$
 12808.03
14.65
 13612.37
16.85
 130.15
-0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklar qanchalik bag‘rikeng?

tolerance

O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va fuqarolik birligini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. “Millatlararo munosabatlar konsepsiyasi” (2019) millat va dinlararo tinchlikni qo‘llab-quvvatlaydi. “Ijtimoiy fikr” markazi esa jamiyatda bu boradagi kayfiyatni o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi. 

Jamoatchilik fikri so‘rovi

Jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari asosida millatlararo munosabatlar umuman aholi, mintaqalar va O‘zbekistondagi turli aholi punktlari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi. Tahlil turli yosh toifalari va ijtimoiy guruhlardagi erkaklar va ayollarning boshqa millat vakillariga munosabati, millatlararo munosabatlarni belgilovchi omillar, mamlakat fuqarolarining boshqa millat vakillari bilan o‘zaro munosabatda bo‘lishga tayyorligi, shuningdek, etnik kelib chiqishiga qarab kamsitishning mavjud yoki yo‘qligi masalalarini qamrab olgan.

Aholining 85 foizdan ortig‘i millatlararo munosabatlarni ijobiy baholaydi

Jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari shuni ko‘rsatdiki, o‘zbekistonliklarning aksariyati (85,9%) mamlakatimizdagi turli millat vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni ijobiy tavsiflaydi, ular barqarorlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat hissi bilan ajralib turadi, deb hisoblaydi. 

Mintaqaviy kesimdagi tahlil millatlararo munosabatlarning holatini ijobiy baholaydigan fuqarolarning ulushi mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan mintaqalarni aniqladi. Olingan natijalarga muvofiq, Surxondaryo, Toshkent, Namangan, Navoiy, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 90%dan ortiq respondentlar millatlararo munosabatlarning holatini ijobiy baholadilar.

Shahar va qishloq ahli fikrlarida farq bormi? 

So‘rov shahar va qishloq aholisi mamlakatdagi millatlararo munosabatlar holatini teng darajada ijobiy baholashini (mos ravishda 87% va 84,6%) ko‘rsatdi. Tadqiqot jarayonida turli millatlar vakillarining millatlararo munosabatlar holatini qanday baholashlari haqidagi fikri aniqlandi, demoqda jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi. 

O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillari qanday fikrda?

Olingan ma’lumotlarga muvofiq, 85,6% tub millat vakillari mamlakatimizda turli millat vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni barqaror, bag‘rikeng, do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, deb hisoblaydi. Markaziy Osiyo xalqlari vakili bo‘lgan 91,7% so‘rov ishtirokchilari bu fikrga qo‘shilishdi, slavyan guruhi vakillari orasida bu ko‘rsatkich 81,8% ni tashkil qildi. Boshqa millatlar vakillari orasida turli millatlar vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni xayrixoh va do‘stona deb hisoblaydiganlarning ulushi 77,8% ni tashkil etdi.

Umuman olganda, tadqiqot natijalari turli millatlar vakillarining hamjihatligi va bag‘rikengligini ko‘rsatdi – turli millatlar vakillarining aksariyati buni tasdiqlashdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar qanday o‘zgardi?

So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning aksariyati mamlakatdagi millatlararo munosabatlarning holati va istiqbollarini ijobiy baholamoqda. “Sizning fikringizcha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar qanday o‘zgardi?” degan savolga jami fuqarolarning aksariyati - 94,2% ijobiy baholar berishdi, shundan 68,3% o‘zbekistonliklar millatlararo munosabatlar yaxshilanganini qayd etdi, 25,9% respondentlar millatlararo munosabatlarni avvalgidek yaxshiligicha qoldi, deb hisoblaydi. Millatlararo munosabatlarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga ijobiy baholarning ustunligi mamlakatning etnik-madaniy rivojlanishidan, turli millat va din vakillari o‘rtasidagi tenglik, adolat, yaxshi qo‘shnichilik hamda etnik, irqiy va diniy belgi bo‘yicha inson huquqlarining kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga rioya qilishga asoslangan munosabatlar xarakteridan fuqarolarning qoniqishini ko‘rsatadi.

