$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Tinchligimiz, xavfsizligimiz ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq — Suhrob Bo‘ronov

Tolibon hukumati

21-avgust kuni saytimiz orqali O‘zbekiston Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida qiymati 6 million dollarga baholangan madrasa qurishni boshlagani ma’lum qilingan edi. Ushbu madrasaning nomi “Xayr al-Mudarris Imom Buxoriy” bo‘lib, madrasa maydoni 0,6 gektarni tashkil etadi. Madrasa mingta talabaga diniy ta’lim berishga mo‘ljallangan bo‘lib, qurilish ishlari yil oxirigacha yakunlanishi reja qilingan. Bu xabar tarmoqda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Afg‘onshunos Suhrob Bo‘ronov ayni mana shu madrasaning qurilish sabablari va mamlakatning tashqi siyosati yuzasidan fikr bildirdi.

Afg‘onistonda to‘g‘ri yo‘ldan adashganlar ko‘p 

“Mazkur madrasa bejizga "Imom Buxoriy" nomiga atab qo‘yilmayapti. Afg‘onistonda to‘g‘ri yo‘ldan adashganlar hali ham ko‘p ekanligi hisobga olinsa, dinimizning sof va ezgu mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish va targ‘ib etishda bu madrasa ulkan mayoq vazifani bajaradi. Shu ma’noda, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yilda o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ta’kidlaganidek, O‘zbekiston terrorizm, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurash borasida hamisha prinsipial pozitsiyaga ega bo‘lib kelgan. Bunday xavf-xatarlarga qarshi faqat kuch ishlatish usullari bilan emas, balki birinchi navbatda, ayniqsa yoshlar o‘rtasida, zo‘ravonlikni keltirib chiqaradigan jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozim. Biz barcha xorijlik hamkorlarimizga islom dinining insonparvarlik mohiyatini aholi va ayniqsa, yoshlarga tushuntirish yo‘lida yaqin hamkorlikda ish olib borishni taklif etamiz. O‘ylaymanki, bu borada O‘zbekistonda tashkil etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston islom akademiyasining imkoniyatlaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi”, — deb yozadi afg‘onshunos.

Nega aynan Mozori Sharif?

Suhrob Bo‘ronov Mozori Sharif shahridagi madrasa O‘zbekistonning Afg‘onistondagi “yumshoq kuchi” uchun poydevor bo‘lishini aytib o‘tdi: “Unutmaslik lozimki, bu madrasa Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida qurilmoqda. U yerda millionlab o‘zbeklar istiqomat qiladi. Kaminaga kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, ularning tahsilini o‘zimizning o‘zbek mutaxassislarimiz yo‘lga qo‘yadi va dars jarayonlari aynan o‘zbek tilida olib boriladi. Bu ularning nafaqat ijtimoiy-psixologik, dunyoviy, balki diniy-siyosiy dunyoqarashini yuksaltirishda muhim rol o‘ynaydi. Boshqacha aytganda, bu mablag‘ aslida Afg‘onistondagi o‘zbek vatandoshlarimizga kiritilayotgan sarmoya ekanligini inobatga olishimiz lozim”.

“Tolibon” ortida katta kuchlar turibdi

Siyosatshunosning ta’kidlashicha, “Tolibon” ortida katta kuchlar turibdi. Yana u o‘zaro aloqalarda tinchlik bo‘lmasa, hech bir ish tatimasligini qo‘shimcha qiladi. “Do‘stlaringni o‘zingga yaqin tut, dushmanlaringni yanada yaqinroq. Agar biz "Tolibon" bilan mazkur masalalarda muloqotni ushlab tursak, ularning rejalari, asl maslaklaridan boxabar bo‘lib turamiz. Keyinchalik esa, shu asosda ma’lum bir strategiyani ishlab chiqishga imkon bo‘ladi. Ularning ortida katta kuchlar turibdi. Bitta haqiqatni doim yodda tutish kerak: tinchlik bo‘lmasa, hech bir ish tatimaydi. Tinchligimiz, xavfsizligimiz esa ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq. Fikriajizimchaa, O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida yetarli darajada yumshoq kuch resurslarini safarbar qilsa, bu nafaqat turli vaziyatlarga munosib va kafolatli tarzda tayyor turishga yordam beradi, balki istiqboldagi muhim tashqi ta’sir vositasi bo‘lib xizmat qiladi”, deya xulosa qiladi siyosatshunos.

“Islom imperiyasi”

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “Tolibon” targ‘ibotchilari tomonidan tayyorlangan, tarkibida O‘zbekiston ham mavjud bo‘lgan “Islom imperiyasi”ning kelajak xaritasi tasvirlangan video tarqalgan edi. Tarqalgan videoda, 2070-yilga kelib Markaziy Osiyo, Hindiston, Pokiston, Xitoy, Yaqin Sharqning musulmon davlatlari, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Afrikaning ba’zi davlatlari, hattoki Rossiyaning ham ayrim hududlari tarkibida bo‘lgan, “Islom imperiyasi” tasvirlangan. Ma’lumot uchun, “Tolibon” Afg‘onistonda to‘liq islomiy va mustaqil tuzum hukmronligida harakat qilib, Islom Amirligini tashkil etishga intilmoqda. Ular hukumat yuqorisiga kelganlaridan beri Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va boshqa islomiy davlatlar bilan yaxshi aloqalarni rivojlantirishga harakat qilib keladi.

Теги :
Jamiyat