$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Moslashuvchan ish vaqti: O‘zbekistonda ilk tajriba natijalari qanday bo‘ldi?

xotin-qizlar

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan moslashuvchan ish vaqti rejimi joriy etish bo‘yicha ilk tajriba amalga oshirildi. Sinov natijalari haqida AOKAda o‘tkazilgan brifingda Agentlikning Axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova ma’lumot berdi.

Ish rejimida yangi qadam

Tajriba 2024-yil aprel oyidan oktyabr oyigacha, 6 oy davomida o‘tkazilib, 29 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va Sirdaryo viloyatidagi 7 ta hududiy boshqarmani qamrab oldi. Loyihada 87 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tasdiqlagan “2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi” doirasida amalga oshirildi.

Xotin-qizlar va ish beruvchilar fikri

Tajriba davomida xotin-qizlar mehnat unumdorligining yaxshilanganligini, ish vaqtidan samarali foydalanish imkoniyati paydo bo‘lganini ta’kidlashdi. So‘rovnoma natijalari quyidagicha:

 — 43,3 foiz xotin-qizlar mehnat unumdorligi sezilarli oshganligini qayd etdi.

 — 50 foizi ish vaqtidan samarali foydalanish ko‘nikmasi rivojlanganini bildirdi.

 — 29 foizi ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat yaxshilanganini ta’kidladi.

Shuningdek, ish beruvchilarning 72,3 foizi moslashuvchan ish vaqtini 10 ballik shkala bo‘yicha 8-10 ball bilan baholashgan. Bu esa ish beruvchilar ushbu yondashuvni yuqori darajada qo‘llab-quvvatlaganligini ko‘rsatadi.

Huquqiy mexanizmlarni yaratish zarurati

Tajriba jarayonida ma’lum bo‘ldiki, ishlash tartibini aniq belgilab beruvchi qonunosti hujjatlar yetishmovchiligi bu jarayonda ayrim qiyinchiliklar tug‘dirgan. So‘rovnoma qatnashchilarining 21,6 foizi moslashuvchan ish rejimi bo‘yicha qonuniy asoslarning mavjud emasligi sababli ba’zi ish beruvchilar tayyor emasligini bildirishgan.

Ish beruvchi va bo‘linma rahbarlarining fikrlari o‘rganilganda, xotin-qizlarning moslashuvchan ish rejimida o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida salbiy ta’sir kuzatilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Aksincha, ko‘pchilik holatlarda faoliyat samaradorligi oshganligi qayd etilgan.

Tajriba natijalariga ko‘ra, ushbu ish vaqti rejimi kelgusida barcha vazirlik va idoralarda tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda. Bu nafaqat mehnat unumdorligini oshirish, balki ish bilan shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni ta’minlashga ham ko‘maklashadi.

Теги :
Jamiyat