$
 12021.32
-20.73
 13734.36
-10.44
 157.64
2.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Yoshlarni suv emas, sharoitsizlik cho‘ktiryapti

cho

Yozning jazirama kunlari boshlanishi bilan yangiliklar lentasida yana bir xil mazmundagi xabarlar paydo bo‘ladi: falon hududda kanalga tushgan bola cho‘kib ketdi, piston joyda daryoda cho‘milgan yigit suv oqimiga qarshi tura olmadi, yana qayerdadir ota-onasining ko‘z o‘ngida farzandi suv bag‘rida halok bo‘ldi. Oradan bir necha kun o‘tadi, bu voqealar keng muhokama qilinadi, mas’ullarning ogohlantirishlari yangraydi, so‘ng esa navbatdagi fojiagacha hammasi unutiladi.

Har gal aybdor ham tayyor: ehtiyotsizlik, taqiqlangan joyda cho‘milish, ota-onaning nazoratsizligi. Go‘yoki muammo shundan nariga o‘tmaydigandek. Ammo nega biz yillar davomida eng muhim savolni chetlab o‘tyapmiz? Nega bolalar va yoshlar xavfli kanal yoki daryoga tushishga majbur bo‘lyapti? Ularning boshqa tanlovi bormi?

Statistika ortidagi haqiqat

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida dunyo bo‘yicha 2,5 milliondan ortiq inson cho‘kish oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. BMT esa suvda cho‘kishni allaqachon global ijtimoiy muammo sifatida e’tirof etgan. O‘zbekistonda ham vaziyat tashvishli. Joriy yilning dastlabki besh oyida 57 kishi suvda cho‘kib halok bo‘lgan. Bu raqamlar ortida esa faqat statistika emas, ortga qaytmaydigan inson taqdiri va umr bo‘yi bitmaydigan ota-onalar dardi turibdi.

Har safar fojia yuz berganda odamlarni ayblash oson. Ammo muammoning ildiziga qarasak, vaziyat butunlay boshqacha ekanini ko‘ramiz. Statistika agentligining 2023-yil 1-yanvar holatiga e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 331 ta suzish havzasi faoliyat yuritgan. Bir qarashda bu raqam yomon ko‘rinmaydi. Ammo asosiy muammo basseynlar sonida emas, ularning qayerda joylashganidadir.

Mavjud suzish havzalarining qariyb 90 foizi shaharlarga to‘g‘ri keladi. Ayrim tumanlarda esa bitta ham suzish havzasi yo‘q. Holbuki, mamlakat aholisining katta qismi aynan qishloqlarda yashaydi. Demak, yozning 40–45 daraja issig‘ida qishloqda ulg‘ayayotgan minglab bolalar va o‘smirlar uchun salqinlashning yagona yo‘li — kanal, ariq yoki daryo.

Shunday ekan, har safar “taqiqlangan joyda cho‘milgan” degan xulosa bilan cheklanib qolish qanchalik to‘g‘ri? Agar xavfsiz alternativa bo‘lmasa, odam baribir xavf tomon boradi.

“Otning kallasidek” narxlar

Qishloqlarda basseynlarning yo‘qligi bir muammo bo‘lsa, shaharlarda ularning qimmatligi boshqa muammo. Bugungi kunda ko‘plab xususiy basseyn va akvaparklarda bir kishining kirish narxi o‘rtacha 40–50 ming so‘mdan boshlanadi. To‘rt kishilik oilaning atigi bir necha soatlik cho‘milishi yo‘l va boshqa xarajatlarni hisobga olganda 200 ming so‘mdan ham oshadi. Bu esa o‘rtacha daromadli oilalar uchun har hafta yoki hatto oyiga bir marta ham takrorlash mumkin bo‘lgan hordiq emas.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkor narxni o‘zi belgilashi tabiiy. Biroq yoz oylarida talab keskin oshgani sari narxlar ham yuqorilab boradi. Natijada suzish havzalari sog‘lom hordiq maskanidan ko‘ra ko‘proq moddiy imkoniyati yaxshi qatlam foydalanadigan xizmatga aylanmoqda.

Toshkentdagi Bo‘zsuv, Anhor va boshqa kanallar yoz faslida odamlar bilan gavjum bo‘lishining sababi faqat beparvolik emas. Bu ko‘p jihatdan iqtisodiy tanlovning yo‘qligi bilan ham bog‘liq.

Taqiq bilan muammo hal bo‘lmaydi

Har yoz bir xil manzarani kuzatamiz. Cho‘milish taqiqlangan joylarda reydlar o‘tkaziladi, jarimalar kuchaytiriladi, ogohlantiruvchi lavhalar yangilanadi. Lekin taqiq muqobilning o‘rnini bosa olmaydi.

Agar yoshlar uchun xavfsiz va hamyonbop cho‘milish maskani yaratilmasa, ular baribir eng yaqin kanal yoki daryoni tanlaydi. Chunki yozning jaziramasida salqinlash istagi tabiiy ehtiyoj. Insonni xavfdan qaytarishning eng samarali yo‘li esa uni jazolash emas, xavfsiz tanlovni taklif qilishdir.

Bugungi vaziyat davlat, mahalliy hokimliklar va xususiy sektorning birgalikdagi yechimini talab qiladi. Avvalo, chekka qishloqlarda yoz mavsumi uchun karkasli, yig‘ma basseynlar tashkil etilishi mumkin.

Bunday loyiha katta qurilishlarni talab qilmaydi, biroq yuzlab bolalar uchun xavfsiz dam olish maskanini yaratadi.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida qishloq va tumanlarda suzish havzalari qurayotgan tadbirkorlarga yer, kredit va soliq imtiyozlari berilishi maqsadga muvofiq. Evaziga esa bolalar va o‘smirlar uchun hamyonbop tariflar joriy etilishi shart.

Yana bir muhim masala — suzishni sport emas, hayotiy ko‘nikma sifatida qabul qilishdir. Maktablarda suzish darslarini bosqichma-bosqich joriy etish, buning imkoni bo‘lmagan hududlarda esa Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari ishtirokida suv xavfsizligi va birinchi yordam bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish zarur.

Kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalar farzandlari uchun davlat yoki xususiy basseynlarga subsidiyalangan vaucherlar ajratilishi ham minglab oilalar uchun haqiqiy yordam bo‘lishi mumkin.

Har safar navbatdagi fojiadan keyin marhumning ehtiyotsizligini muhokama qilish oson. Ammo bu bilan birorta bolaning hayoti saqlab qolinmaydi.

Bugun xavfli kanallar bo‘yiga yana yuzlab taqiqlovchi belgilar o‘rnatish mumkin. Jarimalarni ham oshirish mumkin. Ammo bolalar va yoshlar uchun xavfsiz, yaqin va hamyonbop cho‘milish maskanlari yaratilmas ekan, bu fojialar takrorlanaveradi.

Shahruza Sattorova

Теги :
Jamiyat