$
 12653.48
-109.05
 14871.64
-106.47
 159.75
-2.91
weather
+26
Кечаси   +14°

Milliy sertifikat “mojarosi”

milliy sert

O‘tgan kunda uzoq kutilgan milliy sertifikat imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Kutilganidek “kutilmaganda” imtihon topshirgan talabgorlarda kuchli norozilik paydo bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng omma fikri va muhokamasiga sabab bo‘lgan holatlar, test jarayonida qanday muammolarga duch kelishganligi va aytilmagan qanday o‘zgarishlar yuz bergan edi?!

Abituriyentga ballni, pedagoglarga “soqqani” naqd qiluvchi sertifikat va Rash modeli

Oldinroq xabar qilinganidek, hukumatning “Umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritilib, abituriyentga OTMlarning bakalavriat kirish test sinovlarida ushbu fandan maksimal ball beruvchi va undan kerakli natijani qo‘lga kiritgan pedagoglarga qo‘shimcha ustama puli taqdim etadigan milliy sertifikatlar xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblanadigan bo‘lgan edi. Unga ko‘ra:

70 balldan yuqori ball olgan talabgorga — A+ daraja;

65 - 69,9 ball olgan talabgorga — A daraja;

60 - 64,9 ball olgan talabgorga — B+ daraja;

55 - 59,9 ball olgan talabgorga — B daraja;

50 - 54,9 ball olgan talabgorga — C+ daraja;

46 - 49,9 ball olgan talabgorga — C daraja.

A+, A darajali sertifikat olgan abituriyentga OTMlarning bakalavriatiga kirish test sinovlarida ushbu fandan maksimal ball beriladi.

B+, B, C+, C darajali sertifikat olgan abituriyentga mos ravishda maksimal ballga nisbatan proporsional ball beriladi va majburiy fan bo‘yicha belgilangan eng yuqori ball taqdim etiladi.

40 ta asarni o‘qiysan va tayyorlanasan lekin, 41 ga chidaysan

O‘qish uchun tavsiya adabiyotlar sifatida 40 dan ortiq asarlar berildi va o‘quvchilar ham yangi qo‘shilgan asarlardan test tuzishgan deb o‘ylab “chuchvarani xom sanashgan” ekan.

Testda ishtirok etganlar quyidagi asarlardan test savollari tushganligini aytishgan:

-“Sarviqomat dilbarim”

-“Jayxun ustida bulutlar”

-“Tushda kechgan umrlar”

-“Garov” hikoyasi

-“Kecha va Kunduz”.

Eng qizig‘i tavsiya asarlar orasidagi yangilari tushmagani mayli-yu, test savollari ham o‘tgan safargi, 29-oktyabrdagi testlar bilan bir xil ekanligiga nima deyish mumkin?! Endi test topshirish niyatida bo‘lganlar ham, o‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shnini o‘g‘ri tutma deya 17-martdagi savollarga tayyorlanishsa ajab emas! Ha, ehtiyotkor bo‘lish kerak edi-da!

Ko‘nikmani aniqlash kerakmi yoki xotirani?!

Test savollari yaxshi shakllantirilgan, lekin ba’zi savollarda e’tirozlar yuzaga kelmoqda. Xususan, ayrim savollar o‘quvchining ko‘nikmasini aniqlash emas, shunchaki xotirasini sinashga qaratilgandek.

Bundan tashqari, aruz nazariyasidan savol ham bir masala. To‘g‘ri, testlar o‘quv dasturi asosida tayyorlanishi tushunarli, lekin aruzga oid masalani pedagog yoki 11-sinf o‘quvchisi o‘zining 8-sinf adabiyotida o‘qigan-ku deyish esa mantiqan xato bo‘lgan bo‘lar edi. Birgina mavzuda berilgan katta vazn haqida savolni, yana hozirgi davr adabiyotini o‘qigan o‘quvchining topishi “noreallik”dir.

Test javoblarini bosmada yozasan, yana SH emas “S” va “H”

Imtihonda javob varaqasidagi kataklarga javoblarni katta va bosma harflarda yozish kerakligi aytilgan. Tabiiyki, O‘,G‘,SH, CH, NG, kabi harflarni yozishda savol tug‘ilishi aniq, “ajratib yozaylikmi yoki qo‘shibmi?!”.

Bunda yana bir muammo, yaxshi tayyorgarlikdan o‘tmagan guruh rahbarlari yuzaga chiqib qoladi. Ba’zi hududlarda harflarni va uning belgisini bitta katakka yoz deyilgan bo‘lsa, boshqalarida alohida yoz deb tushuntirilganligi haqida imtihonlarga qatnashganlar aytishgan. Balki, “bo‘yni yo‘g‘on” nazoratchilarning o‘rniga xushmuomala hamda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan odamlarni olgan ma’qulmidi?!

Endi kim bu sinovda murodiga yetdi-yu, kim yo‘lda qolib ketganini javoblar e’lon qilinganidan keyin bilish mumkin. Javoblar 21 ish kunida e’lon qilinadi. Bayram munosabati bilan dam olish kunlarini qo‘shsak, javoblar kelasi oyning yakuniga tayyor bo‘lar ekan.