$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Qog‘ozdagi qonunlar qachon haqiqatga ko‘chadi?

Xodim ish vaqti

Davlat tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarni ish vaqtidan tashqari olib qolish O‘zbekistonda odat tusiga kirib qolgan. Ayniqsa hokimlik, bank, soliq tizimida ishlaydiganlarni yarim kechagacha ishda ushlab, yana saharda majlisga chaqirish an’anaga aylangan. Aslida, bu qonunchiligimizga mutlaqo zid harakat sanaladi.

Xodimlarning arz-u dodini kim tinglaydi?

“Ogoh.uz” nashri bu mazmundagi murojaatlarni atroflicha o‘rganib chiqdi. Mana shunday tashkilotda ishlovchi bir fuqaroning aytishicha, ular ishda shunchaki o‘tirishadi. Chunki rahbarning bemahal chaqirib qolishidan qo‘rqishadi.

“Rahbarlar ketmagunicha ishdan keta olmaymiz, ular ertalab soat 11 da ishga kelishi mumkin, chunki kech ketadi. Ammo biz ertalab sota 9 dan bir daqiqa ham kechikmay ishda bo‘lishimiz kerak. Ish esa asosan tushdan keyin qaynaydi. Kechki 6 da ish vaqti tugashi mumkin, biroq rahbarlarimiz nimadir so‘rab qoladi degan hadik bilan ishda bo‘lib turamiz. Ba’zi kunlari kechasi soat tungi 11 gacha o‘tirishimiz mumkin, biroq hech ish qilmaymiz. Shu yerda bo‘lib tursak bo‘lgani. Bolalarimni faqat uxlaganini ko‘raman xolos”, deydi u.

Bizda ish vaqti chegaralanmagan

Yana bir davlat tashkiloti, hokimlik tizimida ishlovchi xodimning so‘zlariga ko‘ra, ularning ish vaqti mutlaqo chegaralanmagan. Tungi soat 2 mi yoki tonggi 6, umuman farqi yo‘q.

“Ba’zan ishxonaning o‘zida tunab qolishga ham majburman. Rahbar kechasi to‘satdan nimanidir buyurib qolsa shoshib qolmaslik uchun yarim tungacha ishdan ketmayman. Kattaroq tadbirlar bo‘lgan kunni gapirmasa ham bo‘ladi. Hattoki ikki sutkalab miji qoqmay ishlayman. Xotinimga oxirgi marta qachon e’tibor qaratganimni, bolalarga biron soati vaqt ajratganimni eslay olmayman”, deydi u.

O‘z haqqini talab qilsa nima bo‘ladi?

Odatda, bunday tashkilotlarda asosan erkaklar ishlashadi. Tabiiyki, bunday sharoitda ishlash uchun kamdan-kam ayol rozi bo‘lishi mumkin. Xodimlarning ishdan orta olmay qolishi ko‘p hollarda oilaviy munosabatlarning darz ketishiga sabab bo‘ladi. Afsuski, ishchilar rahbariyatdan o‘z haqlarini talab qilsa, ularga to‘g‘rilikcha eshikni ko‘rsatib yuborishadi.

Ko‘nmasak, ishdan bo‘shatib yuborishadi

“Turmush qurganimizga 14 yil bo‘ldi. Ikki farzandimiz bor. Erim Xudoning bergan kuni ishdan kech qaytadi. U vaqtda men ham, bolalar ham uxlab qolishadi. Odatda, xo‘roz bomdodga qichqirmay, turmush o‘rtog‘im majlisga ketib qoladi. Bu hol tez-tez takrorlanaverganidan ko‘nikib ham qolganman. So‘nggi yillarda o‘rtamizdagi er-xotinlik munosabatlari ham yomonlashgan. Chunki turmush o‘rtog‘imning shaxsiy hayotga vaqti yo‘q. Nima qilaylik, talablarga bo‘yin egmasa, erimni ishdan bo‘shatib yuborishadi “, deydi soliq tashkilotida ishlovchi xodimning ayoli.

Qonun qonunni bilganga ishlaydimi?

Qonunchilikka ko‘ra, Mehnat kodeksining 182-moddasida xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan oshmasligi belgilab qo‘yilgan.

Davlat tashkilotlarida xodimni ishdan keyin ham majburan olib o‘tirish inson huquqlarining buzilishi deb baholanadi. Xodimlarning rogziligisiz biron-bir tashkilot xodimlarini ishdan tashqari yana ishlatish huquqiga ega emas.

Qonunlar qog‘ozdagina qolib ketishi kerak emas

Aslida, qonunlar barcha uchun teng amal qilishi kerak — xoh davlat tashkiloti bo‘lsin, xoh xususiy sektor.

Davlat tashkilotlarida xodimlarning huquqlarini himoya qilish juda muhim, chunki qonunlar faqat qog‘ozda qolib ketmasligi kerak. Bu borada huquqiy himoya va shikoyat mexanizmlarining mavjudligi xodimlarga o‘z huquqlarini talab qilish imkoniyatini beradi. Kasaba uyushmalarining roli ham muhim, chunki ular orqali xodimlar adolatli ish sharoitlarini ta’minlash uchun kurashishlari mumkin. Ammo, afsuski, xodimlar o‘z haqlarini talab qilishdan qo‘rqib yashashda davom etar ekan, ish beruvchilar qonunni buzishdan to‘xtamasligi ham bor gap.