$
 12699.85
-18.23
 13694.25
-15.84
 139.02
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Maktablar qurilyapti, ammo yetarli emas. Hokim esa maktab yerini sotish taklifida

maktab

Turli minbarlarda bot-bot maktab dastlabki ehtiyoj ekani, ilm maskanlariga yetarlicha e’tibor berish lozimligi, yangicha ta’lim dasturlari va darsliklari yaratilishiga ehtiyoj haqida gapiriladi. Bu raqamlar, shiorlar, olqarsakbozliklar yozib olinadi, tarqatiladi va... sekingina unutila boshlaydi. Ortidan esa, maktablarni ko‘paytirishga emas, kamaytirishga qaratiluvchi “maxfiy harakat”lar ham boshlab yuboriladiki, taassuf deyishdan bo‘lak iloji qolmaydi kishining.

Maktab qurilishi oshganmi?

Statistika agentligining xabar berishicha, so‘nggi besh yilda respublika bo‘ylab 660 ta yangi maktab qurilgan. Ya’ni 2018/2019-o‘quv yilida maktablar soni 9 774 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2023-/2024-o‘quv yiliga kelib ularning soni 10 750 tani tashkil etmoqda. Umuman olganda, bu 1991/1992-o‘quv yiliga nisbatan 2 193 taga ko‘pdir.

Bu yetarli emas

Hozir O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab 5 million 200 ming o‘quvchini qabul qila oladi. Ularda esa 6 million 745 ming o‘quvchi tahsil olmoqda. Bir necha yil oldin sobiq Xalq ta’limi vazirligi 2026-yilgacha o‘quvchilar soni 7,5 million nafarga yetishini prognoz qilgan.

Agar biz Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq 2017-yilda tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizomda sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilanganini inobatga olsak, maktablar hali yetarli emasligini ko‘rishimiz mumkin. Ammo, bu hali holvasi.

Mahoratmi, tijorat?

Kun.uz nashrining Gazeta.uzga tayanib xabar berishicha, Yunusobod tuman hokimi tomonidan tumandagi Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi akademik litsey negizida qaytadan maktab tashkil etish taklif qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman hokimi Abduvaliyev litsey hududidan to‘liq quvvatda foydalanilmayotganligini, uning o‘rniga yangi maktab qurishni, litsey hududining bir qismini esa, auksion orqali sotib, daromadni mahallani obodonlashtirish va maktab ta’miriga sarflash tashabbusi bilan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga murojaat qilgan. Umurzoqov esa bu taklifni ko‘rib chiqishni ma’lum qilgan, litsey ko‘chirilishi uchun joy ajratilishi zarurligini ta’kidlagan.

Hali taklif batafsil ko‘rib chiqilganicha yo‘q, ammo litsey qismatiga “hukm o‘qilgani” biroz hayratlanarli.

Faollar munosabati

Iqtisodchi hamda bloger Otabek Bakirov holatga “maktab faqat ta’lim uchun” deya munosabat bildirdi. Quyida ushbu munosabatni keltiramiz:

Maktablardan qo‘lingizni torting: Maktablar hududi faqat ta’lim uchun foydalanilishi kerak!
Maktablar hududidagi sotib yuborilgan yer maydonlarini qaytarish o‘rniga qolganiniyam sotish yangi to‘lqin bilan davom etadigan ko‘rinadi.
Tasdiqlanganidan keyin mahallabay yurishni boshlagan poytaxt hokimiga sotish mumkin bo‘lgan yer maydonlarini prezentatsiya qilishni boshlashgan. Ular orasida ilgari maktab bo‘lgan va yana maktabga aylantirilishi ko‘zlangan litseyning 27,5 sotixli yer maydoni ham bor. Emishki, bu joy o‘lik va foydalanmayotgan basseyn emish. Sotishdan tushgan pulga mahallani obodonlashtirish va maktabni ta’mirlashga ishlatilarmish.
Hokim bilan uchrashuvda hozir bo‘lganlarning hech biri maktab maydoniga tegmaylik, qursak, o‘rniga yana maktab quraylik demagan. Loaqal birontasi turib o‘sha sotmoqchi bo‘lgan yer maydonining puliga kamida 500 o‘rinli yangi maktab binosi qursa bo‘ladi-ku, deb so‘ramagan.
Agarda hozir shu bitta maktab misolida yer sotish boshlansa, uni to‘xtatib qolib bo‘lmaydi. "Yunusobod tajribasi" degan ahmoqona metodichka bilan butun O‘zbekistonga yoyiladi. Hech kim saylamagan hokimlar va ularning ochofat shotirlari maktablarning yer maydonlariga ko‘z olaytirib turibdi. Doimgidek, hech narsani hal qilmaydigan maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi og‘ziga tolqon solib o‘tiripti.
Maktablarning bo‘sh hududiga faqat ta’lim jarayoniga oid bino va inshootlar qurilishi kerak. bu basseyn, bu sport zali, bu kutubxona bo‘lishi mumkin. Agar chuqur iqtisodiy asoslansa, davlat xususiy sherikchilik asosida xususiy maktab qurishni ham o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi, undan ortiq emas.
Hurmatli qaror qabul qiluvchilar, byudjet tizimidagi maktablar, shifoxonalar, universitetlar makoni "xususiylashtirishdan" daxlsiz bo‘lishi va ularning hududini sotish qonun bilan taqiqlanishi zarur.
Maktablardan qo‘lingizni torting, hurmasiz yersotarlar. O‘zbekiston kelajagiga chang solmang.