$
 12857.35
22.74
 14672.81
10.55
 163.45
0.8
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Tojikiston Rog‘un qurilishi uchun xalqaro hamkorlar bilan 812 million dollarlik shartnomalarni imzoladi

Rogun

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston hukumati Rog‘un GESi qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlar bilan umumiy qiymati 812 million dollarlik shartnomalarga imzo chekdi. Shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ning 462 million dollari kreditlar, 350 million dollari esa grantlar hisoblanadi. Barcha jalb qilingan kreditlar yuqori imtiyozli va uzoq muddatli bo‘lib, ular 25 yildan 30 yilgacha bo‘lgan muddatga berilgan. 

Loyihaning moliyalashtirilishi

2024-yilning so‘nggi oyida Jahon banki Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi Tojikistonga loyihani moliyalashtirishda yordam berish dasturining birinchi bosqichi doirasida 350 million AQSh dollari miqdoridagi grantini tasdiqlagan edi. Shuningdek, Tojikiston Respublikasi va Quvayt Arab iqtisodiyotini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida Rog‘un GESi loyihasini amalga oshirish uchun 16,7 million dollar miqdorida kredit shartnomasi imzolagandi. Rog‘un GESi qurilishini yakunlash uchun Tojikistonga 6,29 milliard AQSH dollari kerak bo‘ladi. Moliyalashtirish loyiha daromadlari, ichki resurslar va rivojlanish hamkorlari hisobidan amalga oshiriladi. Rog‘un GESiga investitsiyalar 2,97 milliard AQSH dollari miqdorida grantlar va bir qator rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va investorlar, jumladan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya bankining grantlari va imtiyozli moliyalashtirishlarini jalb qiladi.

Tojikistonning energetika mustaqilligiga erishi

Rog‘un GESi Tojikiston uchun o‘ta muhim obyekt hisoblanadi va mazkur gidroinshoot to‘la ishga tushganidan keyin hukumatning uchta strategik maqsadlaridan biri bo‘lmish uzoq kutilgan energetika mustaqilligiga erishiladi. Rog‘un Tojikistondagi eng qimmat loyihalardan biri hisoblanadi. Har yili Rog‘un GESi aksiyalari aholiga sotilishi va 500 million dollarlik yevrobondlarning xorijiy tashkilotlarga sotilishi hisobidan millionlab somoni sarflanadi. Shuningdek, mamlakat byudjetidan ham moliyaviy mablag‘lar beriladi. Moliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, birgina 2019-yilda davlat byudjetidan bu maqsadlar uchun 2 mlrd 100 mln. somoni yoki salkam 222 mln. dollar ajratilgan. Rog‘un GESida 6 ta agregat bo‘ladi va ular ekspluatatsiyaga tushirilganidan keyin bir yilda 17 mlrd. kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Rasmiylarning fikricha, bu nafaqat Tojikistonni arzon elektroenergiya bilan ta’minlaydi, balki qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonga elektroenergiya eksport qilish imkonini beradi. Vaxsh daryosidagi 335 metr balandlikda qurilayotgan Rog‘un GES dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on hisoblanadi. 

Ma’lumot uchun, Rog‘un GES loyihasi sovetlar davridayoq ishlab chiqilgan va qurilish boshlangan edi, ammo fuqarolar urushi va daryoning quyi oqimidagi davlatlarning qarshiligi bilan Tojikiston hukumati GES qurilishini 2016-yilga kelibgina qayta tiklashga muvaffaq bo‘ladi. Tojikistonning Rog‘un GESi qurilishiga O‘zbekistonning avvalgi rahbariyati, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ham qarshi chiqqan edi: o‘shanda Toshkent zilzila yuz berigidek bo‘lsa, GES to‘g‘oni buzilish xavfi mavjudligidan tashvish bildirgan. Biroq Dushanbe mamlakatida Rog‘un singari GESlar mavjudligini, ular bir necha o‘n yildan beri seysmik barqaror ekanligini namoyon etib kelayotganini aytib kelgan.g

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot