilarning huquqlarini himoya qilish va davlat byudjetiga qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish uchun zarur. Yuqorida nomi ko‘rsatilgan mamlakatlarning aksariyatida tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarni tashkil etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini litsenziyalash tizimlari joriy etilgan, ustav kapitaliga, shuningdek, qimor o‘yinlari tashkilotchilari rahbariyati va egalarining ishbilarmonlik obro‘siga qo‘yiladigan talablar belgilangan, o‘yinlarda ishtirok etish uchun cheklovlar o‘rnatilgan, deb xabar berdi ILMA.

ILMA xulosasi

ILMA xulosasiga ko‘ra, Farmonning amalga oshirilishi internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati va lotereyalar tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratadi, qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini joriy etadi. “Shuningdek, qimor o‘yinlariga qaramlikka qarshi kurash, davlat byudjetiga turli ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha daromad manbalari bilan ta’minlaydi", — deyiladi ILMA xulosasida.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot