$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Xitoyning 18 milliardlik sarmoyasi: O’zbekiston uchun imkoniyat edimi yoki tahdid?

china invset

Xitoy so‘nggi 22 yil ichida Markaziy Osiyo uchun 105 milliard AQSH dollari miqdorida mablag' ajratgan. Ushbu mablag‘ning 18 milliard dollari O‘zbekiston uchun yo‘naltirilgan edi. Mablag‘lar asosan Xitoyning tashqi investitsiya uchun yo‘naltirilgan Xitoy taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan.

18 milliard dollarlik yirik mablag‘ qanday sharoitda qayerga sarflagani haqida o'zbekistonlik jurnalist va tadqiqotchilar - A. Galimova, Y. Park, qirg‘izistonlik tadqiqotchi - Ch. Sabyrbek va tojikistonlik tahlilchi - N. Karimovlar tadqiqot olib borishdi. Tadqiqot xalqaro The Diplomat nashrida chop etildi. 

Xitoy investitsiyalaridan ko'zlangan maqsad 

Umuman olganda, Xitoyning dunyo bo‘yicha investitsiya kiritish ko‘lami yirik. Uning investitsiya maqsadlari, ekspertlar Marina Rudyak va Andreas Fuchsning ta'kidlashicha, uch maqsadga - siyosiy, iqtisodiy va gumanitar yo‘nalishga bo‘linadi. Xitoyning Markaziy Osiyoga investitsiya kiritishining yana bir sababi esa mintaqada xavfsizlikni ta’minlash. Ya’ni Uyg‘ur muxtor Respublikasiga Afg‘oniston yoki Yaqin Sharq tarafdan hujum bo‘lishining oldini olish uchun Xitoy Markaziy Osiyoda xavfsiz hudud ta’minlanishidan manfaatdor. Shuningdek, Xitoy Turkmaniston va Qozog‘istonga gaz va uran manbasi sifatida ham qarab keladi.

2023-yil hisobida O'zbekistonning Xitoydan qarzi - 3.775 mlrd. dollar

2005-yilda Andijon voqealaridan so‘ng, xalqaro tanqidlar fonida, O‘zbekiston Xitoyda ishonchli ittifoqchini topdi. Bu davr O‘zbekiston iqtisodiyotiga Xitoyning yirik investitsiyalarining boshlanish davri bo‘ldi. Statistika agentligiga ko'ra, mamlakat rasman 2023-yildan O‘zbekistonga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Chunki O‘zbekistonda ish kuchi arzonligi, tinchlik va tartib borligi Xitoy uchun yaxshi investitsiya muhiti demakdir. 2023-yilda O‘zbekiston Xitoydan 3.775 milliard dollar qarz bo‘lgan. Bu O‘zbekiston tashqi qarzining 13 foizi demakdir.

Bu mablag‘larni 20 yil davomida O‘zbekiston qayerga sarflagan?

Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan mablag‘larining asosiy sarfi tog‘-kon qazilmalari sanoati va qurilish (63.3 foizi) hisoblanadi. Unga Markaziy Osiyo va Xitoyni bog‘lovchi “Oltin yo‘l” gazni qayta ishlab chiqarish loyihasi ham kiradi.

Ikkinchi o‘rinda transport bo‘lib, unda Boeing va Airbus samolyotlarini sotib olish nazarda tutilgan. Uchinchi o‘rinda esa energetika sohasidir. AidData ma’lumotlariga ko‘ra Xitoy O‘zbekistonda asosan qurilish va tabiiy qazilma resurslarga investitsiya kiritishga qiziqadi. 

Xitoyning O‘zbekiston aloqa tizimiga kiritgan mablag‘i ham salmoqli. Xitoy taraqqiyot Banki 2007-yildan O‘zbekiston aloqa tizimiga sarmoya kiritishni boshlagan. 15.5 million AQSH dollari O‘zbektelekomga ajratilgan. 

Shaffoflik qani?

AidData ma’lumotlariga ko‘ra Xitoy siyosiy talablardan ko‘ra ko‘proq mablag‘ taqdim etadi. Ammo, uning sarfida boshqa davlatlar investitsiyalari kabi shaffoflik va ochiqlikni kuzatish qiyin. Ikki davlat tarafidan taqdim etilgan hujjatlarning ozligi bois kreditlash talablari haqida ochiq ma’lumot olish deyarli imkonsiz. 

"Biz O‘zbekiston Milliy Banki va O‘zbekiston Investitsiyalar vazirligiga so‘rovlar yubordik, ammo javob olmadik. Shuning uchun maqolada qo‘shni davlatlar tajribasiga tayanamiz va Qirg‘iziston va Tojikiston jurnalistlari bilan birgalikda Xitoyning O‘zbekistonga qanday shartlarda qarz berayotganini aniqlashga harakat qilamiz," - deydi surishtiruvning o'zbekistonlik hammualliflari.

Qo'shnilarimizning taqdiri bizda qaytarilishi mumkinmi?

Xitoy taraqqiyot banki qarzdorlik shartiga ko‘ra import qilinayotgan yirik uskunalar mablag‘ining 85 foizini qoplab beradi. Ammo import qilinayotgan uskunaning yarmidan ko‘pi Xitoydan keltirilishi kerak. Eng kam kredit 100 ming Aqsh dollari, eng yuqori summa esa ko‘rsatilmagan. Kreditni qaytarish muddati 2 yil va umumiy muddat 8 yilgacha bo‘lishi mumkin. Shuningdek, kreditlarning qo‘shimcha talablari ham mavjud. Misol uchun, Tojikistonda "Dushanbe-2" loyihasiga sarflagan kreditlari evaziga Xitoyning TBEA kompaniyasi Qumarig‘ va Duobadagi oltin zaxiralarini qazib olish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.

Xitoy taraqqiyot banki - korrupsiyalashgan tashkilot

XTB investitsiyalarining yana bir xavfli tarafi bu uning korrupsiyalashganidir. 2021-yilda bank antikorrupsiya mashmashalari markazida bo‘lgan va oqibatda, uning rahbariyatidan 10 kishi ishdan olingan. O‘tgan yili mazkur bankning sobiq vitseprezidenti 712 million AQSH dollari miqdoridagi pora olganini tan olgan.

Xitoy sarmoyasi - O'zbekiston uchun tahdid (mi?)

O‘zbekiston so‘nggi 20 yil davomida Xitoydan katta kredit mablag‘lari oldi. Kredit shartlari esa ommaga to‘liq ochiqlanmagan. Bu O‘zbekiston kelajagi uchun xavotir uyg‘otadi. Uskunalarning asosiy qismi Xitoydan sotib olinishiga qo‘yilgan talab, davlatda texnologiya qaramligini keltirib chiqaradi. Agar kreditni qaytarish vaqti kechiksa, qo‘shni davlatlardagi kabi tabiiy zaxiralarni yo‘qotish xavfi ham mavjud. Nihoyat, bunday keng ko‘lamli moliyaviy operatsiyalarda korrupsiya ehtimoli kutilgan rivojlanish afzalliklarini buzishi mumkin.

Теги :
Jamiyat