Sindarov va Gukesh jahon chempionligi bahsiga qanday tayyorlanmoqda?
World Chess portali o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuning jahon chempionligi uchun kechadigan uchrashuvga tayyorgarligini taqqosladi.
2 daqiqa o‘qiladi

World Chess portali o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuning jahon chempionligi uchun kechadigan uchrashuvga tayyorgarligini taqqosladi.
Nashrning yozishicha, Sindarov hal qiluvchi bahs oldidan musobaqalarda qatnashishni davom ettirmoqchi. U AQShning Sent-Luis shahrida o‘tadigan Clutch Chess turnirida ishtirok etadi. Musobaqada Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana va Praggnanandhaa kabi kuchli grossmeysterlar ham qatnashadi.
Sindarov kuchli raqiblar bilan o‘ynashda davom etadi
World Chess bu musobaqa Sindarovga jahon chempionligi uchun ilk partiyaga bir oydan kam vaqt qolganida ham yuqori darajadagi raqobat muhitida qolish imkonini berishini ta’kidladi.
Biroq Clutch Chess rapid formatida o‘tkaziladi. Shu bois portal ushbu turnir Sindarovning klassik shaxmat bahsiga tayyorlagan debyut rejalarini to‘liq oshkor qilmasligini qayd etmoqda.
Gukesh raqibini o‘rganishga ko‘proq vaqt ajratadi
Gukesh esa Sindarovdan farqli ravishda tayyorgarlik uchun ko‘proq vaqtga ega bo‘ladi. U bu davrda bo‘lajak raqibining o‘yin uslubi va imkoniyatlarini chuqurroq tahlil qilishga e’tibor qaratishi mumkin.
World Chess ikki shaxmatchining tayyorgarlik yondashuvi turlicha ekanini ta’kidlaydi: Sindarov amaliy o‘yin tajribasini oshirishda davom etayotgan bo‘lsa, Gukesh maxsus tayyorgarlik uchun ko‘proq vaqt ajratmoqda.
Sindarov Olimpiadani mag‘lubiyatsiz yakunlagan
Portal o‘zbekistonlik grossmeysterning so‘nggi natijalariga ham e’tibor qaratdi. Sindarov shaxmat Olimpiadasida birorta partiyada mag‘lub bo‘lmadi va O‘zbekiston terma jamoasining oltin medalni qo‘lga kiritishiga hissa qo‘shdi.
Gukesh esa turnirdagi dastlabki o‘nta partiyaning yettitasida g‘alaba qozongan. Biroq u musobaqani vengriyalik grossmeyster Gleb Dudin bilan bahsdagi mag‘lubiyat bilan yakunlagan.
Birinchi partiya 24-noyabr kuni o‘tkaziladi
World Chess alohida turnirlardagi natijalar jahon chempionligi uchun kechadigan bahsda kim g‘olib bo‘lishini oldindan aniq aytish uchun yetarli emasligini ham eslatdi.
Javohir Sindarov va Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi uchrashuvining birinchi partiyasi 24-noyabr kuni Jenevada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Raqiblar o‘zaro 14 tagacha klassik partiya o‘ynaydi. Uchrashuvda muddatidan oldin g‘alaba qozonish uchun shaxmatchilardan biri 7,5 ochko to‘plashi kerak.



