$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

6 yildan 12 yilgacha: “Tavhid va jihod katibasi” tarafdorlari bo‘lgan shaxslarga hukm o‘qildi

tavhid

Qo‘qonda “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlari bo‘lgan shaxslar 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

“Tavhid va jihod katibasi”ning 11 nafar a’zosi

DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Qo‘qon shahrida faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlaridan iborat jamoat fosh etilgan.

Jamoatning 11 nafar a’zosi Qo‘qon shahri hamda O‘zbekiston tumanida yashovchi, 1980–2000-yillar oralig‘ida tug‘ilgan fuqarolar bo‘lib, ular orasida farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatda menejer, gaz quyish shoxobchasida bosh mexanik bo‘lib ishlagan, shuningdek, xususiy tadbirkorlik, oshpazlik, ustachilik, kirakashlik bilan shug‘ullangan shaxslar bor.

Choyxonalardagi “shanbalik oshlar”

2021–2023-yillar davomida noqonuniy guruh a’zolari Qo‘qon shahrida joylashgan choyxonalarda “shanbalik oshlar” niqobi ostida yig‘inlar tashkil etib, unda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Yahyo Turkistoniy va boshqalarning jihod hamda shahidlikka, islom davlati qurishga chorlovchi, diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarini eshitishlari natijasida dinga mutaassiblarcha berilib, ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Shuningdek, mamlakatda amalda bo‘lgan davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va xalifalik davlati qurishga qaratilgan g‘oyalarni o‘zaro muhokama qilgan. Jamoat a’zolarining ayrimlari Suriyaga hijrat qilish masalasini ham muhokama qilgan.

Bundan tashqari, ulardan ikki nafari o‘zaro til biriktirib, hozirda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etib kelayotgan qo‘qonlik Jasur ismli shaxsga moddiy yordam berish maqsadida 2023-yilning iyul va avgust oylarida jami 3000 AQSH dollari miqdorida pul yuborgan.

6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi

Qayd etilishicha, jamoat a’zolari o‘z saflarini kengaytirish uchun yig‘inlarga boshqa fuqarolarni ham jalb qilib, ularning ongiga ekstremistik g‘oyalarni singdirgan. Telegram messenjerida tashkil etilgan guruhda o‘zaro ma’lumotlar almashinib, navbatdagi yig‘in vaqti va joyi e’lon qilib borilgan. Shuningdek, ular har 15 kun, 1 oy ichida nima ishlarni amalga oshirganliklari bo‘yicha guruh yetakchisiga hisobot bergan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining hukmiga ko‘ra, mazkur noqonuniy guruh a’zolari tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 155-3, 159, 244-1 va 244-2-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

“Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti haqida

“Tavhid va jihod katibasi” — xalqaro terroristik tashkilot bo‘lib, 2014 yilda Suriyada tashkil etilgan. Ushbu tashkilot asosan etnik o‘zbek va qirg‘izlardan iborat bo‘lib, tashkilotning asoschisi janubiy Qirg‘izistonda tug‘ilgan Sirojidin Muxtorov (Abu Saloҳ) hisoblanadi. Bu guruh, ayniqsa, Markaziy Osiyoda xavfsizlik uchun jiddiy tahdid sifatida ko‘rilmoqda. Guruhning a’zolari soni haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Biroq, turli manbalarga ko‘ra, Suriyada ushbu guruh tarkibida 200 nafardan 500 nafargacha jangari borligi taxmin qilinadi.

Tashkilotning faoliyati:

2015 yilda “Tavhid va jihod katibasi” “Jabhat an-Nusra” va “Ajnad al-Qafqaz” kabi boshqa guruhlar bilan hamkorlik qilib, Suriyaning shimoli-g‘arbiy hududida de-fakto davlat yaratishga uringan. Tashkilotning maqsadi jihodiy g‘oyalarni yoyish va jangarilarni tayyorlashdan iborat.

Asosiy voqealar va faoliyat:

2016-yilda tashkilot a’zolari Qirg‘izistonning Xitoy elchixonasiga qarshi terakt uyushtirgan. Bu hujumni tashkilot yetakchisi Sirojidin Muxtorov boshqargan.

2019-yilda tashkilot rahbari o‘zgardi, yangi yetakchi sifatida Ilmurod Hikmatov tayinlandi.

2020-yil iyun oyida Toshkentda ushbu tashkilotning 25 a’zosi Suriyaga borib, jangovar harakatlarda ishtirok etishni rejalashtirayotgan paytda qo‘lga olingan.

2020-yil iyul oyida yana 11 nafar a’zo Toshkentda noqonuniy faoliyat olib borayotgan paytda qo‘lga olingan.

2023-yil may oyida Toshkentda Suriyadagi terroristik guruhlarga qo‘shilishni rejalashtirgan 8 kishi ushbu tashkilotga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olindi.

Huquqiy maqom va taqiqlar:

“Tavhid va jihod katibasi” tashkilotining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 2016-yil 26-sentyabrda taqiqlangan. Shuningdek, AQSh ham ushbu guruhni terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan.

Rahbariyatdagi o‘zgarish

2022-yilning sentyabrida Rossiya havo kuchlari Suriyadagi aviazarba natijasida guruh asoschisi Sirojidin Muxtorovni yo‘q qilgan.

Ushbu tashkilot bugungi kunda ham Markaziy Osiyoda va undan tashqarida xavfsizlikka jiddiy tahdid soluvchi kuch sifatida e’tirof etiladi.

Oʻzbekiston qonunchiligiga koʻra, terrorizm uchun qanday jazolar belgilangan?

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq, terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun quyidagi jazolar belgilangan:

Terrorizm (155-modda): Terrorchilik harakatlarini sodir etgan shaxslar 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi. Agar jinoyat og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan bo‘lsa, jazo 15 yildan 20 yilgacha yoki 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi. Uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi faqat qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlari uchun qo‘llaniladi.

Terrorizmni moliyalashtirish (155-1-modda): Terrorchilik faoliyatini moliyalashtirgan shaxslar 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi. Agar bu harakatlar og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan bo‘lsa, jazo 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi.

Terrorchilik tashkilotini tuzish yoki unga rahbarlik qilish (159-modda): Bunday harakatlar uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi 2005-yilda bekor qilingan bo‘lib, hozirgi kunda terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun eng og‘ir jazo turi uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish hisoblanadi.

Sudlar jazo tayinlashda jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsiyati va boshqa yengillashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga oladilar.