$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Favqulodda chora ko‘rilmasa, Boysun yashash uchun yaroqsiz hududga aylanib qolishi mumkin

boysundagi ahvol

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi to‘g‘risidagi matbuot anjumanida Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi hamon vodorod sulfid chiqishda davom etayotgan “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konidagi vaziyatni izohladi.

Qanday xavfsizlik choralari ko‘rilgan?

Anjumanda jurnalistlardan biri Boysundagi gaz koni haqida bergan savoliga mas’ul geolog sifatida tabiatdagi gaz konlari ikkita bir xil qatlam o‘rtasidagi yuqori bosim ostida, joylarda nafaqat metan gazi, shuningdek, yondosh gazlar: propan, butan, vodorod sulfid, karbonat angidrid va boshqa tarkibiy qismlar ham mavjud, deya tushuntirish bergach, javob berdi:

Burg‘ilash jarayonlarida yuqori bosimga ega bo‘lgan qatlamni yorib tushgan paytda bu joyda bosim bilan gaz chiqa boshlaydi. Xalqaro tajribalarda ba’zida bunday holatlar juda katta yong‘inlar va portlashlar bilan kechganini ko‘rish mumkin.

Boysundagi kon endi o‘zlashtirilmoqda. 1-sentyabr kuni gaz sizib chiqib boshlagan bo‘lsa, qisqa vaqt ichida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zbekneftgaz“ va aholini muhofaza qiluvchi bir qator mas’ul boshqa tashkilotlar bilan bir nechta aholi punktlari, qishloqlarni evakuatsiya qildi. Aholi boshqa joyga ko‘chirildi. Ayni vaqtda gazning tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida ushbu joydagi burg‘ilash qurilmalari yaqinida qo‘shimcha [quduq] qazilgan va yomon gazlar yondirib qo‘yilgan. Bu amaliyot butun dunyoda ham bor.

Gazni “jilovlash” uchun komissiya tuzilgan

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda gazni “jilovlash”, uni siqib olish bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil qilingan.

“O‘zbekneftgaz” asosiy ishlarni bajarmoqda. Ular bilan hamkorlikda joyida shtab tashkil qilingan. Hukumat komissiyasi mana shu joyda bor. Aholini iloji boricha xavflarning oldini olish bo‘yicha bir qator shoshilinch choralar amalga oshirilyapti”, — dedi mutaxassis.

Yaqin kunlarda kon jilovlanadi

Samandar Hikmatullayevning ta’kidlashicha, ayrim hollarda aholining yashash joylariga qaytayotganini ham kuzatish mumkin.

“Bugungi kunga qadar ommaviy zaharlanishlar yo‘q. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlardan ko‘ryapmiz yoki bizda ham ma’lumotlar bor: ba’zi odamlar uyi, chorva mollaridan xavotirlanib, o‘zlarining (voqea joyi yaqinidagi) uylariga qaytib kelishgan va gaz bilan yengil zaharlanish holatlari bor. Ular shifokorlarga murojaat qilganidan so‘ng kerakli yordamni olishadi”, — dedi vazirlik xodimi.

Shuningdek, Samandar Hikmatullayev Boysunda obodonlashtirish bo‘limi xodimlari ham gaz bilan zaharlangani va qisqa vaqt ichida kasalxonada tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, o‘z ishini davom ettirayotganini tasdiqladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakilining aytishicha, yaqin kunlarda konni jilovlash ishlari amalga oshiriladi.

Afg‘on shamollari tahdid bo‘lishi mumkinmi?

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Boysundagi gaz konidan sizib chiqqan vodorod sulfid gazining ta’sirini tahlil qilib, bu vaziyatda mahalliy aholi qanday choralar ko‘rishi kerakligini izohladi. Abdulahatov shamol yo‘nalishining favqulodda holatlarda muhimligini ta’kidlab, kofrunliklar Telegram orqali shamolning qishloqqa qarab esishi haqida o‘z vaqtida ogohlantirish olib, to‘g‘ri choralar ko‘rayotganini aytib o‘tdi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, kunduzi shamol shimolga, ya’ni Boysun tumani markaziga qarab esgan bo‘lsa, tunda janub tomon — Bandixon va Sherobod qishloqlari yo‘nalishiga esadi. Tinch ob-havo sharoitida bu gazning qaysi hududlarga ta’sir qilishini ko‘rsatadi, ammo o‘zgaruvchan ob-havo sharoitlarida, ayniqsa, Termizda afg‘on shamollari bo‘lganida, gaz Boysun tumani markaziga ham katta ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Vodorod sulfid gazining havoga sizib chiqishi va shamolning o‘zgarishi holatni yanada xavfli qiladi va aholi har doim bunday vaziyatlarda ogoh bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, voqea joyidan qaytgan jurnalistlarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, hududda “palag‘da” tuxumning qo‘lansa hidini eslatuvchi achqimtir gaz havoga tarqalmoqda. Bu gaz darhol nafas olishni qiyinlashtiradi, dimog‘ va ko‘zlarni achishtiradi, ayrim kishilarda ko‘ngil aynishi va bosh og‘rishiga sabab bo‘lmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bu joy shamol yo‘nalishiga qarab “tahdid” darajasini o‘zgartirib turadigan, inson uchun chidab bo‘lmas sharoitga aylangan.

Agar tez orada gazni jilovlashning samarali usuli topilmasa, Boysun hududi yashash uchun yaroqsiz holatga kelib qolishi mumkin. Bu gaz aholining, ayniqsa, bolalarning sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘diradi va ularga ko‘proq yordam zarur.

Tasdiqlanmagan o‘limlar: qachon aniqlik kiritiladi?

Boysundagi M-25 gaz konida gaz sizib chiqishi natijasida texnogen ofat haqida gap ketar ekan, neft va gaz qazib olish jarayonlarida yuqori bosimli qatlamlarni burg‘ilash paytida, ayniqsa, anomal yuqori bosim bilan bog‘liq vaziyatlar yuzaga kelishi xavfini ta’kidlash o‘rinlidir. Bu bosim nazoratdan chiqib, gazning boshqarib bo‘lmaydigan oqimi hosil bo‘ladi. Boysundagi kon ham shunday yuqori bosimga ega qatlamlardan biri bo‘lib, vodorod sulfid kabi zararli gazlarning chiqishi atrof-muhitga va aholiga katta xavf tug‘diradi. Tasdiqlanmagan manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, voqea joyida bir necha brigada a’zosi vafot etgan bo‘lishi mumkin.

O‘rtabuloq tajribasi

Bunga o‘xshash holat O‘zbekiston hududida 60 yillar avval ham kuzatilgan. 1963-yilning 1-dekabriga o‘tar kechasi Buxoro viloyatidagi O‘rtabuloq gaz konida katta texnogen hodisa yuz bergan. 2400 metr chuqurlikda gaz qazib olish ishlari paytida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazli qatlam yorilib, kuchli bosim ostida gaz favvorasi yuzaga kelgan. Gaz bosimi 350 atmosfera bo‘lib, favvora darhol alangalanib ketdi va 120 metrgacha balandlikda yonib turgan. Quduq boshidagi burg‘ulash uskunalari erib, ishdan chiqqan.

Ikki yildan ko‘proq davom etgan bu olovni o‘chirish bo‘yicha harakatlar natija bermagach, oxir-oqibat, 1966-yilda bu ofatni to‘xtatish uchun atom bombasidan foydalanilgan. Havola orqali ushbu mavzuga bag‘ishlangan videoni tomosha qilib, batafsil ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

Теги :
Jamiyat