Viloyatlardagi ijobiy tendensiya

Mintaqaviy kesimda so‘rov natijalari tahlilining aniqlashicha, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona va Jizzax viloyatlari aholisi boshqa mintaqalardagi respondentlarga qaraganda millatlararo munosabatlardagi o‘zgarishlarning ijobiy tendensiyalarini ko‘proq qayd etdi. Malum bolishicha, 71,2% fuqarolar millatlararo munosabatlar barqarorligini O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda qulay geosiyosiy mavqega ega ekanligi va tinch-totuv yashashning boy tarixiy tajribasi, ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik va savdo, madaniyat, ilm-fan sohalarida hamkorlik qilish an’analariga ega aholining ko‘p millatli tarkibi bilan bog‘laydi. So‘rov ishtirokchilarining fikricha, aynan shu omillar O‘zbekiston jamiyatida bag‘rikeng ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali muhit va yuksak muloqot madaniyatining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Millatlararo tinchlik va totuvlik nimalarga bog‘liq?

Mamlakatimizda olib borilayotgan millatlararo siyosat, 64,1% fuqarolarning fikricha, jamiyatda tinchlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, millatlararo bag‘rikenglik, ishonch va hurmatni saqlashga yordam beruvchi qudratli omil bo‘lmoqda. So‘rov ishtirokchilari shunga ishonadilarki, mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, qulay turmush sharoitini yaratish, milliy va diniy mansubligidan qat’i nazar, har bir o‘zbekistonlikni har tomonlama ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar tufayli O‘zbekiston jamiyatida turli millat va e’tiqod vakillari o‘rtasida samarali muloqot amalga oshirilmoqda.

51,1% fuqarolarning fikricha, jamiyatdagi millatlararo va dinlararo tinchlik va totuvlik, milliy yoki diniy asoslarda ixtiloflarning yo‘qligi mamlakat aholisining etnik ko‘pchiligini tashkil etuvchi o‘zbek xalqining xizmati hisoblanadi. Respondentlar o‘zbeklar doimo mehr-oqibatlilik, mehmondo‘stlik, insonparvarlik va qalban saxiylik bilan ajralib turishini, boshqa etnik guruhlar vakillari bilan faol hamkorlik va pragmatik hamjihatlikka ochiq ekanligini ta’kidladi.

97,1% o‘zbekistonliklar mamlakatda milliy, diniy, madaniy-til muhiti nuqtai nazaridan o‘zini erkin his qiladi

So‘rov davomida 46,2% respondentlar O‘zbekistonda yashayotgan barcha xalqlarning ma’naviy yaqinligini mamlakatimizdagi millatlararo munosabatlar barqarorligining garovi, degan fikrni bildirishdi. Respondentlarning hisoblashicha, O‘zbekistonda yashayotgan xalqlarni qarashlar va ma’naviy qadriyatlarning mushtarakligi, mamlakatimiz xalqlarining o‘zaro boyishiga, ma’naviy-axloqiy va madaniy rivojlanishiga yordam beruvchi o‘ziga xos mentalitet birlashtiradi.

O‘tkazilgan so‘rov natijalarining ko‘rsatishicha, 97,1% o‘zbekistonliklar mamlakatda milliy, diniy, madaniy-til muhiti nuqtai nazaridan o‘zlarini tamoman qulay va erkin his qilishadi. Olingan ma’lumotlarning tasdiqlashicha, milliy siyosatning amaldagi modeli o‘z samaradorligini isbotlamoqda, u ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining hamjihatligini mustahkamlashga, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish va fuqarolik o‘ziga xosligini shakllantirishga, milliy asosda kamsitish va huquqbuzarliklarning oldini olishga yordam bermoqda.

Xulosa: milliy mansublik Vatanga bo‘lgan muhabbatga ta’sir qilmaydi

So‘rov davomida millatlar kesimida olingan natijalar milliy mansublik o‘zbekistonliklarning o‘z mamlakatiga nisbatan his-tuyg‘ulariga jiddiy ta’sirga ega emasligini ko‘rsatdi. Tub millat vakillari va O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan turli millat va elatlarga mansub fuqarolar Vatanni, o‘z xalqini sevadigan, uning tabiati, tarixi, madaniyati va urf-odatlari bilan faxrlanadigan, mamlakatimiz jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini, kuchli, rivojlangan, zamonaviy davlat bo‘lishini chin dildan istaydigan haqiqiy vatanparvar o‘zbekistonliklar hisoblanadi.